28-29-noyabr kunlari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Toshkent shahrida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Tadbir Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qiynoqlarga qarshi konvensiyasining 40-yilligiga bag‘ishlandi.
O‘quv kursi Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda Toshkent shahar prokuraturasidan 10 nafar, ichki ishlar tizimidagi tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalaridan 50 nafar xodim hamda Toshkent shahar sudining 5 nafar sudyasi tinglovchi sifatida ishtirok etdi.
Mashg‘ulotlarning ochilish marosimida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev va Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashropov ishtirokchilarni videomurojaat orqali qutladi.
O‘quv mashg‘ulotlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturiga asosan o‘tkazilayotgani alohida ta’kidlandi. Bunda, shuningdek, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalariga tayanilmoqda.
Mashg‘ulotlar avvalida BMTga teng huquqli a’zo hisoblanuvchi O‘zbekiston qiynoqlarni muayyan odamlar tomonidan boshqalarga nisbatan qo‘llanadigan eng g‘ayriinsoniy qilmish sifatida har doim qoralab kelishi qayd etildi. Xalqaro huquqqa ko‘ra, qiynoqlar – insoniyatga qarshi jinoyatdir. Bu borada qabul qilingan barcha hujjatlarda qiynoqlar qat’iyan taqiqlanadi hamda qiynoqqa solish holatini oqlashga hech qachon va hech qanday asosda yo‘l qo‘yilmaydi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolar huquqlari va erkinliklari kafolatini yanada kuchaytirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Xususan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida izchil va keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani buni yaqqol tasdiqlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-iyunda qabul qilingan “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini alohida ta’kidlash lozim. Xuddi shu qaror tufayli 26-iyun – Qiynoq qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kuni yurtimizda milliy va xalqaro darajadagi tarixiy ahamiyatga molik sana sifatida nishonlanishi yaxshi an’anaga aylandi.
Tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish borasidagi tashabbus ham dastavval ayni shu qarorda o‘z aksini topgan.
O‘z navbatida, Prezidentimizning 2023-yil 7-fevraldagi qaroriga muvofiq, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari doimiy ravishda tashkil etilmoqda. Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz bo‘lim boshlig‘i Farhod Hayitboyev shu haqda batafsil ma’lumot berdi.
Mashg‘ulotlar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktor o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Abdumannop Tulyaganov, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Xorijiy kadrlar bilan ishlash fakulteti boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor Alimjon Matchanov, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi “Jazoni ijro etish faoliyati” kafedrasi dotsenti Quvonch Qodirov, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi kafedra boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, dotsent Luqmonjon Isoqov, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining “Yuridik fanlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Shahobiddin G‘aniyev hamda Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yashnobod tuman sudi sudyasi Husan Qayumov tomonidan olib borildi.
Ikki kunlik qisqa o‘quv kursi davomida jami 65 nafar tinglovchining nazariy bilimlari amaliy mashg‘ulotlar bilan mustahkamlandi.
Test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 01.12.2024
- Ko'rishlar: 502
- Chop etish