3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Toshkent shahrida “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni zamonaviy texnologiyalar orqali reabilitatsiya qilish vositalari bilan ta’minlash” mavzusida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi hamda BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha departamenti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isakov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi vakili Ilhom Muhiddinov seminarni ochib berdi.
Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning 26-moddasi “abilitatsiya va reabilitatsiya” masalalariga bag‘ishlangan. Konvensiyada ishtirok etuvchi davlatlar nogironligi bo‘lgan shaxslarning har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi, ular iloji boricha mustaqil jismoniy, aqliy, ijtimoiy va kasb qobiliyatlarini namoyon etishi uchun barcha samarali choralarni ko‘rishi zarurligi belgilangan.
Shu asosda tadbirda “2023-2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasida Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi”ning 14-bandida doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya va abilitatsiya qilish uchun sharoit yaratish borasidagi amaliy ishlar va istiqboldagi rejalar yuzasidan muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda davlat organlari xodimlari va nogironligi bo‘lgan shaxslar muammolari bilan shug‘ullanadigan jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Ular nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilishning zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ilg‘or vositalari va eng yangi jihozlar bilan tanishtirildi.
Tadbir doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya-texnik vositalar bilan ta’minlashga bag‘ishlangan amaliy ko‘rgazma tashkil etildi. Bunda ishtirokchilar nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya vositalari, protez-ortopediya buyumlari va ularni ishlatish jarayonlarini o‘z ko‘zlari bilan kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Rossiya reabilitatsiya shifokorlari ittifoqining amaldagi a’zosi, Shimoliy Amerika reabilitatsiya texnologiyalari va texnik reabilitatsiya uskunalari uyushmasi a’zosi, shifokor Anna Litus o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Uning taqdimoti “O‘zbekiston Respublikasi hududida innovatsion-texnik vositalardan foydalangan holda ishlab chiqilgan reabilitatsiyaning zamonaviy usullari” mavzusiga bag‘ishlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi vakili Ilhom Muhiddinov “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya-texnik vositalar bilan ta’minlash” mavzusidagi taqdimotini havola qildi.
Ma’ruzalar asnosida e’tirof etilganidek, mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash bo‘yicha 12 ta markaz mavjud. Ularda bir yilda o‘rtacha 26 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxs reabilitatsiya tadbirlari bilan qamrab olinmoqda.
Ayni tadbir nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish va ularga xavfsiz muhit yaratish yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etildi. Kelajakda o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash va bunday tadbirlarni muntazam ravishda tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida “Inklyuziv jamiyat sari” mavzusidagi videoroliklar tanlovi bo‘yicha g‘oliblar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 05.12.2024
- Ko'rishlar: 421
- Chop etish