21 oktyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida shu mavzuda sayyor o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi. Tadbirda Toshkent davlat yuridik universitetining bakalavr bosqichida tahsil olayotgan 90 nafar tinglovchi ishtirok etdi.
Tinglovchilar Milliy markazning inson huquq va erkinliklari, qadr-qimmatini himoya qilish borasida olib borayotgan faoliyati hamda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarning bajarilishi holati bilan yaqindan tanishtirildi.
Mashg‘ulot davomida inson huquqlarini muhofaza etish va hurmat qilish milliy qonunchiliqda qanday aks ettirilganligi haqida ma’lumot berildi. Jumladan, milliy qonunchilik va huquqiy amaliyotni inson huquqlari sohasidagi umume’tirof etilgan xalqaro standartlarni, BMT ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalarining tavsiyalarini hisobga olgan holda takomillashtirish, jamiyatda inson huquqlari madaniyatini qaror toptirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar davom etayotganligi ta’kidlandi.
Shuningdek, Milliy markaz faoliyati, milliy ma’ruzalarni tayyorlash mexanizmlari, xorijiy ekspertlarning inson huquqlari bo‘yicha tavsiyalari va prokuratura organlari bilan hamkorlik to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etildi. O‘tgan yil davomida O‘zbekiston Respublikasi tomonidan 4 ta milliy ma’ruza BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalariga taqdim qilingani va 5 ta milliy harakatlar rejasining ijrosi bo‘yicha monitoring o‘tkazilgani qayd etildi.
Tinglovchilar O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari, ularning bajarilishi va milliy ma’ruzalar tayyorlash bo‘yicha asosiy vazifalarni ham o‘rgandilar. Shu tariqa inson huquqlari bo‘yicha mutaxassislar ishtirokidagi mahorat darsida talaba-yoshlarga qonunchilik va huquqiy amaliyot borasida atroflicha bilim olish imkoni yaratildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 22.10.2024
- Ko'rishlar: 889
- Chop etish