Toshkentda o‘tkazilgan “Saylovlar demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va yangilangan Konstitutsiyani amalda tatbiq etishning yangi bosqichi sifatida” mavzusida ekspertlar muhokamasi qizg‘in fikr-munozaralarga boy bo‘ldi.
Mazkur tadbir ishtirokchisi, Litvaning Turiba universiteti professori Raymundas Kolesnikas O‘zbekistondagi saylov tizimidagi yangiliklarni diqqat bilan kuzatayotganini qayd etdi.
– Avvalo, mazkur xalqaro tadbirda ishtirok etayotganimdan xursandman. Ma’lumki, har bir islohot yutuqlari siyosiy irodaga bog‘liq. Ushbu haftalikka taklif etilgan xalqaro ekspertlar mamlakatingizda islohotlar qanday kechayotgani va unda ilg‘or tajribalarning tatbiq etilayotganiga guvoh bo‘ldik. Ochig‘ini aytish kerak, biz bundan hayratdamiz, chunki konstitutsiyaviy islohot va saylov islohotiga oid barcha jarayonlar xalqaro standartlarga muvofiq amalga oshirilmoqda.
Ushbu islohotlarda uchta yo‘nalish juda muhim hisoblanadi. Ya’ni, islohotlarning muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun inson huquqlari, qonun va demokratik tamoyillar qanday inobatga olinishidir. Albatta, bu jarayon uchun uzoq muddat zarur bo‘ladi. 10 yildan keyin esa mamlakat tashlagan qadamlar xalqaro miqyosda juda yaxshi baholanadi.
Qonun ustuvorligi va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro indeks mavjud. Ushbu indekslar bo‘yicha ham O‘zbekiston tezkor amaliy ishlarni olib bordi. Bu natijalar xalqaro hamjamiyat oldida mamlakatning ushbu yo‘nalishda juda yaxshi harakat qilayotganining ko‘rsatkichidir.
Har bir islohotning ham salbiy, ham ijobiy tomonlari bor. Lekin biz mutaxassis sifatida bu xatolarga yo‘l qo‘ymaslik uchun o‘z tajribamiz bilan o‘rtoqlashamiz. Bugungi tadbir esa fikrimning isbotidir.
O‘zbekistondagi islohotlar ijobiy baholanayotganini alohida ta’kidlashim lozim. Chunki bugungi kundagi ochiqlik va shaffoflik yaqqol sezilmoqda. Buni biz ham his qildik. Yangilangan Konstitutsiyada bayon etilgan tamoyillar esa hayotga tatbiq etilmoqda, – dedi Raymundas Kolesnikas.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.
- Qo'shildi: 18.10.2024
- Ko'rishlar: 903
- Chop etish