Bilyana Miloshevich – Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy delegatsiyasi rahbari:
– “Inson huquqlari uyi” ochilishida ishtirok etish menga sharaf va mamnuniyat bag‘ishlaydi. Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham xalqaro gumanitar huquqni targ‘ib etish va amalga oshirish bo‘yicha hukumat, shuningdek, davlat va nodavlat institutlar bilan hamkorlikni rivojlantirishga intiladi.
Shunga ko‘ra Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy delegatsiyasi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan 20-yillik samarali hamkorlik tajribasiga ega. O‘zbekistonda xalqaro shartnomalarni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi yetakchi tashkilot hisoblanuvchi Milliy markaz bilan Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining yillar davomida olib borgan muloqoti va birgalikdagi faoliyatini yuksak qadrlaymiz.
Hamkorlikdagi faoliyatimiz asosiy xalqaro gumanitar-huquqiy shartnomalarni o‘zbek tiliga tarjima qilish va nashr etish, shuningdek, xalqaro gumanitar huquq bo‘yicha o‘quv materiallarini ishlab chiqish kabi sohalarni o‘z ichiga oladi.
Fursatdan foydalanib, shuni ma’lum qilmoqchimanki, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz hamda Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ikki haftadan so‘ng aynan ushbu dargohda Jeneva konvensiyalari qabul qilinganining 75-yilligi munosabati bilan ayni xalqaro hujjatlarning lotin imlosiga asoslangan o‘zbek alifbosida nashr etilgan to‘plami taqdimotini o‘zaro hamkorlikda o‘tkazishni rejalashtirgan.
Barchani “Inson huquqlari uyi” faoliyat boshlagani bilan tabriklaymiz! Ishonamizki, ushbu ma’rifat maskani xalqaro gumanitar huquq hamda xalqaro huquqning boshqa yo‘nalishlarini targ‘ib etish bo‘yicha istiqboldagi hamkorligimizga muhim hissa qo‘shadi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 03.12.2024
- Ko'rishlar: 454
- Chop etish