11-dekabr – Xalqaro tog‘lar kuni
1992-yil Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Atrof-muhit musaffoligini saqlashga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada Xalqaro tog‘lar kuni ta’sis etilgan. 2002-yil BMT tomonidan “Tog‘lar yili” deb nomlanib, o‘sha yilning 20-dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 57-sessiyasida qabul qilingan rezolyutsiyaga muvofiq 11-dekabr “Xalqaro tog‘lar kuni” deb e’lon qilingan.
Xalqaro tog‘lar kunini o‘tkazishdan maqsad dunyo hamjamiyatini tog‘lardagi tabiiy zaxiralardan oqilona foydalanish, bu hududlardagi bioxilma-xillikni asrash, tog‘li mintaqalar aholisining yashash sharoitlarini yaxshilashdan iborat. Har yili ushbu sana turli mavzularga bag‘ishlanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sayyoramizda quruqlikning 27 foizidan ko‘prog‘ini tog‘lar tashkil etadi. Dunyo aholisining 15 foizi tog‘li mintaqalarda istiqomat qiladi. Bugun tog‘li hududlarda yashayotgan har uchinchi odam oziq-ovqat xavfsizligdan aziyat chekmoqda.
Tog‘lar Yer yuzining to‘rtdan bir qismiga yaqinini tashkil etadi. Tog‘lar bir necha ming yillar davomida insoniyat uchun boshpana vazifasini ham o‘tagan. Odamlar tog‘lardagi g‘orlarda yashab, vahshiy hayvonlar, sovuq havo va boshqa xatarlardan saqlanishgan.
Tog‘lar o‘simlik va hayvonot dunyosining noyob turlari uchun qo‘riqxona, yerning barcha asosiy daryolari uchun suv manbaidir. Tog‘lar bulutlarning shakllanishiga, shamollarning to‘silishiga o‘z hissasini qo‘shadi.
Dunyo aholisi taxminan yarmining farovonligi tog‘ tizmalari tarkibidagi suv, oziq-ovqat va energiya manbalariga bog‘liq. Ammo ularning barchasi iqlim o‘zgarishi, yerlarning buzilishi, haddan tashqari ekspluatatsiya va tabiiy ofatlar tufayli xavf ostida qolmoqda. Tog‘larni muhofaza qilishni ta’minlamay turib, biz barqaror iqtisodiy rivojlanishga erisha olmaymiz.
Iqlim o‘zgarishi tog‘larning holatiga eng yomon ta’sir qiladi. Tog‘larda yashovchilar eng ko‘p ochlik va qashshoqlikdan aziyat chekmoqda. Haroratning ko‘tarilishi natijasida muzliklarning erishi vodiylarda ofatlarga tahdid solmoqda.
Shuningdek, dehqonchilikning barqaror bo‘lmagan amaliyoti, tog‘lardan tabiiy boyliklarni qazib olish, daraxtlarni kesish va brakonerlik tog‘ biologik xilma-xilligiga katta zarar yetkazmoqda. Bundan tashqari, yerdan foydalanish va yer qoplamining o‘zgarishi hamda tabiiy ofatlar bioxilma-xillikning yo‘qolishini tezlashtiradi va atrofni tog‘li jamoalar uchun mo‘rt va beqaror qiladi.
Ekotizimning tanazzulga uchrashi, tirikchilikning yo‘qolishi va tog‘larga ko‘chib o‘tishi madaniy urf-odatlar va avlodlar davomida bioxilma-xillikni qo‘llab-quvvatlab kelgan qadimgi an’analardan voz kechishga olib kelishi mumkin. Shu ma’noda, tog‘ biologik xilma-xilligini barqaror boshqarish tobora ko‘proq global ustuvor vazifa sifatida e’tirof etilmoqda.
Tog‘lar – tabiatning eng nodir go‘zalliklaridan biri. Olimlar yaqin-yaqingacha tog‘larning vazifasi nima ekanini bilishmas edi. Ilm-fan rivojlanib, taraqqiy etganidan so‘ng tog‘larning bir qancha vazifalari borligini kashf etdilar.
Tog‘lar o‘zining shakli va yer ostiga chuqur kirib borgani sababli yer qatlamlari surilib ketishining oldini olib, qoziq sifatida ularni ushlab turadi. Yerning ustki plitalari kesishgan joyda tog‘lar mavjud bo‘lib, ikki plita birlashtirilib, ustiga tog‘lar huddiki mix kabi qoqib qo‘yilgan. Ular yerning barqarorigi va silkinib ketmasligini ta’minlaydi.
Tog‘lar suvning toza, pok holda saqlanishiga ham katta hissa qo‘shadi. Ular o‘z ustida katta miqdordagi chuchuk suv zaxirasini qor va muz ko‘rinishida saqlaydi. Ma’lumki, dunyodagi barcha ummonlar va dengizlarning suvlari sho‘r bo‘lib, to‘g‘ridan to‘g‘ri ichishga yaroqsizdir. Insoniyat faqat daryo suvlarini ichadi.
Tog‘lar o‘zidagi suv zaxirasi va o‘ziga xos landshafti tufayli yer yuzidagi o‘simlik dunyosining muvozanatini bir maromda saqlashga hissa qo‘shadi.
Tog‘lar o‘ziga xos shakli tufayli vodiylarni vujudga keltirgan. Ma’lumki, vodiylar daryolar oqadigan joylarda paydo bo‘ladi. Tog‘lar esa daryolarning paydo bo‘lishiga, tog‘ yon bag‘irlariga, pastliklarga qarab oqishiga sabab bo‘ladi.
Agar tog‘lar bo‘lmaganda, tekis yo‘llarning vujudga kelishiga imkon bo‘lmasdi. Yuz millionlab yillar davomida Yer yuzi relefi shakllanishi tarixini o‘qigan kishi tog‘lar, daralar, yo‘llar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan tektonik siljishlar hamda plitalar to‘qnashuvi naqadar ahamiyatga ega ekanini anglab yetadi. Ana shunday hodisalar natijasida tog‘lar orasida tekis yo‘llar, daralar yuzaga kelib, odamlar o‘sha yo‘llardan ming yillardan beri qiyinchiliksiz yurib o‘tadilar.
Tog‘lar xilma-xil rangda bo‘lib, ba’zilari qizil-qo‘ng‘ir, ba’zilari qora, ayrimlari esa oq rangda bo‘ladi. Ular atrofning go‘zalligiga go‘zallik qo‘shadi. Ular o‘z ko‘rinishi bilan Buyuk Yaratuvchining qudratidan dalolat beradi.
Alloh taolo tog‘larni Yerning barqarorligi, unda hayotning tinch, go‘zal davom etishi, o‘simliklarning muvozanati, ichimlik suvining pok holda saqlanishi, insoniyat va barcha jonzotlar qulay sharoitlarda yashashi uchun yaratib qo‘ygan.
Inson tog‘lar haqida tafakkur qilar ekan, olamning mohiyatini anglay boshlaydi go‘yo...
Lazizbek Xoliqulov,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali
bosh mutaxassisi
- Qo'shildi: 11.12.2024
- Ko'rishlar: 367
- Chop etish