5-dekabr kuni Toshkent shahrida ayni mavzuda nodavlat notijorat tashkilotlarining Milliy forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi (O‘zNNTMA) va O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Forumni o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, “Yuksalish” milliy harakati, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Bosh prokuratura va boshqa manfaatdor davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni alohida e’tirofga loyiq. Tadbirda milliy va xorijiy ekspertlar, sohaga aloqador vazirlik va idoralar hamda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Forumning ochilishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatillo Tillaboyev so‘zga chiqib, ishtirokchilarni qutladi. Milliy markazning Tahlil va tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i O‘tkir Ochilov Inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashda davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining hamkorligi yuzasidan ma’ruza qildi.
Yapi majlisda so‘z olganlarning ta’kidlashicha, har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan mazkur forum O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, qonunchilik, ma’muriy va sud-huquq tizimidagi islohotlar, bir so‘z bilan aytganda, davlat va nodavlat tashkilotlar vakillari uchun soha doirasida fikr almashadigan faol muloqot maydoniga aylandi.
Bugungi kunda ushbu muloqot maydonida davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan ezgu g‘oya asosida belgilab olingan bir qator maqsad va vazifalar hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz normalari, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiya, shuningdek, 2021-2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi bunda alohida ahamiyat kasb etadi.
Ayni dasturilamal huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar tizimini takomillashtirish, bolalar, ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy zaif qatlamlari huquqlarini himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash, ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonliklarni bartaraf etish bo‘yicha qonunchilik takomillashtirildi va samarali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Forumda so‘z olganlar mazkur islohotlar davomiyligi yo‘lida inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashda davlat organlari hamda NNT o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik, rivojlanish istiqbollari hamda NNTning sohaga oid tashabbuslari va ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan atroflicha fikr-mulohaza almashdilar. Shuningdek, ikkita asosiy yo‘nalish bo‘yicha tashkil qilingan sho‘ba majlislarida milliy ekspertlar, faol NNT vakillarining ma’ruzalari tinglandi.
Shu negizda fuqarolarning axborotni izlash, olish va tarqatishga oid huquqlarini ta’minlashda davlat organlarining mas’uliyati, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hujjatlar bajarilishini monitoring qilishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, xotin-qizlar va yoshlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda inson huquqlari yo‘nalishidagi NNT rolini oshirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlash bo‘yicha NNT faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy sheriklikni yo‘lga qo‘yish masalalari qizg‘in muhokama qilindi.
Milliy forum yakunida muhokama qilingan barcha masalalar natijasi bo‘yicha inson huquqlarini ta’minlash hamda himoya qilishda davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining ijtimoiy sherikligini yanada kuchaytirish yuzasidan chora-tadbirlar majmui tasdiqlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 06.12.2024
- Ko'rishlar: 552
- Chop etish