Poytaxtimizda bir guruh hamyurtlarimiz “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirga turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari va diniy konfessiya vakillari, milliy madaniy markazlar faollari, yurtimizda millatlararo do‘stlik va diniy bag‘rikenglik rishtalarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgan hamyurtlarimiz hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari taklif etildi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev mamlakatimizda bo‘lib o‘tayotgan “Bag‘rikenglik haftaligi” jamiyatimizdagi tinchlik, do‘stlik, hamjihatlik muhitining yana bir amaliy ifodasi ekanini ta’kidlab, «Diniy bag‘rikenglik» ko‘krak nishonini o‘z egalariga topshirdi.
–Mamlakatimizda “Bag‘rikenglik haftaligi” juda baland ruhda bo‘lib o‘tmoqda, – dedi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Azamat Toshev. – Tinchlik, hamjihatlikni asrash, milliy totuvlik, konfessiyalararo bag‘rikenglik yo‘nalishida samarali mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz mehnatining bunday e’tirof etilishi ular uchun o‘ziga xos rag‘batdir.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 25 sentyabrdagi “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, ushbu ko‘krak-nishoni bilan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni targ‘ib etish, fuqarolarning e’tiqod erkinligini ta’minlash, dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash va ma’naviy muhit barqarorligini saqlashdagi ibratli ishlari uchun yetuk ulamolar, atoqli arboblar, diniy soha rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda xorijiy olimlar taqdirlanishi belgilangan.
Bu yil ham mamlakatimizda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizning katta guruhi ana shu ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Ular orasida olimlar, jamoat arboblari, huquqshunoslar, turli diniy tashkilotlar, milliy madaniy markazlar vakillari bor.
Tantanali tadbirda so‘zga chiqqanlar yurtimizda fuqarolarning vijdon erkinligi, din va millatlararo totuvlik ta’minlanayotgani, mazkur ko‘krak nishonining ta’sis etilgani millatlar va diniy konfessiyalar o‘rtasidagi ahillikni ta’minlash, tinchlikni ko‘z qorachig‘idek asrash yo‘lidagi yuksak e’tiborning yaqqol namunasi ekanini ta’kidladi.
–Davlatimiz rahbari tomonidan BMT minbaridan turib qator ilg‘or tashabbuslarning ilgari surilishi natijasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi, – dedi “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni sohibi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov. – BMT tarixida hali bunday rezolyutsiya qabul qilinmagan edi. Ayni damda hali biror bir davlat rahbari tomonidan bunchalik ko‘p ezgu tashabbuslar o‘rtaga tashlanmagan. Shu asosda o‘ndan ortiq hujjatlar qabul qilindi. Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan olib borilayotgan tinchlikparvar, insonparvar, bag‘rikenglik siyosatining amaliy namunasidir.
Tadbirda mukofotlanganlar bunday yuksak e’tibor ularni yanada ko‘proq samarali faoliyat ko‘rsatishga da’vat etishini qayd etdi.
N.Usmonova,
A.Mamadaminov (surat),
O‘zA
- Qo'shildi: 15.11.2024
- Ko'rishlar: 437
- Chop etish