Poytaxtimizda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oliy Majlisning Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani) va UNICEF tomonidan 20 noyabr – Butunjahon bolalar kuni munosabati bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda bolalarga alohida e’tibor qaratish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaraladi.
Shunga ko‘ra, UNICEF va hamkorlar bolalarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish o‘rniga muqobil adolatli sudlov variantlarini taklif qiladigan islohotlarni amalga oshirish hamda O‘zbekistonda ozodlikdan mahrum qilishni faqatgina so‘nggi chora sifatida qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar bildirdi.
O‘zbekistonda bolalar uchun jinoiy odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha xalqaro standartlarni joriy etish va targ‘ib qilish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
Jumladan, amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar doirasida mamlakatimizning Asosiy qonuniga bolaning huquq va manfaatlarini ta’minlash kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan yangi ilg‘or normalar kiritilgani, milliy qonunchilikni bola huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, hozirda O‘zbekistonda bolalarga kattalar bilan bir xil jazo turlari, jumladan, jarima, jamoat ishlari va hatto ozodlikdan mahrum etish ham qo‘llaniladi. Ko‘pgina mamlakatlar huquqbuzarlik va jinoyat sodir etgan bolalarga sudlov jarayonidan o‘tish o‘rniga o‘z hayotlarini tiklash va jamiyatga qayta integratsiya uchun imkoniyat berib, ularni qo‘llab-quvvatlaydi.
UNICEF sud jarayonlarida ishtirok etayotgan bolalar uchun – xoh jabrlanuvchi, xoh guvoh yoki jinoyatda ayblanuvchi sifatida bo‘lsin – kattalar uchun mo‘ljallangan tizimlar emas, balki ularning farovonligini himoya qiluvchi jinoiy adliya tizimlari zarur deb hisoblaydi.
BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi O‘zbekistonga hibsga olish o‘rniga maslahat, vositachilik va jamoat ishlari kabi choralarni joriy etishni tavsiya qilgan.
Davra suhbati ishtirokchilari qonun bilan ziddiyatda bo‘lgan bolalarga nisbatan jamoatchilik asosidagi chora-tadbirlarni O‘zbekiston milliy qonunchiligiga kiritish, bu islohotlarning samarali amalga oshirilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish bo‘yicha fikr almashdi.
Bolalarga qonun bilan ziddiyatli vaziyatlarda yoki ularning huquqlari buzilgan hollarda o‘zlarini xavfsiz his qilishlariga imkon beruvchi samarali, bolalarga do‘stona odil sudlov tizimini ilgari surish masalalari muhokama qilindi.
Gulnoza Boboyeva, Asliddin Alijonov (surat),O‘zA
- Qo'shildi: 21.11.2024
- Ko'rishlar: 666
- Chop etish