Joriy yilda xalqaro hamjamiyat tomonidan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganligining 35-yilligi keng nishonlanmoqda. Shu maqsadda xalqaro, mintaqaviy va milliy tadbirlar o‘tkazish, aholi, yoshlar va bolalar uchun inson huquqlari bo‘yicha axborot-ma’rifiy hamda ta’lim-tarbiyaviy ishlarni takomillashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bolalar huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani), “Tong yulduzi” hamda “Klass” respublika bolalar nashrlari tahririyatlari bilan hamkorlikda 2024-yil fevral oyidan boshlab “Inson huquqlari bolalar nigohida” respublika tanloviga start berilgan edi.
Ertaga, 13-dekabr kuni ushbu tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.
Ayni tadbir O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32-yilligi va BMT Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining 35-yilligi tantanalari doirasida o‘tkazilayotgani bejiz emas. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimizda izchil davom ettirilayotgan bola huquqlari sohasidagi islohotlarning samaradorligini yanada oshirishdir.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 12.12.2024
- Ko'rishlar: 303
- Chop etish