12-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasining a’zosi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Belarus Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan tashkil etilgan BMTning Genotsid jinoyatining oldini olish va jazolash to‘g‘risidagi konvensiyasi qabul qilinganligiga bag‘ishlangan Ikkinchi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada onlayn tarzda ishtirok etdi.
Tadbirda Belarus hukumati va huquqni muhofaza qilish organlari vakillari, shuningdek, Rossiya, Shvetsiya, Italiya, Polsha, AQSH, Germaniya, Chexiya hamda O‘zbekistondan jamoat va siyosat arboblari ishtirok etdi.
Konferensiya davomida A.Saidov “Genotsid jinoyatining oldini olish va jazolash to‘g‘risidagi konvensiya: O‘zbekiston tajribasi” mavzusida nutq so‘zladi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda turli konfessiyalar va etnik guruhlarning hamjihatlikda istiqomat qilishining ko‘p asrlik tarixiy tajribasi to‘plangan. Mamlakatimizda 16 ta diniy konfessiyaning 2 ming 300 dan ortiq diniy tashkiloti faoliyat yuritmoqda.
Inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini kafolatlashga hamda millatlararo o‘ziga xoslikni saqlashga qaratilgan Milllatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi doirasida mamlakatimiz hududida turli millat va elatlarning bag‘rikenglik va totuvlik muhitida istiqomat qilishi ta’minlanganligi yuksak baholandi.
O‘zbekiston xalqaro munosabatlarning teng huquqli subyekti sifatida BMTning nizom organlari va shartnoma qo‘mitalariga inson huquqlari bo‘yicha ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalarning bajarilishi yuzasidan milliy ma’ruzalarni o‘z vaqtida taqdim etib borishiga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yildagi qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi doirasida ta’limning barcha bosqichlari, maktabdan to kadrlarning malakasini oshirish bosqichigacha bo‘lgan bo‘g‘inlariga inson huquqlari bo‘yicha o‘quv kurslari joriy etilayotganligi yuksak e’tirof etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar inson huquqlari yo‘nalishidagi milliy qonunchilik sohasida o‘zaro tajriba almashdilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 12.12.2024
- Ko'rishlar: 321
- Chop etish