“Mahalla katta ijtimoiy kuch
sifatida maydonga chiqishi kerak”.
Shavkat MIRZIYOEV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
O‘zbekiston huquqiy, demokratik, ijtimoiy va dunyoviy davlat hamda adolatli fuqarolik jamiyatini qurishni o‘z oldiga maqsad qilib olgan va bu borada ko‘plab islohotlarni amalga oshirib kelmoqda.
Mahalla fuqaro yig‘inlari faoliyatini yanada jonlantirishda, avvalo, fuqarolarni davlat va jamiyat ishlarini boshqarishga keng jalb etish, undagi faol ishtirokini ta’minlash asosiy maqsadga aylandi. Bu, o‘z navbatida, demokratik institutlar rivojini belgilovchi muhim mezondir.
“Mahalla” atamasi arabchadan olingan bo‘lib, “o‘rin-joy” degan ma’noni anglatadi. U turli mintaqalarda mahallot (joy), guzar, jamoa, elat nomlarida atalib kelingan. Adabiyotlarda mahalla ko‘p ming yillik tarixga ega ekanligi haqida ma’lumotlar bor. Masalan, Narshaxiy o‘zining “Buxoro tarixi” asarida Buxoroda bundan 1100-yil ilgari bir qancha mahallalar bo‘lganligini qayd etgan.
Mahalla asrlar davomida jamiyatning ajralmas qismi bo‘lib kelgan. U nafaqat o‘ziga xos ijtimoiy tuzilma, balki milliy qadriyatlarni, madaniyatni saqlovchi va rivojlantiruvchi muhim demokratik va xalqchil muhitdir.
Mahalla jamiyat hayotida alohida ahamiyat kasb etib, o‘zida bir nechta ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy funksiyalarni mujassamlashtiradi. O‘zbekistonda mahalla tizimi nafaqat an’anaviy tuzilma, balki davlat siyosati va fuqarolar o‘rtasida hamkorlikning muhim vositasiga aylangan.
O‘zbek xalqining boy ma’naviy merosiga, ulardagi o‘zaro mehr- oqibatga baho bergan siyosatshunos olim Leonid Levitin o‘zining “O‘zbekiston tarixiy burilish pallasida” kitobida o‘zbek mahallasining tarixiy rivojlanish bosqichlarini atroflicha ta’riflagan. Shu kabi ko‘plab xorijiy jamiyatshunoslar va olimlarning o‘zini o‘zi boshqarishning o‘zbekona modeli hisoblanmish mahalla institutiga bergan ta’riflaridan ham shuni anglab olish mumkinki, mahalla tarbiya o‘chog‘i sifatida doimo shaxs kamolotining ma’naviy sarchashmasi bo‘lib qolaveradi.
Bugungi kunda davlatimiz tomonidan mahallalarga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaymoqda. Xususan, joriy yilning 2-5-oktyabr kunlari davlatimiz rahbarining “Kambag‘allikdan farovonlik sari” g‘oyasi asosida Samarqandda “Aholining turmush darajasini oshirishda mahallaning o‘rni” mavzusida o‘tkazilgan Birinchi xalqaro konferensiyada mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, bandlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy yordam ko‘rsatish va boshqa masalalarda mahallaning ishtiroki, “mahalla yettiligi” faoliyati atroflicha o‘rganildi.
Konferensiya yakunlari bo‘yicha BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va boshqa hamkor xalqaro tashkilotlar tomonidan yakuniy Deklaratsiya imzolandi. Mazkur Deklaratsiya BMT Bosh qarorgohida rasmiy xujjat sifatida qabul qilinganini ta’kidlash lozim.
BMTning oltita rasmiy tilida e’lon qilingan ushbu hujjatda mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonda mahalla institutining jamiyatdagi mavqeini yuksaltirishga katta ahamiyat berilayotgani ta’kidlangan. Mahalla tizimining rolini kuchaytirish va vakolatlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirilayotgani alohida qayd etilgan.
Fuqarolar yig‘inlari o‘zini o‘zi boshqarish organlari mahalliy ahamiyatga molik masalalarni fuqarolarning manfaatlaridan, rivojlanishning tarixiy o‘ziga xos xususiyatlaridan, shuningdek, milliy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar va an’analardan kelib chiqqan holda, qonunga muvofiq mustaqil ravishda hal etishga haqli. Davlat fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi, ularga qonunda belgilangan vakolatlarini amalga oshirishida ko‘maklashadi.
Mahallaning asosiy vazifalaridan biri ijtimoiy vazifadir. U avvalo, odamlar o‘rtasida o‘zaro yordam, qo‘llab-quvvatlash va ma’naviy tarbiya tizimini shakllantiradi. Mahalla doirasida o‘zaro aloqalar, oilaviy yordam, nafaqalar va ijtimoiy himoya mexanizmlari yaratilgan.
Mahalla faoliyatida oila institutining ahamiyati katta, chunki har bir oila mahallaning bir qismi sifatida o‘zining muammolari va ehtiyojlarini ko‘taradi. Jamiyatdagi kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan, beva yoki yolg‘iz keksalar uchun mahalla yordami juda muhim rol o‘ynaydi.
Mahalla, shuningdek, siyosiy jarayonlarda ham faol ishtirok etadi. Har bir mahalla fuqarolarni saylovlarga, jamoat ishlariga jalb qilishda, davlat siyosatiga nisbatan fikr va mulohazalarni shakllantirishda ishtirok etadi. Mahalla tizimi fuqarolarni jamiyatdagi voqealarga jalb qilish, ularning davlat bilan muloqotini osonlashtirishda muhim vosita hisoblanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev: “Mahalla – tinchlik va osoyishtalik poydevori, ahillik va hamjihatlik, ma’rifat va tarbiya qo‘rg‘onidir”, deb bejiz ta’kidlamaydi. Chunki, mahalla jamiyatdagi nufuzli tuzilma sifatida nafaqat ijtimoiy yordam tizimlarini, balki ma’naviy qadriyatlarni ham saqlab keladi.
Mahallada yoshlarni tarbiyalash, yosh avlod ongiga milliy an’analar va qadriyatlarni singdirish, o‘zaro hurmat va mehr-oqibatni targ‘ib etish kabi mas’uliyatli vazifalar amalga oshiriladi. Mahalla jamiyatning asosiy ustunlaridan biri sifatida o‘zining mustahkam o‘rniga ega, chunki u milliy madaniyat va ma’naviyatni saqlashda beqiyos o‘rin tutadi.
Mahalla o‘z hududida kichik biznesni rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish va kambag‘allikni qisqartirish, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali iqtisodiyotni ko‘tarishda ham ishtirok etadi. Davlatning mahallaga doir qabul qilgan iqtisodiy dasturlari va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari mahalla hududida yashovchi aholi uchun ijobiy natijalar bermoqda.
Muxtasar aytganda, mahalla – jamiyatning muhim tarkibiy qismi bo‘lib, uning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy tizimlarida faol ishtirok etmoqda. Yanada muhimi, zamonaviy sharoitda mahalla nafaqat an’anaviy yordam va qo‘llab-quvvatlash tuzilmasi, balki innovatsion ijtimoiy hamkorlikni amalga oshirishning samarali vositasi sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlashda izchil davom etmoqda.
Navro‘zbek ASLONOV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi tayanch doktoranti
- Qo'shildi: 11.12.2024
- Ko'rishlar: 367
- Chop etish