4 dekabr — Xalqaro bank kuni
Bugun nishonlanayotgan Xalqaro bank kuni har yili barcha mamlakatlarda tizimning muhim ahamiyatini ta’kidlashda muhim omil vazifasini o‘taydi. Moliya va bank tizimi har qanday jamiyat uchun taraqqiyot, tadbirkorlik muhitini shakllantirish, investitsiya jalb qilish va ijtimoiy farovonlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Shu ma’noda Xalqaro bank kuni jahon bank tizimida yuzaga chiqayotgan muammolarni ochiq aytish imkonini beradi. Qolaversa, ushbu sohaning iqtisodiy taraqqiyot uchun afzalligini atroflicha targ‘ib etadi.
1929 yil asos solingan mazkur sanani xalqaro miqyosda nishonlashdan banklarning jahon iqtisodiyotidagi o‘rni, moliya xizmatining ahamiyati va bunday institutlardan samarali foydalanishni targ‘ib qilish va tushuntirish maqsadi ham ko‘zlanadi. Ya’ni, banklar nafaqat savdo amaliyotini amalga oshirish, balki investitsiya jalb qilish, iqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, tadbirkorlikni rag‘batlantirish, ijtimoiy barqarorlikni saqlash singari muhim vazifalarni ham bajaradi.
Xalqaro bank kuni bank va moliya muassasalari hamkorligi va innovatsiyaning ahamiyatini yanada keng ochib berishga yordam beradi. Zero, banklar moliya sohasidagi muammolarga yechim topish, raqobatni kuchaytirish orqali rivojlanishga ko‘maklashish uchun yangi usul, texnologiyalarni joriy qilishda alohida faollik ko‘rsatadi.
Global bank tizimi barqaror xususiyatga ega bo‘lsa-da, ayrim muammolarga duch kelayotgani ham bor gap. Ba’zi shunday masalalar muayyan davlatlar taraqqiyotiga jiddiy salbiy ta’sir etmoqda.
Masalan, moliyaviy inklyuziya pastligi oqibatida har yili milliardlab odam moliyaviy xizmatga kirish imkoniyatidan mahrum. Bu holat ayniqsa rivojlanayotgan davlatlarda keng tarqalgan. Zotan, aksar aholi bank hisob raqamidan foydalanmaydi, mablag‘ini omonatga qo‘yish yoki kredit olish imkoniga ega emas. Ayni moliyaviy muammo iqtisodiy rivojlanishga to‘sqinlik qiladi.
Dunyodagi ko‘plab banklar o‘rtasidagi raqobat nomaqbul va zaif. Aksariyat moliya tuzilmalari innovatsiya joriy qilishda sustkashlikka yo‘l qo‘yishi samaradorlikka ta’sir ko‘rsatadi. Binobarin, texnologiya jadal rivojlanayotgan bugungi davrda raqamli xizmat, moliyaviy texnologiya kompaniyalari an’anaviy tizimga muqobil, ya’ni raqobatchi sifatida maydonga chiqmoqda.
Tizimda xavfsizlikka doir va ma’muriy muammolar ham mavjud. Xususan, kiber xuruj va axborot xavfsizligi bilan bog‘liq boshqa masalalar ham banklar uchun jiddiy muammoga aflanyapti. Negaki, moliyaviy xizmat raqamlashuvi tufayli xavfsizlikka nisbatan talab ortadi. Banklar zimmasiga moliyaviy amaliyot xavfsizligini ta’minlash, maxfiylikni saqlash borasida ulkan mas’uliyat tushayotgani bejiz emas.
Ayrim banklar mislsiz sarf bilan ishlashi xizmatlar narxini oshiradi. Tranzaksiya xarajati va komissiya miqdori ko‘p hollarda iqtisodiy rivojlanishni cheklaydi. Ayni muammo, ayniqsa, bank xizmatidan foydalanish narxi baland bo‘lgan rivojlanayotgan davlatlarga sezilarli salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Rivojlanayotgan davlatlarda bank tizimi ikki asosiy vazifani bajaradi: iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va moliyaviy inklyuziyani rag‘batlantirish. Bu jarayonda banklar iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash va odamlarni moliyaviy xizmatlarga jalb etishni ta’minlash uchun muhim mexanizmga aylanadi.
Banklar rivojlanayotgan davlatlarda investitsiya kiritish va ishlab chiqarish loyihalarini moliyalashtirishda hal qiluvchi o‘rin egallaydi. Shu orqali yangi ish o‘rinlari ochiladi, iqtisodiy o‘sish rag‘batlantiriladi.
Rivojlanayotgan davlatlarda banklar kichik va o‘rta biznesni moliyalashtiruvchi, aholini omonat va kredit orqali tizimga olib kiruvchi asosiy manba hisoblanadi. Moliyaviy inklyuziya ko‘lami kengayishi esa insonlarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Hamid Ravshanov,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimi
O‘zA
- Qo'shildi: 04.12.2024
- Ko'rishlar: 492
- Chop etish