17-dekabr kuni Toshkent viloyatida ayni holat bo‘yicha monitoring o‘tkazildi. Tadbir O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 27-maydagi “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75-yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” farmoni hamda “2023-2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasida Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha milliy harakatlar rejasi” ijrosi doirasida tashkil etildi.
Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning bajarilishini monitoring qilish tizimli va uzluksiz jarayondir. Uning maqsadi nogironligi bo‘lgan shaxslarning ushbu Konvensiyada belgilangan huquq va kafolatlariga rioya etilishini baholash hamda ta’minlashdan iborat.
Monitoring o‘tkazish maqsadida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi, “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti, O‘zbekiston Nogironlar jamiyati, O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi vakillaridan iborat ishchi guruh tuzildi.
Ishchi guruh a’zolari Zangiota tumanida joylashgan “Zangi ota ziyoratgohi”, Nurafshon shahridagi amfiteatr hamda avtobuslar va avtobus bekatlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan qulayliklarni ko‘zdan kechirdi.
Hozirda monitoring yakunlari bo‘yicha ishchi guruh tomonidan aniqlangan kamchiliklar umumlashtirilmoqda. Shu asosda amaliy takliflar ishlab chiqiladi va tegishli tartibda taqdim etiladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 18.12.2024
- Ko'rishlar: 202
- Chop etish