20-21-sentyabr kunlari Namangan viloyatining “Sharshara” va “Ozod” mahalla fuqarolar yig‘inlarida xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy hayotda to‘laqonli ishtirokini ta’minlash, oiladagi maishiy zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha keng qamrovli monitoring tadbirlari amalga oshirildi.
Monitoring O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha milliy ta’lim dasturi hamda davlat rahbarining 2022-yil 12-maydagi “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75-yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq tashkil etildi.
Ayni tadbir Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi qabul qilinganligining 45-yilligini nishonlashga bag‘ishlangan chora-tadbirlar dasturi doirasida amalga oshirildi. Unda mamlakatimizda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularni maishiy zo‘ravonlikka qarshi kurashda huquqiy himoya va yordam olish imkoniyatlarini baholash masalalariga katta e’tibor qaratildi.
Mazkur monitoring xotin-qizlarning jamiyat va oiladagi huquqlarini himoya qilishga oid muhim masalalarni aniqlashga yo‘naltirilgan. Bundan maqsad – xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga qarshi kurashda xalqaro me’yorlarga asoslangan Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya (CEDAW) talablarining bajarilishi ustidan nazoratni mustahkamlashdir.
Monitoringning asosiy vazifalaridan biri xotin-qizlarga nisbatan maishiy zo‘ravonlik, gender tenglik va ularning iqtisodiy va ijtimoiy huquqlari bilan bog‘liq mavjud muammolarni aniqlash hamda bu masalalarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdan iborat.
Tadbir doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari hamkorlikda keng qamrovli so‘rov va tadqiqotlar o‘tkazdi. Monitoring davomida, ayniqsa, maishiy zo‘ravonlikka duch kelayotgan yoki huquqlari cheklangan ayollarning hayotiy sharoitlari va muammolari o‘rganildi.
Ma’lumot uchun: Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya (CEDAW) – BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1979-yilda qabul qilingan xalqaro-huquqiy hujjatdir. O‘zbekiston mazkur Konvensiyani 1995-yilda ratifikatsiya qilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 24.09.2024
- Ko'rishlar: 790
- Chop etish