24-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik to‘qqizinchi yalpi majlisida “Xalqaro mehnat tashkilotining haq to‘lanadigan ta’tillar to‘g‘risidagi 132-sonli Konvensiyasini (1970 yilda qayta ko‘rib chiqilgan) (Jeneva, 1970-yil 24 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi. Bu so‘nggi yillarda O‘zbekistonning Xalqaro mehnat tashkiloti bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari yanada kengayib, sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganining yana bir amaliy tasdig‘idir.
Konvensiyada mehnat munosabatlarida xodimlarning mehnat faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq huquqlari, shu jumladan, dam olish va haq to‘lanadigan ta’tillardan foydalanish huquqlarini ta’minlash choralarini yanada kuchaytirish kabi masalalar nazarda tutilgan. Konvensiya barcha sohalarda ishlaydigan xodimlarga dam olish va ishlash qobiliyatini qayta tiklash uchun ish o‘rni (lavozimi) hamda o‘rtacha ish haqi saqlab qolingan holda har ish yili uchun beriladigan ta’tillarni ta’minlashga zamin yaratadi.
Shu kunga qadar ushbu Konvensiya 38 ta davlat tomonidan ratifikatsiya qilingan. Konvensiyaning qabul qilinishi kelgusida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan munosabatlarda O‘zbekistonning ijobiy imijini yanada yuksaltirishga hamda xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yuqori pog‘onalarga ko‘tarishga imkon yaratadi.
Senatorlar ma’qullagan qonun, shuningdek, barcha sohalarda ishlovchi xodimlarning dam olish va haq to‘lanadigan ta’tillardan foydalanish huquqlarini ta’minlash bo‘yicha xalqaro standartlarni amaliyotga samarali joriy etishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati ma’lmum qilganidek, Senatning ellik to‘qqizinchi yalpi majlisida jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 15 ta masala, shu jumladan, 14 ta qonun ko‘rib chiqilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 25.10.2024
- Ko'rishlar: 921
- Chop etish