Yaqinda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi «Inson huquqlari uyi»da shoir va tarjimon, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist G‘ulom Mirzo qalamiga mansub «Ezgulik taqvimi: niyat, so‘z va amal birligi» nomli kitobning taqdimoti bo‘ldi.
Markaz direktori, akademik Akmal Saidov taqdimotni ochar ekan, har qaysi jamiyat a’zolari uchun ish va dam olish kunlari mamlakat taraqqiyoti va milliy farovonlikka bevosita xizmat qilishi jihatidan qanchalik ahamiyatli bo‘lsa, bayram kunlari, muhim milliy va xalqaro sanalar ham shunchalik qadrli ekanligini ta’kidladi.
«Inson huquqlari uyi» tashabbusi bilan chop etilgan dastlabki yangi nashrda muhim milliy va xalqaro sanalar hamda qutlug‘ bayramlarga bag‘ishlangan 70 ta maqola va sharh jamlangan.
Taqdimotda so‘zga chiqqan huquqshunos, jurnalist va adiblar ushbu to‘plam kitobxonning turli bayramlar va muhim sanalar haqidagi tushuncha hamda tasavvurini yanada boyitishga xizmat qilishini e’tirof etdilar.
Ushbu kitobda Internet tarmoqlarda uchramaydigan nodir manbalarda bitilgan ko‘plab zarur ma’lumotlar, muallif o‘z hayot yo‘lida guvohi bo‘lgan tarixiy voqealar bilan bog‘liq muhim dalillar ham qayd etilgan.
Tadbir yakunida taqdimot ishtirokchilariga yangi kitob tuhfa etildi. Bir turkum kitoblar «Inson huquqlari uyi» kitob fondiga topshirildi.
«TONG YULDUZI» gazetasining 2024-yil 51-soni
- Qo'shildi: 16.12.2024
- Ko'rishlar: 288
- Chop etish