Ekologiya va inson huquqlari

5 fevral kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda “O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligi” jurnali tahririyati hamkorligida shu mavzuda ma’rifiy muloqot o‘tkazildi. Tadbir 2025 yil mamlakatimizda – Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili, deb e’lon qilingani munosabati bilan tashkil etildi.

“O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligi” jurnali bosh muharriri Tohir Doliyev muloqotni ochar ekan, jurnal tahririyatining 2024 yildagi faoliyati va joriy yildagi rejalari haqida muxtasar so‘z yuritdi. O‘z navbatida, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati rahbari G‘ulom Mirzayev atrof-muhit, tabiat, ekologiya, “yashil” iqtisodiyot va inson huquqlari tushunchalari o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik haqida to‘xtaldi.

Bugungi kunda sayyoraviy ko‘lamdagi uchta tahdid – iqlim o‘zgarishi, atrof-muhitning ifloslanishi va tabiatning buzilishi butun xalqaro hamjamiyatni tashvishga solmoqda. Ekologik tahdidlar, bir tomondan, hozirgi davrga xos global xatarlar hisoblansa, ikkinchi tomondan, inson huquqlari sohasidagi jiddiy muammolar qatoriga kiradi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi o‘z tarixida ilk bor 2021 yilda musaffo, sog‘lom va barqaror atrof-muhit – inson huquqlarining uzviy qismi, deb e’tirof etgani xuddi shu omillar bilan chambarchas bog‘liq. Bu sohada BMT Maxsus ma’ruzachisi maqomi ham ta’sis etildi.

Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan joriy yil – Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili, deb e’lon qilingani mantiqan asosli hamda har tomonlama maqbul qarordir. Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 yanvar kuni bu boradagi Davlat dasturi loyihasi yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishda qayd etilganidek, “Yashil makon” dasturi doirasida har yili 200 million tup daraxt ekilmoqda. O‘tgan 3 yilda 698 ta bog‘ va 316 ta jamoat parki tashkil etildi. Orol dengizining qurigan tubida qariyb 2 million gektarli butazor barpo etildi.

Bu yil ko‘chatchilikka ixtisoslashgan 18 ta o‘rmon xo‘jaligi tashkil qilinadi. Ularda “ilm-loyiha-amaliyot” tamoyili asosida genetik seleksiya ishlari kuchaytirilib, urug‘chilik laboratoriyalari, intensiv tajriba uchastkalari va “onalik” plantatsiyalari yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu xo‘jaliklarda joriy yilda 123 million tup ko‘chat tayyorlanadi. “Yashil olam” platformasi ishga tushirilib, ularni onlayn sotib olish yo‘lga qo‘yiladi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, hududida daraxt ekkan, ishlab chiqarishda ekologik toza uskuna va materiallardan foydalanganlarga “yashil tadbirkor” maqomi beriladi.

Muloqot davomida so‘zga chiqqan ijodkorlar ayni muhim va qizg‘in jarayonlarni matbuot sahifalarida keng yoritish yuzasidan o‘z amaliy takliflarini bildirdilar.

Uchrashuv yakunida tahririyat ijodiy xodimi Mahmudjon Toirovga 70 yoshga to‘lgani munosabati bilan samimiy qutlovlar izhor etildi va sovg‘alar topshirildi.

  

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech