Matteo Mekachchi – xalqaro ekspert, YEXHT Demokratlashtirish va inson huquqlari bo‘yicha byurosining sobiq direktori:
– Men uchun “Inson huquqlari uyi”ning ochilishi tadbirida ishtirok etish juda katta imkoniyat, bundan juda minnatdorman. Biz inson huquqlari qanaqadir nazariy tushuncha emas, balki ushbu huquqlarni hayotda, amaliyotda tatbiq etish muhimligi to‘g‘risida fikr yuritgani ham yig‘ilganmiz. Ya’ni, insonning hayotga bo‘lgan huquqi, o‘z fikrlarini ifodalash huquqi, o‘z diniga e’tiqod qilish huquqi va boshqa shu kabi huquqlarning barchasi nafaqat qonunchilik hujjatlarida aks etishi, balki kundalik hayotimizda ham bajarilishi lozim.
Fursatdan foydalanib, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi rahbarlarini, barchangizni ushbu ma’rifat maskanining ochilishi bilan tabriklayman. Chunki ushbu maskan inson huquqlariga oid bo‘lgan bilimlarni tarqatish uchun jamoatchilikka ochiq ilmiy tadqiqot va o‘quv markaziga aylanmoqda.
Bugungi zamonaviy dunyomizda, albatta, kutubxonalar o‘zgarib, tobora rivojlanib bormoqda. Ayni paytda kutubxonalar, xuddi olis tarixda e’tirof etilgani kabi, qalbimizga malham ekanligidan iborat o‘zlarining muhim xususiyatini ham saqlab qolmoqda.
Tadbir ishtirokchilari orasida ko‘plab yoshlarni ko‘rib quvondim, ularga qarab o‘z yoshligimni, inson huquqlari sohasidagi lavozimlarda yuqorilashim avvalida nodavlat notijorat tashkilotlarida ishlagan paytlarimni esladim. Aytmoqchimanki, inson huquqlari sohasidagi yutuqlar, albatta, bilim va ma’rifatdan boshlanadi. Tegishli bilimlarga ega bo‘lib, so‘ng uni amaliyotda ishlatish uchun har doim astoydil intilish va izlanish lozim.
So‘zimning yakunida inson huquqlari – qanaqadir yakuniy marra emas, aksincha, izchil davom etadigan uzluksiz jarayon ekanini ta’kidlamoqchiman. Dunyoda hech qaysi mamlakat biz inson huquqlari bo‘yicha vazifalarimizni bajarib qo‘ydik, deb xotirjam bo‘la olmaydi. Aksincha, inson huquqlarini rivojlantirish sohasi muntazam va to‘xtovsiz tarzda mukammallik sari intilish hamda astoydil sa’y-harakatda bo‘lishni talab qiladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 03.12.2024
- Ko'rishlar: 451
- Chop etish