Yangi O‘zbekistonda so‘z, fikr va axborot erkinligini ta’minlashga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida katta e’tibor qaratilmoqda. Buning natijasida, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Kuyunchak va oliyjanob jurnalistlarimiz, faol blogerlarimiz o‘zlarining qat’iy pozitsiyasi, haqqoniy so‘zi bilan hayotimizdagi o‘tkir muammolarni hal etish, islohotlarimizning samarasini oshirish, yurtdoshlarimizning fikrini, dunyoqarashini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shmoqdalar”.
Insonlarga to‘g‘ri, xolis va ishonchli axborot yetkazish, ijtimoiy fikrni shakllantirish va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalari orasida televideniye alohida o‘rinni egallaydi.
Buni sayyoramizdagi eng nufuzli xalqaro tashkilot – Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham e’tirof etgan. BMTda 1996-yildan boshlab muntazam ravishda jahon televizion forumlari tashkil etiladi.
Birinchi jahon televizion forumi o‘tkazilgan sana 21-noyabr esa BMT Bosh Assambleyasining qarori bilan Butunjahon televideniye kuni deb e’lon qilingan. Ushbu xalqaro sana BMTga a’zo barcha davlatlarda, shu jumladan O‘zbekistonda ham har yili nishonlanadi.
Toshkent – televideniye vatani!
Televideniyeni ixtiro qilishga qaratilgan ilk ilmiy tadqiqotlar XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlangan. 1858-yilda italyan olimi J.Kozelli, 1878-yilda portugaliyalik tadqiqotchi A.Payva, 1880-yilda rus ixtirochisi P.Baxmetev, 1884-yilda nemis muhandisi P.Nipkov tasvirni masofaga uzatish bo‘yicha tadqiqotlar olib borgan va muayyan muvaffaqiyatlarga erishishgan. Shuningdek, 1887-1888-yillarda nemis olimi G.Gers nurning elektrga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’siri natijasida zarralarning tebranishini tajribadan o‘tkazgan.
Ammo bu olimlarning hech biri o‘z tajribalarini ilmiy asoslab bera olmagan. Faqat 1897-yilda nemis fizigi K.Braun nur tarqatuvchi elektron trubka – osselografni kashf etgan. Aynan ushbu kashfiyot rus olimi B.Rozing tomonidan 1911-yilda tasvirni uzatuvchi va qabul qiluvchi dastlabki telequrilma yaratilishiga asos bo‘lgan.
Mazkur ixtironi takomillashtirish talab etilar edi. Sababi uskunaning tasvir qabul qilish tomoni elektron usulga asoslangan bo‘lsa ham, tasvir tarqatuvchi tomoni hamon mexanik tarzda ishlar edi. Bu esa qurilmadan ommaviy miqyosda foydalanish imkonini bermasdi.
B.Rozing olib borgan tadqiqotlarni uning shogirdlari O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) olimlari B.Grabovskiy va I.Belyanskiy muvaffaqiyatli davom ettirib, 1928-yilda dunyodagi ilk elektron tasvir uzatish uskunasi “radiotelefot”ni ixtiro qilishgan. Uskunaning dastlabki sinov-tajribalari Toshkentda o‘tkazilgan. Shuning uchun ham poytaxtimiz Toshkent – televideniye vatani sifatida tan olinadi.
B.Grabovskiy va I.Belyanskiy tomonidan Toshkentda olingan televizion tasvirlar bugungi kungacha saqlanib qolgan. Ularda ixtirochi Belyanskiyning bosh kiyimini silkitib turgani, ko‘chadagi odamlar, yurib ketayotgan tramvay va boshqa transport vositalari tasviri aks etgan.
Markaziy Osiyodagi ilk telemarkaz va eng baland teleminora
1956-yil 5-noyabrda Markaziy Osiyo davlatlari orasida ilk bor O‘zbekistonda televizion markaz tashkil etilgan. 1957-yildan boshlab televizion ko‘rsatuvlar har kuni muntazam efirga uzatilgan.
Mamlakatimizning butun hududi bo‘ylab sifatli teleradioefirlarni ta’minlash maqsadida 1978-yilda Toshkent teleminorasini qurishga kirishilgan. Balandligi 375 metr bo‘lgan va bu borada o‘sha paytda jahonda to‘rtinchi o‘rinda turgan Toshkent teleminorasi 1985-yil 15-yanvarda foydalanishga topshirilgan. Poytaxtimiz teleminorasi bugungi kunda ham Markaziy Osiyodagi eng baland teleminora hisoblanadi.
Televideniye va internet
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, barcha sohalar qatori milliy televideniye ham jadal sur’atlarda rivojlana boshladi. Ayniqsa, so‘nggi o‘n yillikni tahlil qilsak, telekanallar soni va sifati yil sayin oshib borganiga guvoh bo‘lamiz.
Shu bilan birga, Internet texnologiyalarining rivojlanishi televideniyega ham katta ta’sir ko‘rsatgani oydinlashadi. Bu ta’sir, birinchidan, ko‘rsatuvlarda Internet imkoniyatlaridan keng foydalanilayotganida, ikkinchidan, telekanallar o‘z dasturlarini Internet orqali efirga uzatayotganida namoyon bo‘ladi.
Milliy televideniye tashkil topganining 65-yilligi nishonlangan 2021-yilda davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek: “O‘z tarkibida tunu kun faoliyat ko‘rsatadigan 26 ta tele va 16 ta radiokanalni birlashtirgan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining yangi zamonaviy platformasi (“Over-the-top”) markaziy telekanallarimizda namoyish etilayotgan ko‘rsatuvlarni butun mamlakatimiz bo‘ylab hamda dunyoning yuzdan ziyod davlatlariga uzatish, ijtimoiy tarmoqlarga faol joylashtirish imkonini bermoqda”.
Xulosa qilib aytganda, milliy televideniye har birimiz faxrlansak arziydigan boy tarixga, shuningdek, bugungi kunda jahonning yetakchi davlatlari bilan raqobatlasha oladigan salohiyatga ega. Televideniye sohasini rivojlantirish bo‘yicha davlat tomonidan yaratilgan shart-sharoitlar xalqimizga ishonchli va haqqoniy axborot yetkazishga, odamlarning ekran qarshisida o‘tgan vaqti mazmunli va foydali bo‘lishiga hissa qo‘shmoqda.
Nazira YUNUSOVA,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali mutaxassisi
- Qo'shildi: 21.11.2024
- Ko'rishlar: 190
- Chop etish