Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar qanday ko‘rib chiqilmoqda?
Bu haqda markaz axborot xizmati rahbari G‘ulom Mirzayev ma’lumot berdi:
– Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 40-moddasi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun talablari va O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 10 dekabrdagi qarori bilan berilgan vakolatlar doirasida Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash yo‘lga qo‘yilgan.
2024 yilning 10 oyida markazga jami 1 ming 256 murojaat kelib tushdi. Bu murojaatlarning 1 ming 222 tasi taalluqliligi bo‘yicha tegishli idoralarga ko‘rib chiqish uchun yuborildi.
Murojaatlarning 455 tasi, ya’ni 37,2 foizi fuqarolardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul jarayonida, 767 tasi aloqa vositalari, asosan pochta aloqa tarmog‘i orqali olingan.
Shuningdek, Prezident Virtual qabulxonasi orqali – 16 ta, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi orqali – 2 ta va Milliy markazning Virtual qabulxonasiga 152 murojaat kelib tushdi.
Hududlar kesimida taqqoslaganda, eng ko‘p murojaatlar – Toshkent shahri (29,4%), Qashqadaryo viloyati (16,6%), Toshkent viloyati (16,4%) aholisidan kelib tushdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Xorazm, Sirdaryo, Jizzax va Andijon viloyatlari aholisidan kelayotgan murojaatlar soni esa kamaydi.
Monitoring natijalari murojaatlarning aksariyati odil sudlovni amalga oshirish, sud qarorlaridan, dastlabki tergov harakatlari hamda ularni olib borgan mas’ul shaxslarning, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati idoralarining qarorlaridan norozilik, yer ajratish, shaxsiy mulkka va uy-joyga bo‘lgan huquqlarga doir ekanini ko‘rsatdi.
Milliy markaz tomonidan turli davlat idoralari va huquqni muhofaza qilish organlariga joriy yil 10 oyi davomida yuborilgan 380 dan ortiq tavsiyaning ko‘rib chiqilishi natijasida 26 murojaat yuzasidan fuqarolarning huquqlari tiklandi. 46 holatda fuqarolarga huquqlari tiklanishida va qonuniy manfaatlari amalga oshishida ko‘maklashildi. 188 holatda fuqarolarga qonunchilik hujjatlari talablari bo‘yicha tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi. Natijada bir nafar fuqaro oqlandi, bir nafari qamoqdan ozod etildi va jazosi yengillashtirildi.
Shuningdek, noqonuniy ishdan bo‘shatilgan 4 nafar shaxs o‘z ishiga tiklandi, 2 nafar shaxsning 12 million so‘mdan ortiq ish haqi undirilishi ta’minlandi. 2 nafar shaxsning 15 million so‘mga yaqin aliment qarzdorligi, bir nafar pensionerning 1,2 million so‘m pensiyasi, bir nafar shaxsga 744,5 million so‘m kompensatsiya pullari undirib berildi. Bir nafar mansabdor shaxs intizomiy, ikki nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi.
E’tiborli tomoni shundaki, bir insonning buzilgan huquqini tiklash uchun bir necha yillar talab etilmoqda. Ya’ni, markaz tomonidan ko‘rib chiqilgan ayrim murojaatlar bo‘yicha unda ko‘tarilgan masalani qonuniy hal qilish vakolatiga ega bo‘lgan davlat organiga kiritilgan tavsiya va xulosalar yuzasidan bir necha yillardan so‘ng ijobiy qarorlar qabul qilinmoqda.
Shu bilan birga, markaz kiritgan tavsiyalarga binoan fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari ham tiklanmoqda. Bu jarayonda bir qancha holatlarda murojaat egalariga 800 million so‘mga yaqin moddiy zarar undirib berildi.
Fuqarolarga “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun mazmun-mohiyatini tushuntirish borasida joylarda ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda. Xususan, yaqinda Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida va Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida shunday huquqiy-ma’rifiy uchrashuvlar tashkil etildi.
N.Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 13.11.2024
- Ko'rishlar: 759
- Chop etish