21-22-oktyabr kunlari Shveysariyaning Jeneva shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yevropa Iqtisodiy komissiyasi mintaqasida gender tenglika erishishni tezlashtirishga qaratilgan “Pekin+30” mintaqaviy sharhi bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. U BMTning Yevropa Iqtisodiy komissiyasi hamda “BMT-Ayollar” tuzilmasining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mintaqaviy byurosi tomonidan tashkil etildi.
Tadbir “Pekin konferensiyasining 30-yillik majburiyatlarini ko‘rib chiqish” mavzusiga bag‘ishlandi. Forum ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tengligi masalalari bo‘yicha qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator Gulnora Ma’rufova, Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Gulnora Rahimova, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mukarram Nurmatova, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratovadan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etdi.
O‘zaro muloqotlarda asosiy e’tibor BMT Yevropa Iqtisodiy komissiyasi mintaqasida gender tenglik va xotin-qizlarning huquqlarini kengaytirish bo‘yicha siyosiy masuliyatni kuchaytirish hamda Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi doirasida qabul qilingan majburiyatlarni amalga oshirishni tezlashtirish bo‘yicha ustuvor faoliyat yuzsidan mintaqaviy hamjihatlikka erishishga qaratildi. Tadbirda vazirlar, tegishli vazirlik va tashkilotlarning mas’ul shaxslari, BMT muassasalari, mintaqaviy tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari, yoshlar tashkilotlari, ilmiy doiralar, boshqa manfaatdor tomonlar vakillari, mustaqil ekspertlar qatnashdi.
Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasining BMT Yevropa Iqtisodiy komissiyasi mintaqasida so‘nggi besh yil ichida amalga oshirilishi bo‘yicha erishilgan yutuqlarga atroflicha baho berildi. Gender tenglik sohasidagi dolzarb muammolar va muvaffaqiyatli amaliyotlar tahlil etildi.
Ishtirokchilar ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishni jadallashtirish, qarorlar qabul qilishdagi ishtirokini oshirish va zo‘ravonlikka qarshi kurashish yo‘llari mavzularini muhokama qildilar. Turli sho‘balar ishi doirasida o‘zaro tajriba almashildi.
Yig‘ilishning yuqori darajadagi kengashlarida BMT Yevropa Iqtisodiy komissiyasi mintaqasida gender tenglik va ayollar huquqlarini kengaytirish bilan bog‘liq ustuvor vazifalar ko‘rib chiqildi. Jumladan:
- gender tenglikka erishish sur’atlari oshishining asosiy tendensiyalari;
- tinch, adolatli va inklyuziv jamiyatlarni barpo etish yo‘lida ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishni jadallashtirish;
- xotin-qizlarning rahbarlik lavozimlarida ishtirok etishi va qarorlar qabul qilishda ularning to‘liq va teng ishtirok etishiga erishish;
- xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka chek qo‘yish;
- gender tenglikni ta’minlash uchun mablag‘lar jalb qilish;
- gender tafovutga barham berish;
- BMT Yevropa Iqtisodiy komissiyasi mintaqasida Barqaror rivojlanish maqsdlariga erishish uchun samarali siyosat olib borish kabi dolzarb masalalar muhokamalar markazida bo‘ldi.
Muhimi, turli mamlakatlardan kelgan ishtirokchilar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashishi uchun imkoniyat yaratilgan ochiq muloqotlar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistonning gender tenglikka erishish, ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish hamda siyosat va qarorlar qabul qilishdagi vakolatlarini oshirish, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish borasidagi tajribasi xalqaro miqyosda qo‘llab-quvvatlandi. Mamlakatimizning gender tenglikni ta’minlash borasida erishgan natijalari ilg‘or tajriba sifatida e’tirof etildi.
Konferensiya doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolarining “BMT-Ayollar” tuzilmasining normativ jihatdan qo‘llab-quvvatlash, BMT tizimi va dasturlari natijalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha ijrochi direktori o‘rinbosari Nyaradzayi Gumbonzvanda xonim bilan qo‘shma uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Delegatsiyamiz a’zolari, shuningdek, “BMT-Ayollar” tuzilmasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Belen Sans Luke bilan ham uchrashdi.
Samimiy muloqotlarda “BMT-Ayollar” tuzilmasi martabali vakillari O‘zbekistonning Pekin deklaratsiyasi va Harakat dasturini amalga oshirish yo‘lida erishgan yutuqlarini olqishladi. O‘zbekiston hukumatini gender tenglikni ta’minlashda qat’iy qadamlar tashlashni davom ettirishga hamda ayollar huquqlarini ilgari surishda nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda ham yetakchilikni qo‘ldan bermaslikka chaqirdilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 23.10.2024
- Ko'rishlar: 616
- Chop etish