20-noyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Toshkent shahri Shayxontohur tumanida joylashgan inklyuziv ta’limga ixtisoslashgan 324-umumiy o‘rta ta’lim maktabida shu mavzuda huquqiy ma’rifat soati o‘tkazildi. Tadbir O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-maydagi “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75-yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2024-yil 17-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishi talablaridan kelib chiqildi.
Maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilari qatnashgan huquqiy ma’rifat darsida Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz xodimlari H.Mo‘minov, H.Abdurasulov, E.Saidov va Respublika tashxis markazining Inklyuziv ta’lim bo‘limi xodimi M.Toirova ma’ruza qildi. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidagi inson huquqlariga oid normalarning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga muvofiqligi va bugungi kunda inklyuziv ta’lim faoliyati yuzasidan ishtirokchilarga atroflicha ma’lumot berildi.
Tadbir yakunida maktab direktori I.Normamatov va direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari B.Yuldasheva o‘quvchi-yoshlar bilan muhim ma’rifiy-huquqiy muloqot tashkil etilganligi uchun ma’ruzachilarga samimiy minnatdorchilik bildirdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 21.11.2024
- Ko'rishlar: 696
- Chop etish