Saylov – demokratik davlatning asosiy tamoyillaridan biri bo‘lib, fuqarolar ovozi yordamida davlat hokimiyati vakillik organlari tarkibini shakllantirish vositasidir. Saylovlar xalq irodasini ifoda etib, davlat boshqaruvida bevosita yoki saylangan vakillar orqali ishtirokni ta’minlaydi.
Saylov huquqiga oid xalqaro standart, prinsip va andozalar Birlashgan Millatlar Tashkilotining qator universal xalqaro shartnomalarida belgilangan. Xususan, 1948 yil 10 dekabrda Bosh Assambleya tomonidan qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 21-moddasida har bir inson bevosita yoki erkin saylangan vakillar vositasi orqali o‘z mamlakatini boshqarishda qatnashish huquqiga egaligi hamda xalq irodasi hokimiyat asosi ekani ko‘rsatilgan. Bu iroda davriy bo‘lishi, soxtalashtirilmasligi, yalpi va teng huquq asosida, yashirin ovoz berish yo‘li bilan yoki ovoz berish erkinligini ta’minlaydigan boshqa teng qiymatli shakllar vositasida o‘tkaziladigan saylovlarda aksini topishi lozimligi fundamental normalar tarzida mustahkamlangan.
BMT tomonidan qabul qilingan yana bir hujjat, ya’ni Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro Paktning 25-moddasiga muvofiq, har bir fuqaro kamsitishsiz hamda asossiz cheklovsiz bevosita va erkin saylangan vakillar orqali davlat ishini boshqarishda qatnashish, erkin xohish-irodani ta’minlovchi chinakam davriy saylovlarda ovoz berish va saylanish huquqiga egaligi kafolatlangan.
Bundan tashqari saylov huquqiga oid tamoyillar 1965 yil 21 dekabrda qabul qilingan Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaning 5-moddasi hamda 1963 yil 20 noyabrda qabul qilingan shu haqdagi BMT deklaratsiyasi 6-moddasiga ham kiritilgan.
Mamlakatimiz davlat rahbari boshchiligida ortga qaytmas demokratik islohotlar, samarali tashabbuslar davrini boshdan kechirmoqda. Bu jarayonda saylovga oid umume’tirof etilgan xalqaro standartga to‘la mos milliy saylov tizimini shakllantirish va buning huquqiy asosini takomillashtirish, saylov qonunchiligiga xalqimizning milliy qadriyatlarini mujassamlashtirgan va shu bilan birga umuminsoniy prinsiplarga xos xohish-irodasini yanada kengroq singdirish bilan bog‘liq keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Bu borada alohida e’tirofga sazovor islohotlardan biri 2019 yil 25 iyun kuni Prezident tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi imzolanishidir. Mazkur hujjat fuqarolar saylov huquqi kafolati, Prezident, Oliy Majlis, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga saylov, Markaziy saylov komissiyasi bilan bog‘liq tarqoq holdagi qonunlar hamda saylovni tashkil etish va o‘tkazishga oid qator nizom va yo‘riqnomalarni yagona hujjatga birlashtirish orqali yaratildi.
Qayd etish joiz, Saylov kodeksi loyihasini tayyorlashda Fransiya, Belgiya, Braziliya, Belarus, Ozarbayjon kabi 50 dan ortiq ilg‘or xorijiy davlat tajribasi o‘rganilib, xalqaro huquqiy ekspertizadan o‘tkazilganlik bo‘yicha Venetsiya komissiyasi tegishli xulosasi olindi. Shuningdek, jarayonda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi tavsiyalaridan foydalanildi. Ijtimoiy xavfi jiddiy bo‘lmagan, yengliroq jinoyat sodir etgan shaxslarning saylovda ishtirok etishiga ruxsat berildi. Quyi palataning barcha deputatlari bevosita fuqarolar tomonidan saylanishi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari saylovda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi, saylovchi bir yoki bir necha siyosiy partiyani yoxud prezidentlikka nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzo qo‘yishga haqli ekani mustahkamlab vo‘yildi.
2023 yil 30 aprelda ijtimoiy-siyosiy hayotimizda ulkan voqea – Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi loyihasini ma’qullash uchun umumxalq referendumi o‘tkazildi. Shu kuni saylovchilarning 90,2 foizi Qonunning 1-moddasiga ilova qilingan Konstitutsiyaning Yangi tahririni yoqlab ovoz berdi. Natijada Asosiy qonundagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, normalar esa 275 tadan 434 taga yetdi. Umuman, Konstitutsiya 65 foiz yangilandi.
Yangi konstitutsiyaning 7-moddasida xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbai ekani, 36-moddasida esa fuqarolar jamiyat va davlat ishini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egaligi kabi demokratik ruhdagi me’yorlar aks etdi.
Hujjatda demokratik saylov tamoyili Konstitutsiyaviy asosda qat’iy mustahkamlandi, qator moddalarda fuqarolarning davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqi kafolatlandi.
Bosh qomusimizning alohida XXII bobi aynan saylov tizimi, fuqarolarning saylovga oid asosiy huquqlari kafolatiga bag‘ishlangan. Masalan, 128-moddada har bir saylovchi bir ovozga egaligi, ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanishi, o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqaro saylash huquqiga egaligi, saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri huquq asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilishi belgilandi. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz, deb topilgan fuqarolar, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlik uchun sud hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joyida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sud qarori asosida mahrum etilishi mumkinligi ko‘rsatildi.
129-moddaga binoan, saylovni tashkil etish va o‘tkazishga oid asosiy tamoyillar faoliyatida mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatga tayanuvchi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan amalga oshirilishi, komissiya faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarigagina amal qilib ish ko‘rishi lozimligi shart qilindi.
Konstitutsiyaviy islohot natijasida yurtimizda yana bir yangi institut tuzish imkoni yaratildi. Endi saylov huquqiga ega yuz ming nafardan kam bo‘lmagan fuqaro o‘z taklifini qonunchilik tashabbusi tartibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritishi mumkin. Bu – bevosita qonun ijodkori sifatida fuqarolar shaxsan tashabbus ilgari surishi mumkin, degani.
Joriy yil 27 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahri, tuman va shahar kengashlariga saylov bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston tarixida ilk bor quyi palataga saylov aralash, ya’ni majoritar-proporsional tizim asosida o‘tkazildi. Yangi tartibga ko‘ra, 150 deputatning 75 nafari bir mandatli, qolgan yarmi yagona okrug bo‘yicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozga mutanosib ravishda muayyan partiya tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxati asosida saylanishi belgilandi.
Ro‘yxatga kiritilgan 15 milliondan ziyod fuqaro yoki 74,72 foiz fuqaro ishtirok etgan saylovda xorijda istiqomat qilayotgan barcha vatandoshlarimiz uchun ovoz berish imkoni yaratildi. 40 mamlakatda tashkil etilgan 57 saylov uchastkasida jami 140 388 nafar vatandoshimiz o‘z tanlovini bildirdi.
Mamlakatimizdagi parlament saylovi xalqaro jamoatchilik va ekspertlar tomonidan iliq qarshi olindi. Mazkur yirik siyosiy tadbirni 65 ming ziyod mahalliy, 850 dan ortiq xorijiy va xalqaro kuzatuvchi kuzatib, 1 000 dan ortiq mahalliy va xorijiy OAV vakili keng yoritib bordi.
Kuzatuvchilar saylov milliy qonunchiligimiz va umume’tirof etilgan xalqaro tamoyillar asosida, erkin va demokratik, sog‘lom raqobat va siyosiy kurash muhitida, ochiqlik va shaffoflik ruhida o‘tganini e’tirof etdilar.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasiningsaylovdan keyingi birinchi majlisida ishtirok etarkan, yangi saylangan va mandatga kirishayotgan deputatlarga qarata shunday dedi:
–Siz joylardagi odamlarning vakili, xalqning ovozisiz. Buyuk xalqimiz bildirgan ishonchga munosib bo‘lishingiz kerak. Har bir masalaga yondashuvda, qonunlar ishlab chiqishda uzoq-yaqin tumanlardagi insonlarni ko‘z oldingizga keltirib, faqat bugunni emas, kelajak avlodlarni ham o‘ylab ish tutsangiz, elimiz sizdan rozi bo‘ladi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, xalqning xohish-irodasini to‘la ifoda etgan hamda Konstitutsiya bilankafolatlangan O‘zbekiston milliy saylov tizimi va shu asosda o‘tkazilgan saylov mamlakatimizda sobitqadamlik bilan amalga oshirilayotgan dadil demokratik islohotlar amalda ro‘yobga chiqayotgani, yuksak samara berayotganining yorqin dalilidir.
Xolmuhammad Abdurasulov,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi yetakchi mutaxassisi
O‘zA
- Qo'shildi: 03.12.2024
- Ko'rishlar: 408
- Chop etish