Ushbu tarixiy hujjat talablari hayotimizda o‘z aksini topmoqda
O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi amalga oshirilayotganiga 2-yil bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan ushbu Dastur yangi tariximizdagi muhim voqeliklar sirasiga kiradi.
Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturida jamiyatimizda inson huquqlarini har tomonlama mustahkamlash, aholi xabardorligini yuksaltirish va huquqni amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha aniq vazifalar nazarda tutilgan. Shu bilan birga, Dastur davlat organlari, nodavlat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlarining birgalikda olib boradigan ishlarini yaxlit tizimga solishga xizmat qilmoqda.
Ushbu Dastur Inson huquqlari sohasida ta’lim bo‘yicha Jahon dasturining to‘rtinchi bosqichi talablarini milliy huquqiy muhitimizda amalga oshirishga qaratilgan. Ya’ni, ayni huquqiy hujjat bu boradagi jahon tajribasi va milliy amaliyotni uyg‘unlashtirgan holda ishlab chiqilgani bilan ahamiyatlidir.
Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturining mohiyati Yangi O‘zbekiston jamiyati, davlati va mamlakatimizda yashaydigan har qaysi inson uchun beqiyos ahamiyatga ega. Uning yetti ustuvor yo‘nalishi serqirra maqsad va vazifalarni o‘zida qamragani ham bu fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.
Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Shu asosda har bir yo‘nalish bo‘yicha parlament, hukumat va mahalliy hokimliklar hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi bajarilishining har bir bosqichi muntazam monitoring qilib borilmoqda. Bugungi kunga qadar Dasturni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning 30 bandidan 17 tasi to‘liq bajarilgan. Qolgan bandlarni amalga oshirish yuzasidan ishlar izchil davom etmoqda.
Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturining birinchi yo‘nalishi doirasida, xususan, 2023-yil 20-28-fevral kunlari “Inson huquqlari haftaligi” o‘tkazilib, poytaxtda va viloyatlarda xalqaro konferensiya hamda davra suhbatlari tashkil etildi. Mahallalarda “Inson huquqlari – oliy qadriyat” mavzusida turli uchrashuvlar o‘tkazildi.
Yoshlar orasida “#Inson_huquqlari_oliy_qadriyat” xeshtegi va “Inson huquqlari bilimdoni” viktorinasi bo‘lib o‘tdi. Huquqni muhofaza qilish organlari, oliy ta’lim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa idoralar ham samarali targ‘ibot ishlarini olib bordi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 6 ta oliy ta’lim muassasasida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” bo‘yicha maxsus kurslar ochdi. Bunday kurslar 14 ta hududdagi 114 ta oliy ta’lim muassasasi va 330 ta professional ta’lim tashkilotida ham tatbiq etildi. Shu bilan birga, 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab 11 ta tibbiyot oliy ta’lim muassasasida “Inson huquqlari” bo‘yicha 60 soatlik maxsus o‘quv moduli joriy etildi.
Shuningdek, 2023-yil 15-avgust kuni o‘tkazilgan “Inson huquqlari kelajak avlodlar uchun” mavzusidagi yozgi maktab ishida parlament vakillari, davlat idoralari xodimlari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Milliy markaz tashabbusi bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi hamkorligida 2023-2024-yillar mobaynida 2 marotaba «Inson huquqlari va erkinliklari sohasida ta’lim va innovatsiyalar» milliy tanlovi o‘tkazildi.
Dasturning ikkinchi yo‘nalishi doirasida, jumladan, 2023-yil 29-iyul – 19-avgust kunlari Milliy markaz, Sudyalar oliy maktabi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va Oliy sud hamkorligida “Odil sudlovni amalga oshirishda inson huquqlarini ta’minlash” mavzusida 4 haftalik “Yozgi maktab” tashkil etildi.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va hududlardagi 14 ta axborot-kutubxona markazida “Konstitutsiya va inson huquqlari” burchagi tashkil qilindi. Ularga Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz tomonidan 1 ming 600 nusxa huquqiy adabiyot taqdim etildi.
Milliy markaz 2023-2024-yillarda 10 ta yangi to‘plam nashr etgan bo‘lib, ularning aksariyatini ayollar va bolalar huquqlari, sud-huquq sohasiga taalluqli xalqaro shartnomalarga oid kitoblar tashkil etadi. Yanada muhimi, 2024-yilda 45 ta xalqaro hujjat rasmiy tarjima qilinib, 4 ta xalqaro shartnomalar to‘plami chop etildi.
Milliy markaz va Davlat boshqaruvi akademiyasi hamkorligida 2023-yilda “Inson huquqlari va gender tenglik” nomli maxsus kurs ishlab chiqilib, rahbar kadrlar va barcha darajadagi davlat xizmatchilari o‘quv jarayoniga jalb etildi. Ichki ishlar vazirligi, prokuratura va jazoni ijro etish muassasalari uchun “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kursi 2023-yilda – 10 ta, 2024-yilda – 11 ta hududda o‘tkazildi.
Keyingi ikki yil davomida “Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilishning xalqaro standartlari: amaliyot va hisobot” mavzusida kurslar tashkil etildi. Bu mashg‘ulotlarda 40 dan ortiq idora va tashkilot vakillari milliy hisobotlar tayyorlash, xalqaro tavsiyalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha ko‘nikma hosil qildi.
Dasturning uchinchi yo‘nalishi inson huquqlari sohasida pedagog kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlashga oid vazifalardan iborat. Mazkur yo‘nalish doirasidagi ishlar haqida so‘z borganda, xususan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan pedagog kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari”, “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari” kurslari bo‘yicha ta’lim tashkil etilishi o‘rganilganini qayd etish lozim.
Bu jarayonda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan shakllantirilgan ishchi guruh ayni sohadagi darsliklar, o‘quv dasturlari holatini tanqidiy ko‘rib chiqib, tegishli takliflar tayyorladi. Natijada yangilangan modullar amaliyotga joriy etildi.
Yana bir e’tiborli natija: «Inson huquqlari» ixtisosligi bo‘yicha oliy ta’limdan keyingi ta’limni takomillashtirish maqsadida 2023/2024-o‘quv yili uchun davlat byudjetidan 3 ta tayanch doktorantura qabul kvotasi ajratildi. Ayni shu ixtisoslik bo‘yicha 2021–2024-yillarda 14 nafar doktorant va 34 nafar mustaqil izlanuvchi ilmiy tadqiqot olib bordi, 2023–2024-yillarda esa 5 nafar doktorant va 14 nafar mustaqil izlanuvchi qabul qilindi. Ushbu ixtisoslik bo‘yicha 1 ta doktorlik (DSc) hamda 3 ta PhD dissertatsiyasi himoya qilindi.
Bundan tashqari, inson huquqlari bo‘yicha magistratura yo‘nalishi 2 ta oliy ta’lim muassasasida yo‘lga qo‘yilib, Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq” va Toshkent davlat yuridik universitetida “Xalqaro huquq va inson huquqlari” magistraturasida jami 30 nafar talaba tahsil olmoqda.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga mansub yurtdoshlarimizning inson huquqlari sohasidagi xabardorligini oshirish borasidagi chora-tadbirlar Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturining to‘rtinchi yo‘nalishida belgilangan. Ushbu bandlardagi vazifalar doimiy bo‘lganligi uchun tegishli topshiriqlar bo‘yicha ishlar muntazam davom ettirilmoqda.
Jumladan, o‘tgan davrda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan barcha viloyatlar va Qoraqalpog‘istonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlariga bag‘ishlab 143 marotaba seminar-trening o‘tkazildi. Bu jarayonda yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi normalari, nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat huquqlari bo‘yicha 30 marotaba OAV orqali targ‘ibot olib borildi. BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi bajarilishi ustidan 3 ta jamoatchilik monitoringi hamda 10 ta turli tadbirlar tashkil etildi.
Milliy markaz tomonidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda “Ayollar huquqlari” o‘quv kursi tashkil etildi. Ushbu kurs 2023-2024-yillarda 2 marotaba o‘tkazilib, mashg‘ulotlarda 93 nafar tinglovchi xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro va milliy mexanizmlar haqidagi bilimlarini mustahkamladi.
Shuningdek, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganining 35-yilligi munosabati bilan bir qator maxsus chora-tadbirlar amalga oshirildi. Masalan, Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda inspektor-psixologlarga bola huquqlari bo‘yicha seminar-treninglar o‘tkazilib, bu ma’rifiy tadbirga 1 ming 900 nafardan ortiq xodim qamrab olindi.
Shu o‘rinda Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Ichki ishlar vazirligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi o‘rtasida “Migrantlar huquqlari: xalqaro standartlar va milliy qonunchilik” mavzusida maxsus o‘quv kursi tashkil qilinganini ham qayd etish lozim.
Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturidagi beshinchi yo‘nalish inson huquqlari bo‘yicha ta’lim sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining faolligini oshirishga qaratilgan. Dasturning mazkur yo‘nalishi doirasidagi jami 4 ta band bo‘yicha doimiy ishlar davom ettirilmoqda.
Fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda yurtimiz bo‘ylab 2023-2024-yillar davomida 187 ta tadbir o‘tkazildi. Shuningdek, muqobil ma’ruzalar tayyorlash bo‘yicha uchta seminar-trening tashkil etildi. Tadbirlar davomida nogironligi bo‘lgan shaxslar, yoshlar va ayollar huquqlari, xalqaro talablar va nodavlat sektorning o‘rni keng muhokama qilindi.
Savdo-sanoat palatasi hamda boshqa tashkilotlar tomonidan Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Surxondaryo, Jizzax, Samarqand viloyatlarida “Biznes va inson huquqlari” bo‘yicha o‘quv kursi o‘tkazilib, mashg‘ulotlarga 12 ming 695 nafar tadbirkor va fermer qamrab olindi. Bundan tashqari, “Fermer minbari” telegram guruhi orqali har kuni “Biznes va inson huquqlari” bo‘yicha yangi qonuchilik hujjatlarining mazmun-mohiyati tushuntirib borilmoqda.
Kasaba uyushmalari tizimida inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida 7 ta ta’lim yo‘nalishida “Inson huquqlari” fanini o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, ushbu Akademiya Milliy markaz bilan hamkorlikda “Inson huquqlarini himoya qilish. Majburiy mehnatning barcha shakllaridan himoya qilishni o‘rganish” mavzusi bo‘yicha 20 soatlik maxsus kurs dasturini ishlab chiqib, 2023/2024-o‘quv yilidan amalga oshirmoqda.
Dasturning oltinchi yo‘nalishi doirasida inson huquqlari sohasidagi ta’limni zamonaviy texnologiyalar, badiiy asarlar, ommaviy axborot vositalari orqali singdirishga oid choralar ko‘zda tutilgan. Xususan, Milliy markaz tomonidan maktabgacha ta’lim muassasalarining pedagog xodimlari hamda tarbiyalanuvchilari uchun 2 ta qo‘llanma tayyorlandi.
Dastur doirasida turkum radio-teledasturlar, ko‘rsatuvlar tashkil etilib, 2023–2024-yillarda ommaviy axborot vositalarida inson huquqlari mavzusida 690 ta material e’lon qilindi, 165 ta radio eshittirishi, 382 ta telelavha, 6 ta videorolik efirga uzatildi, 15 ta tok-shou va 11 ta brifing o‘tkazildi.
Davlat organlari va mahalliy hokimliklar axborot xizmatlari, OAV xodimlari uchun “Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosati va bu borada xalqaro majburiyatlarning bajarilishi” mavzusidagi o‘quv kursi o‘qitilib, unda 79 nafar mas’ul mutaxassis qatnashdi.
Davlat xizmatchilari va keng jamoatchilikka mo‘ljallangan inson huquqlari ta’limi bo‘yicha “Elektron platforma” (http://ecourse.nhrc.uz) faollashtirilib, unda 5 ta interfaol kurs yo‘lga qo‘yildi. Har bir kurs yakunida test nazoratidan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchi sertifikat olishi mumkin.
Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha xalqaro hamkorlik izchil rivojlanayotgani ham e’tiborga loyiq, deb hisoblaymiz. Bu boradagi chora-tadbirlar Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturining oxirgi, ya’ni yettinchi yo‘nalishida belgilangan bo‘lib, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Yevropa Kengashi bilan birgalikda 2023–2024-yillarda salkam 40 ta tadbir o‘tkazildi.
Jumladan, Milliy markaz xalqaro hamkorlar bilan birga ayollar yetakchiligini rag‘batlantirish, fuqarosizlikka barham berish, milliy ozchiliklar huquqi, xalqaro tavsiyalarni bajarish mexanizmlari, mahkuma ayollar bilan muomala qilish qoidalari, xotin-qizlarning tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashdagi roli kabi mavzularda qator seminarlar tashkil etdi.
Dastur ijrosini nazorat qilish maqsadida 2023-2024-yillar davomida Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiyaning 4 ta majlisi hamda parlament darajasida 7 ta yig‘ilish o‘tkazildi. Shu bilan birga, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy ta’lim dasturini joylarda tatbiq qilish uchun 3 ta viloyat, 2 ta shahar va 21 ta tuman hokimlarining qarorlari qabul qilindi.
Xulosa qilib aytganda, inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya jamiyatda huquqiy ong va madaniyatni shakllantirish uchun asosiy vosita bo‘lib, u har bir shaxsga o‘z huquqlarini tanish hamda himoya qilish imkonini beradi. Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi mamlakatimizda bu sohada yangi bosqichni boshlab berdi.
Dastur ijrosi doirasida, bir tomondan, aholida inson huquqlari haqidagi ma’lumotlar oshdi, davlat organlari xodimlari, talaba-yoshlar, nodavlat tashkilotlar jarayonga keng jalb etildi. Ikkinchi tomondan, xalqaro anjumanlar, o‘quv kurslari, seminarlar tarzida ko‘plab amaliy ishlar bajarildi.
Yanada muhimi, ayni jarayonda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 2024-yil 9-oktyabrdagi 57/10-son rezolyutsiyasi bilan e’lon qilingan Inson huquqlari bo‘yicha Jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini mamlakatimizda izchil amalga oshirish uchun mustahkam asos yaratilgani e’tiborlidir.
Mirzatillo TILLABOYEV,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari
“Kuch — adolatda” gazetasining 2025-yil 7 fevral kungi № 6 (1040)-soni
- Qo'shildi: 07.02.2025
- Ko'rishlar: 784
- Chop etish