19-21-noyabr kunlari Tailand davlati poytaxti – Bangkok shahrida bo‘lib o‘tgan "Pekin+30" sharhlari bo‘yicha Osiyo-Tinch okeani vazirlar konferensiyasi bo‘ldi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari M.Nurmatova, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari D.Muratovadan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etdi.
Ushbu uch kunlik konferensiya BMTning Osiyo-Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi hamda “BMT-Ayollar” tuzilmasi tomonidan tashkil etildi. Anjuman kelgusi yilda nishonlanadigan Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasining 30-yilligiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida o‘tkazildi.
Konferensiyaning asosiy maqsadi so‘nggi besh yil davomida Osiyo-Tinch okeani mintaqasida Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasini amalga oshirishdagi taraqqiyot darajasini baholashga qaratildi. Bunda gender tenglikka erishish va ayollarning huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirishga oid muammolarni hal etish borasidagi ilg‘or tajribalar, saboqlar va ustuvor harakatlar ko‘rib chiqildi va 2030-yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish dasturining ayni yo‘nalishlari qay darajada amalga oshirilgani tahlil etildi.
Konferensiya doirasida, shuningdek:
- a’zo davlatlar va manfaatdor tomonlarga gender tenglikka erishish va ayollarning huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan siyosat va strategiyalar, jumladan innovatsion yondashuvlarni o‘rganish uchun platforma taqdim etish;
- Pekin harakatlar platformasida qabul qilingan majburiyatlarni tezlashtirish bo‘yicha ustuvor harakatlar yuzasidan mintaqaviy kelishuvga erishish;
- 69-sessiyada Xotin-qizlar holati bo‘yicha komissiya ishiga mintaqaviy hissani umumlashtirish, unda Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi hamda Bosh Assambleyaning 23-maxsus sessiyasi yakuniy hujjatlarini amalga oshirishni ko‘rib chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Bunda gender tengligini ta’minlash, ayollarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirishga ko‘maklashish bo‘yicha erishilgan yutuqlar hamda ustuvor chora-tadbirlar muhokama qilindi. Muzokaralarda tegishli davlatlar hukumatlari, fuqarolik jamiyati va yoshlar guruhlari, xususiy sektor hamda ilmiy doiralardan 1 ming 200 dan ortiq delegat ishtirok etdi.
BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi ijrochi kotibi Armida Salsiya Alishahbana o‘z kirish so‘zida “Ayollar umumiy kelajagimizni belgilaydigan masalalarda yetakchi bo‘lishlari kerak”, deb ta’kidlar ekan, xotin-qizlarni muvaffaqiyatga erishish imkoniyatlarini yaratishga chaqirdi. Jumladan, “Biz ayollar ertangi kunning yechimlarini dadil ilgari surishlari uchun ularni zarur vositalar, ta’lim va resurslar bilan ta’minlashimiz kerak”, dedi A.Alishahbana.
O‘z navbatida, “BMT-ayollar” tuzilmasining ijrochi direktori Sima Baxus “Pekin+30” sharhining ko‘rib chiqilishi Pekin harakatlar platformasini amalga oshirishni jadallashtirish uchun siyosiy iroda va jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish imkoniyatini taqdim etadi”, deb qayd etdi.
Tadbir ishtirokchilari bugungi kunda Osiyo-Tinch okeani mintaqasida har qachongidan ham ko‘proq qizlar maktabga qatnayotganini e’tirof etdilar. Yanada muhimi, 2000-yildan boshlab onalar o‘limi uchdan bir qismga kamaygan va ayollar siyosat, biznes va rahbarlik lavozimlariga imkon qadar keng jalb etilmoqda.
Ammo, so‘nggi o‘n yilliklarda erishilgan yutuqlarga qaramay, mintaqadagi taraqqiyot sekin va nomutanosib tarzda kechmoqda. Xavfli to‘siqlar hanuz saqlanib turibdi. Ya’ni, chuqur ildiz otgan kamsitishlar, jinsiy tafovutga urg‘u berilishi va genderga asoslangan zo‘ravonlikning avj olishi, mehnatga haq to‘lanmaydigan parvarish va uy ishlarining noteng taqsimoti, gender tenglikni ta’minlashga sarmoyalarning cheklanishi kabi o‘tkir muammolar jamiyatning barqaror rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda.
BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi konferensiyasi va “BMT-ayollar” tuzilmasi “Gender tenglik va huquqlarni kengaytirish yo‘lida yangi yo‘nalishlarni belgilash: Pekin+30 bo‘yicha Osiyo-Tinch okeani mintaqaviy hisobot” nomli yangi hisobotni taqdim etdi.
Hisobotda yaqin kelajakdagi muammolar hamda oltita tematik yo‘nalish bo‘yicha istiqbolli strategiyalar va yechimlar yoritilgan. Bu o‘rinda qashshoqlikni kamaytirish va inson kapitalini rivojlantirish; umumiy farovonlik va munosib mehnat; gender zo‘ravonligidan ozod bo‘lish; konstruktiv ishtirok va genderga asoslangan boshqaruv; tinch va adolatli jamiyatlar; gender va atrof-muhit yo‘nalishlari haqida so‘z bormoqda.
Hisobotda, shuningdek, gender tenglikni barcha sohalarda tezlashtirish uchun asosni mustahkamlashga qaratilgan uchta yo‘nalishdagi asosiy chora-tadbirlar ta’kidlangan. Ya’ni, birinchidan, gender normalarini transformatsiya qilish, ikkinchidan, gender ma’lumotlarini to‘plash va ulardan foydalanishni takomillashtirish, uchinchidan, genderga moslashtirilgan investitsiyalar va sohalararo hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash zarur.
Bundan tashqari, Vazirlar konferensiyasi doirasida parvarishlash iqtisodiyoti bo‘yicha maxsus tadbir, shuningdek, mustaqil ravishda tashkil etilgan turli anjuman va ko‘rgazmalar o‘tkazildi. Raqamli san’at ko‘rgazmasi va gender masalalari bo‘yicha savol-javobga o‘rgatilgan GPT gender roboti bilan muloqot shular jumlasidandir.
Tadbir davomida bo‘lib o‘tgan ochiq muhokamalarda turli mamlakatlardan kelgan ishtirokchilar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. O‘zbekistonning gender tenglikka erishish, ayollarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini ta’minlash, siyosat va qaror qabul qilish jarayonlarida xotin-qizlarning vakilligini oshirish, shuningdek, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish borasidagi tajribasi xalqaro miqyosda qo‘llab-quvvatlandi va gender tenglikni ilgari surishning ilg‘or amaliyotlaridan biri sifatida e’tirof etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 21.11.2024
- Ko'rishlar: 115
- Chop etish