“Ta’limda, ma’rifatda orqada qolganlar – hech shubhasiz, taraqqiyotda ham orqada qoladi. Albatta, bunday uyg‘unlikka erishish oson emas. Buning uchun katta-katta mablag‘lardan tashqari ulkan insoniy resurs, bilim va tajriba, kadrlar salohiyati, eng muhimi, o‘qituvchilarning vatanparvarlik fazilatlari talab etiladi”. Bu fikrlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning 30-sentyabr kuni ta’lim-tarbiya sohasi vakillari bilan muloqotida ta’kidlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda ayni mavzu muhokamalar markazida bo‘ldi. Bayram tadbirini Milliy markaz direktori Akmal Saidov boshqardi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda ta’lim tizimiga qaratilayotgan yuksak e’tibor yaxshi samaralar bermoqda. O‘quv muassasalarida zarur zamonaviy sharoitlar yaratilib, xorij tajribasi keng joriy etilmoqda. Soha xodimlarini ijtimoiy himoya qilishga katta ahamiyat qaratilmoqda.
Bu haqda so‘z borganda, Prezidentimizning “O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, ko‘plab soha fidoyilari davlatimizning orden va medallari bilan taqdirlanganini qayd etish lozim. Shu kunlarda joylarda davlat mukofotlarini o‘z egalariga tantanali topshirish marosimlari bo‘lib o‘tmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatida ham ta’lim-ma’rifat va ilm-fan yo‘nalishlari alohida ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, Inson huquqlari sohasidagi ta’lim milliy dasturi negizida hududlarda tizimli o‘quv mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yilgan. Davlat va nodavlat tashkilotlar, turli muassasalar va ta’lim dargohlari kutubxonalariga inson huquqlariga oid yangi adabiyotlarni beg‘araz yetkazib berish jarayoni izchil davom ettirilmoqda.
Tadbirda Milliy markazda fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh xodimlarga tashakkurnomalar taqdim etildi.
Shuningdek, Milliy markazda uzoq yillar ishlagan mehnat faxriylari, nafaqadagi ustozlar holidan xabar olindi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 30.09.2024
- Ko'rishlar: 726
- Chop etish