28-sentyabr – Axborotdan erkin foydalanish xalqaro kuni
Dunyo mamlakatlarida aholining axborotga bo‘lgan huquqlari qanchalik ta’minlanganini nazorat qilish vazifasi BMT Bosh Assambleyasi tomonidan YUNESKO zimmasiga yuklangan. Shuning uchun 28-sentyabr – Axborotdan erkin foydalanish xalqaro kuni dastavval YUNESKOning 2015-yildagi rezolyutsiyasi asosida e’lon qilingan bo‘lsa, 2019-yilda BMT Bosh Assambleyasi uni xalqaro sanalar taqvimiga kiritgan.
BMTning 2030-yilgacha mo‘ljallangan Barqaror taraqqiyot maqsadlari tamoyillaridan kelib chiqqan holda, YUNISEF keng jamoatchilikning axborotdan erkin foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi muhimligiga alohida e’tibor qaratmoqda. Zero, axborot erkinligi – demokratiyaning hal qiluvchi tayanchlaridan biridir.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 19-moddasiga muvofiq, “Har bir inson e’tiqod erkinligi va uni erkin ifoda qilish huquqiga ega; bu huquq hech bir to‘siqsiz o‘z e’tiqodiga amal qilish erkinligini hamda axborot va g‘oyalarni har qanday vosita bilan, davlat chegaralaridan qat’i nazar, izlash, olish va tarqatish erkinligini o‘z ichiga oladi”.
Axborot erkinligi – insonning asosiy huquqi. U erkinlikning Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘z himoyasiga olgan barcha turlari uchun mezon sanaladi.
Ommaviy axborot vositalarining tinchlik va xalqaro hamjihatlikni mustahkamlash, inson huquqlarini rivojlantirish va irqchilik hamda aparteid va urushga gijgijlashga qarshi kurashdagi hissasiga oid asosiy prinsiplar to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 2-moddasida qayd etilganidek, “inson huquqlari va asosiy erkinliklarining tarkibiy qismi sifatida e’tirof etiladigan fikr, uni ifodalash va axborot erkinligini amalga oshirish tinchlik va xalqaro hamjihatlikni mustahkamlashning muhim omilidir”.
Xalqimiz 2023-yil 30-aprelda ovoz bergan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fikr, axborot va matbuot erkinligini ta’minlashga qaratilgan normalar soni ortdi va konstitutsiyaviy kafolatlar yanada mustahkamlandi. Bu ham axborot erkinligi taqozosidir. Binobarin, “Shohsen – ogohsen, ogohsen – shohsen”, deydi donishlar.
Ommaviy axborot vositalari butun dunyoda “to‘rtinchi hokimiyat” deya ta’riflanishi bejiz emas. Nega deganda, axborot – hokimiyat, kuch-qudrat, salohiyatdir. Har bir shaxs axborotdan erkin xabardor bo‘lishining ta’minlanishi, o‘z navbatida, ochiq va barkamol, inklyuziv va ma’rifiy jamiyat barpo etishning tamal toshi bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qayerdaki ommaviy axborot vositalari ochiqligi haqida gap ketsa, soha vakillarini faol bo‘lishga da’vat etadi, doim axborot erkinligini qo‘llab-quvvatlashini, jurnalistlar haq-huquqlari himoya qilinishini ta’kidlaydi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlashning yangi tizimi joriy etildi. Natijada keyingi davrda ko‘plab vazirlik va idoralarda axborot xizmatlari zamon talablari asosida qaytadan, barcha tuman va shahar hokimliklarida esa birinchi marta tashkil etildi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, Axborotdan erkin foydalanish xalqaro kuni 2016-yildan buyon ko‘plab mamlakatlar qatori O‘zbekistonda ham nishonlanadi. Shu munosabat bilan ayni sana arafasida dunyoning turli davlatlarida axborot olish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha erishilgan natijalar atroflicha tahlil qilinadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 27-iyun kuni Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan tabrigida ta’kidlaganidek, “Bugungi kunda matbuot ishi, jurnalistlar faoliyati nafaqat “to‘rtinchi hokimiyat”, balki mudofaa, xavfsizlik kabi hal qiluvchi sohaga aylanib bormoqda”. Bu haqda so‘z borganda, davlat rahbarining 2023 yilgi tabrigida qayd etilgan mana bu dalil va raqamlarni keltirish maqsadga muvofiq:
- Hozirgi kunda yurtimizda 2 ming 140 ta yoki 2016-yilga nisbatan 626 ta ko‘p ommaviy axborot vositasi faoliyat yuritmoqda. Ularning 65 foizi nodavlat media vositalari ekani sohada tarkibiy o‘zgarishlar izchil amalga oshirilayotganidan dalolat beradi.
- An’anaviy nashrlar bilan birga internet-nashrlar ham jadal rivojlanib, ularning soni 745 taga yetgani va o‘quvchilar ommasini tobora ko‘proq o‘ziga jalb etayotganini qayd etish lozim.
- Davlat idoralari va mahalliy hokimliklar tarkibida axborot xizmatlari yo‘lga qo‘yilgani xalq bilan muloqotni kuchaytirishga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligini ta’minlash, ularning ochiqlik borasidagi samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash hamda ilg‘or xalqaro standartlar asosida baholash tizimi joriy etildi.
- Mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xalqaro axborot makoniga ham dadil kirib bormoqda. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda bir qator xususiy telestudiyalarning ko‘rsatuvlari jahonning 100 dan ortiq davlatlariga uzatilmoqda. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi o‘z xabarlarini 10 ta xorijiy tilda tarqatmoqda.
- So‘nggi yillarda respublika nashriyotlari tomonidan 132 million nusxa badiiy kitob va boshqa adabiyotlar chop etilgani kitobsevar xalqimiz, avvalambor, yoshlarimizning ongu tafakkurini yuksaltirishda muhim rol o‘ynashi shubhasiz.
- Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ushbu soha uchun uch yil muddatga daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlar berilgani ularning iqtisodiy holatini barqarorlashtirishda katta madad bo‘lmoqda.
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Buxoro davlat universiteti kabi ta’lim muassasalarida jurnalistika yo‘nalishi bo‘yicha yuzlab mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Ushbu oliy ta’lim dargohlarida talaba yoshlarimiz bosma ommaviy axborot vositalari va noshirlik ishi, audiovizual jurnalistika, internet jurnalistikasi va menejmenti, media nazariyasi va amaliyoti, harbiy va sport jurnalistikasi, raqamli media, xalqaro munosabatlar singari yigirmadan ziyod ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali professor-o‘qituvchilardan mahorat sirlarini o‘rganmoqda.
Demokratik matbuotning asosiy sharti va talabi xolislik, haqqoniylik, milliy manfaatlarga sodiqlikdir. Shu jihatdan, axborotni erkin olish huquqi – ham qonuniy, ham insoniy jihatdan dolzarb masala.
Ammo ushbu jarayonda yana bir muhim jihat – axborot olish va tarqatishdagi zarur sharoitlarni yaratib berish talabi borligini unutmasligimiz kerak. Bu o‘rinda raqamli boshqaruv va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan, jumladan, turli ovozli robotlar, yozma chatlarda javob beradigan hozirjavob mashinalar va boshqa innovatsion texnologiyalardan keng foydalanish masalasi ko‘zda tutilmoqda.
Bunday texnologiyalar axborotning qog‘ozdan audioga, audiodan videoga aylanib yurishi singari raqamli jarayonlarni ta’minlab beradi. Ya’ni iste’molchi axborotni istalgan shaklda olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bularning barchasi, o‘z navbatida, jamiyatimizdagi imkoniyati cheklangan insonlarning ham to‘liq axborot olishiga yo‘l ochadi. Eng asosiy masala: insonlarning axborotga bo‘lgan huquqini ta’minlashda davlat tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar, umuman, barcha axborotlar shunday oson shaklda yetkazilishi kerakki, uni topishda qiyinchilik bo‘lmasin.
Hozirgi vaqtda axborot va matbuot erkinligi, fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishi, davlat idoralari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligi Yangi O‘zbekistonning sifat ko‘rsatkichlaridan biriga aylanib bormoqda. Bu, bir tomondan, mamlakatimizda so‘z erkinligini to‘la ta’minlashga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, ommaviy axborot vositalaridan ijtimoiy mas’uliyatni teran anglashni ham taqozo etadi.
Muxtasar aytganda, axborot resurslari va axborot tizimlaridan foydalanish sohasidagi munosabatlar jadal taraqqiy etib hamda tobora globallashib borayotgan yangi davrda axborot erkinligi imkoniyatlaridan foydalanishning o‘ziga yarasha ijtimoiy yuki ham borligini unutmaslik darkor. Zotan, har qanday erkinlik, agar uni suiiste’mol qilinmasa, pirovardida tom ma’noda tinchlik va farovonlik, barqarorlik va taraqqiyot, hamkorlik va hamjihatlik omiliga aylanadi.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 27.09.2024
- Ko'rishlar: 727
- Chop etish