16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni
YUNESKO Bosh konferensiyasining 1995 yil 16 noyabrdagi 28-sessiyasida qabul qilingan Bag‘rikenglik tamoyillari deklaratsiyasi dunyoda tinchlik va totuvlikni ta’minlash, inson huquqlari va erkinliklari ustuvorligini kafolatlash, teng huquqlilik hamda o‘zaro hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining qaroriga ko‘ra, 1997 yildan buyon mazkur hujjat qabul qilingan sana, 16 noyabr – har yili butun dunyoda “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” sifatida nishonlab kelinadi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad dunyo xalqlarini bag‘rikenglikka, tinchlikni asrab-avaylashga hamda ijtimoiy-iqtisodiy farovonlikka erishishga chorlashdir. Ushbu sanani O‘zbekistonda nishonlash ham yaxshi an’anaga aylangan. Ayni kunlarda yurtimizda Xalqaro bag‘rikenglik haftaligi bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston – ko‘p millatli mamlakat. Zero, shu aziz Vatan – barchamizniki. Bu zaminda asrlar mobaynida turli millat va elat vakillari qo‘lni-qo‘lga berib, yelkama-yelka yashab kelmoqda. Yurtimizda millatlararo totuvlik, dinlararo bag‘rikenglik muhiti hukmron.
Xalqimiz odamiylik, insonni qadrlash, mehr-oqibat, bag‘rikenglik kabi ezgu fazilatlarni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab, necha-necha avlodlarga bezavol yetkazib kelmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida izchil amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalq hayotini, dunyoqarashini, turmush tarzini o‘zgartirmoqda.
Jamiyatimizda “Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz” degan yuksak maqsad shakllantirilib, “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan yangi tamoyil kundalik faoliyatning asosiga aylandi. Bugungi kunda mamlakatimizda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi amalga oshirilmoqda.
Ushbu Strategiyada yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini eng oliy qadriyat etib belgilandi. Ta’kidlash kerakki, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi milliy rivojlanishning yangi bosqichini boshlab berdi. Endilikda jamiyatimiz hayoti va davlatimiz faoliyati “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tamoyil asosida tashkil etilmoqda.
Taraqqiyot strategiyasi doirasidagi yettita ustuvor yo‘nalishning har biri bo‘yicha amalga oshiriladigan eng muhim vazifalar inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini har tomonlama ta’minlashga, bir so‘z bilan aytganda, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarishga qaratilgan. O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, “Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz”.
Yana bir dasturiy hujjat – Prezidentimizning 2023 yil 11 sentyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha yuzta muhim maqsadni o‘z ichiga qamrab olgan. Xususan, barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olish, aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish, aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish, xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish, mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta’minlash Strategiyaning asosiy g‘oyalaridir.
Shu ma’noda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida O‘zbekistonning 7 yillik maqsadlari e’lon qilindi. Mamlakatimiz yaqin yillar ichida daromadi o‘rtachadan yuqori davlatlar qatoriga kirish, xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini yaratish, xalq xizmatidagi adolatli davlat barpo etish yo‘lidan dadil odimlamoqda.
O‘zbekiston ko‘plab xalqaro tashkilotlar va jahon davlatlari bilan keng ko‘lamli hamkorlikni amalga oshirmoqda. Shu tariqa yurtimiz hayotbaxsh islohotlar, demokratik o‘zgarishlar yo‘lida sobitqadamligi, mustaqil ichki va tashqi siyosati bilan dunyo xalqlarining hurmat-e’tiboriga sazovor bo‘lmoqda.
Bu haqda fikr yuritganda, O‘zbekistonning taraqqiyot, ma’rifat va bag‘rikenglikni mustahkamlash yo‘lidagi ilg‘or tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotganini ta’kidlash lozim. Bunga birgina misol: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti taklifiga ko‘ra, 2018 yil 12 dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 73-sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi mazkur nufuzli xalqaro tashkilotga a’zo 193 mamlakat tomonidan yakdillik bilan qabul qilindi.
O‘z navbatida, BMT Bosh Assambleyasining 2022 yil 11 iyuldagi 76-sessiyasida qabul qilingan «Markaziy va Janubiy Osiyoda o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash» nomli rezolyutsiyasi, ta’bir joiz bo‘lsa, O‘zbekiston Prezidentining mintaqalararo uzviy bog‘liqlik konsepsiyasini amalga oshirish yo‘lida qo‘yilgan olamshumul qadamdir. Bu zalvorli qadam, albatta, xalqaro hamjamiyat Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan ulkan birdamlik g‘oyasiga uzoqni ko‘ra bilish va to‘g‘ri prognoz qilish qobiliyatining hosilasi sifatida yuksak baho berganini anglatadi.
Eng muhimi, xalqaro huquq, huquqiy madaniyat va milliy qadriyatlar haqida gap borganda, avvalo, ko‘hna zaminimiz odamlari ko‘nglida ustuvor bo‘lgan adolat, haqiqat, iymon, olijanoblik, bag‘rikenglik, mardlik, tantilik kabi ulug‘ xislatlar Konstitutsiyamizdan munosib o‘rin olganini alohida e’tirof etish lozim. Zotan, Asosiy qonunimiz xalqimizning irodasini, ruhiyatini, ijtimoiy ongi va madaniyatini o‘zida yaqqol aks ettiradi.
Xalqimiz 2023 yilgi referendumda ovoz bergan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini, uning Muqaddimasida ta’kidlanganidek, jumladan, “fuqarolarning munosib hayot kechirishini, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni, ko‘p millatli jonajon O‘zbekistonimizning farovonligini va gullab-yashnashini ta’minlashni maqsad qilgan holda”, qabul qilgan.
Konstitutsiya – tarixda sinalgan umuminsoniy, umumbashariy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan hujjatdir. Chunki u Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining barcha asosiy g‘oya va qoidalarini o‘ziga singdirgan. Shu bois Asosiy qonunimiz umuminsoniy g‘oyalar – tenglik, erkinlik, birodarlik, xalqlar va millatlararo do‘stlik, mamlakat va dunyo barqarorligi kabi eng ulug‘ g‘oyalarga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, keyingi davrda har bir inson davlatimiz rahbarining “Hech kim hech qachon unutmasligi kerak: qanchalik qiyin bo‘lmasin, qancha mablag‘ va imkoniyat talab etilmasin, O‘zbekistonning bironta fuqarosi o‘z holiga tashlab qo‘yilmaydi”, degan qat’iy irodasi ijobatiga guvoh bo‘lmoqda. Hayotimizning barcha jabhalarida, odamlar qalbida, ongu shuurida namoyon bo‘layotgan mehr-oqibat, muruvvat, bag‘rikenglik kabi fazilatlar va yurtdoshlarimizning ertangi kunga yuksak ishonchi buni to‘la tasdiqlaydi.
G‘ulom MIRZO.
O‘zA
- Qo'shildi: 18.11.2024
- Ko'rishlar: 645
- Chop etish