PEKIN, 11-oktabr. /"Dunyo" AA/. Xitoyning "Kitay" jurnalida O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz direktori, akademik Akmal Saidovning "Yangi O'zbekiston: demokratik islohotlar va inson huquqlari" sarlavhali maqolasi e'lon qilindi, deb xabar beryapti "Dunyo" AA muxbiri.
"Zamonaviy iqtisodiy tizim ham zamonaviy demokratik tizim kabi har bir insonning huquq va erkinliklarini hurmat qilishni ta'minlashga qaratilgan, – deb yozgan muallif. – Bizga ma'lumki, dunyoda demokratik taraqqiyotning yagona yo'li yo'q, bu jarayon har bir mamlakat sharoiti va xalqning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilishi hamda shablonli yondashuvdan qochish kerak".
Bir yil muqaddam O'zbekiston tarixida birinchi marta umumxalq referendumida mamlakatning yangilangan Konstitutsiyasi qabul qilindi va bu Yangi O'zbekiston qurilishining konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlashga xizmat qildi. Konstitutsiyaviy o'zgarishlarning asosiy qismi har bir insonning huquq va manfaatlariga daxldor bo'lib, ularni amalga oshirish kafolatlarini sezilarli darajada mustahkamladi.
"Yangilangan Konstitutsiya asosida ko'plab qonunlarga o'zgartish va qo'shimchalar kiritilmoqda, yangi qonunlar qabul qilinmoqda. O'zgartirishlar davlat hokimiyatini tashkil etish, hokimiyatning qonun chiqaruvchi tarmog'i va boshqa davlat organlarini, xususan, Markaziy saylov komissiyasini shakllantirish tamoyillariga ham ta'sir ko'rsatdi", – qayd etilgan nashrda.
Maqolada O'zbekistonda 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish har bir inson huquq va erkinliklarini ta'minlash maqsadida BMTning "Hech kimni ortda qoldirmaslik" asosiy tamoyiliga muvofiq izchil amalga oshirilayotgani urg'ulangan.
Materialda, shuningdek, saylovlar demokratiya yo'lidagi eng muhim mezonlardan biri ekanligi qayd etilgan.
Nashrda ta'kidlanganidek, 2023-yilda bo'lib o'tgan muddatidan ilgari O'zbekiston Prezident saylovi jamiyatning siyosiy yetukligini, Yangi O'zbekistonni barpo etish yo'lida amalga oshirilayotgan islohotlarni qo'llab-quvvatlaganini yana bir bor namoyon etdi.
"Navbatdagi bosqich yangilangan Konstitutsiya asosida katta vakolatlarga ega bo'lgan parlamentga saylovlardir. Konstitutsiyaga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi parlament saylovini 27-oktabrda o'tkazish to'g'risida qaror qabul qildi",– deyiladi maqolada.
Jurnalda, shuningdek, bo'lajak saylovlar O'zbekiston Konstitutsiyasida belgilangan mutlaqo yangi ijtimoiy-siyosiy sharoitda o'tayotgani ma'lum qilingan.
Maqola yakunida, "Bo'lajak saylovlar O'zbekistonda demokratik davlatchilik namunasidir, ular fuqarolarning saylash va saylanish bo'yicha konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishda, davlat organlarini milliy qonunchilikka va xalqaro saylov standartlariga to'la rioya qilgan holda shakllantirishda ishtirok etishda muhim ahamiyatga ega", – deb yozgan "Kitay" jurnali.
- Qo'shildi: 11.10.2024
- Ko'rishlar: 595
- Chop etish