Gender asosida zo‘ravonlik butun dunyoda uchraydi, shu sababli har yili 25-noyabrda ushbu muammoga qarshi kurash kuni xalqaro darajada nishonlanadi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida 2024-yil 26-noyabr kuni "O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlashning dolzarb masalalari: joriy holat va istiqboldagi vazifalar" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi. Konferensiya Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz va "Oila va gender" ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida tashkil etilgan. Ushbu tadbir Birlashgan Millatlar Tashkilotining "Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida"gi Konvensiyasi (CEDAW) qabul qilinganligining 45-yilligini nishonlash doirasida o‘tkazilmoqda.
– Maqsad – mavjud muammolarni tahlil qilish, bu borada keng jamoatchilik vakillari, mutaxassislar, xalqaro tashkilotlar vakillari fikrini o‘rganish, davlat tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilash, inson huquqlarini ta’minlash yo‘lida barchani birlashtirishdan iborat. E’tirof etish kerakki, davlatimiz rahbarining qat’iy siyosiy irodasi tufayli «Inson qadri uchun» tamoyili asosida zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga qarshi tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Qonunlarimiz takomillashtirildi, jazo choralari qat’iylashtirildi, ushbu illatga qarshi ishlaydigan aniq tizim – Ijtimoiy himoya milliy agentligi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Qisqa muddatda amalga oshirilgan ishlar va bugungi natijalarimiz – bu borada qilinishi zarur bo‘lgan haqiqiy faoliyatga dastlabki qadamdir.
Ushbu tadbir davomida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova so‘zga chiqib, O‘zbekistonda ayollarning yetakchilikdagi o‘rni va qaror qabul qilishdagi ishtirokini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar va tashabbuslar haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy hayotda faol ishtirokini ta’minlash hamda ularga teng imkoniyatlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlaridan biri gender tenglikka erishish, ayollarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyat va davlat hayotidagi rolini kuchaytirish uchun zarur sharoitlarni yaratish ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Insonni dunyoga keltiruvchi hamda voyaga yetkazuvchi munis va mo‘tabar ayol huquqi, uning huquqiy madaniyati, manfaatlari va hurmatini alohida ta’kidlab, yurtboshimiz shunday degan edi: ”Ayollarni qancha ulug‘lasak, hayotimizning chirog‘i, umrimizning guli deb e’zozlasak, demakki oilamizni, Vatanimizni e’zozlagan bo‘lamiz”. Shu bois ayollarning oiladagi, davlat va jamiyat qurilishidagi huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy va ma’naviy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish bugungi kunning o‘ta dolzarb masalasidir deya ta’kidlab o‘tdi.
Hozirgi davr, barcha sohadagi kabi oila masalasini, xususan er bilan xotin, ota-ona va bolalar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar, farzandlar tarbiyasi singari masalalarni to‘g‘ri va ijobiy hal etishni ko‘ndalang qilib quymoqda. Zero bu borada oila muhitini yaratuvchi, millatni tarbiyalovchi ayol roli bugun birinchi o‘ringa chiqdi.
Ishtirokchilar gender zo‘ravonlikka qarshi milliy tajribaning asosiy saboqlari, bolalarni himoya qilish bo‘yicha qonunchilikdagi so‘nggi yutuqlar va ayollar hamda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kompleks yondashuv muhimligini muhokama qilishdi.
Yurtimizda ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishga har doim ham davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilgan.
Barchamiz yodda tutishimiz zarur. Barcha xotin-qizlar davlat himoyasida. Hech kim ularni tahqirlashga, huquqlarini poymol etishga va erkinligini cheklashga haqli emas!
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi
- Qo'shildi: 26.11.2024
- Ko'rishlar: 679
- Chop etish