2025-yil 31-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonuni 8, 9, 10-moddalari ikkinchi qismlarining Savdo-sanoat palatasiga oid normalariga sharh berish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Majlisda Oliy Majlis Senati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Oliy sud, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi, Savdo-sanoat palatasi, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi, Advokatlar palatasi hamda Konstitutsiyaviy sud Ilmiy-maslahat kengashi a’zolari qatnashdilar.
Oliy sud tomonidan taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra, Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini ko‘zlab, 2023-yil va 2024-yilning 9 oyi davomida sudlarga kiritilgan da’vo arizalar (arizalar) yuzasidan ko‘rilgan ishlar bo‘yicha davlat boji undirilishiga oid sud amaliyoti umumlashtirilib, tahlil qilinganida ikki xil amaliyot shakllanganligi aniqlangan.
Sudlar tomonidan bunday ikki xil amaliyotning shakllanishiga “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonuni 8, 9, 10-moddalari ikkinchi qismlaridagi Palataga oid normalarni turlicha talqin etilishi va ziddiyatli qo‘llanilishi sabab bo‘lgan.
Oliy sud “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonuni 8, 9, 10 - moddalarining ikkinchi qismi turlicha talqin etilishi va ziddiyatli tarzda qo‘llanilishiga barham berish maqsadida, mazkur normalariga sharh berishni so‘rab Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilgan.
Sud majlisida Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi vakillari hamda Ilmiy-maslahat kengashi a’zolari masalaga oid o‘z fikrlarini bildirdilar.
Konstitutsiyaviy sud muhokama qilingan masalani va unga ilova qilingan hujjatlarni har tomonlama o‘rganib chiqib, sud majlisida ishtirok etgan taraf vakillarining fikrlarini eshitib, mutaxassis va ekspertlarning fikr-mulohazalarini hisobga olib, “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 8, 9, 10-moddalari ikkinchi qismining Savdo-sanoat palatasiga oid normalariga sharh berish haqida qaror qabul qildi.
Konstitutsiyaviy sud qarori “Xalq so‘zi” gazetasi, “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami”, O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi va Konstitutsiyaviy sudning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi
- Qo'shildi: 06.02.2025
- Ko'rishlar: 740
- Chop etish