7-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti tomonidan “Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni”ga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Konferensiyada Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Bojxona instituti, Yuristlar malakasini oshirish instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat transport universiteti, Termiz davlat universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Urganch davlat universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Namangan davlat universiteti, Samarqand davlat universiteti, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti, Chirchiq davlat pedagogika instituti, Toshkent davlat agrar universiteti yuridik fakultetlari professor-o‘qituvchilari, akademik hamjamiyat hamda vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov konferensiyani ochar ekan, O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquqlarini ta’minlash borasida so‘nggi yillarda misli ko‘rilmagan tarixiy ishlar amalga oshirilganligini ta’kidladi. Ayniqsa, mamlakatimiz xotin-qizlarining ilm-fan sohasidagi huquqlarini ta’minlash borasida O‘zbekiston zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarni to‘la bajarib kelmoqda. Bu borada samarali milliy mexanizmlar joriy etilgan va ular asosida xotin-qizlarning konstitutsiyaviy huquqlari ta’minlanmoqda.
Shuningdek, Fanlar akademiyasi Ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘limi boshlig‘i Nodira Mustafoyeva so‘z olib, mamlakatimiz ilm-fan sohasida xotin-qizlarning roli keskin oshib borayotganligi haqida fikr yuritdi. Bugungi kunda oliy ta’limning bakalavriat, magistratura hamda tayanch doktorantura bosqichlarida xotin-qizlarning davlat hisobidan ta’lim olishi va ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Fanlar akademiyasi tizimida ham bu borada katta ishlar qilinmoqda.
Konferensiyaning birinchi yalpi majlisida “Ilm-fanda ayollar: yutuqlar va yangi imkoniyatlar” mavzusi doirasida ma’ruzalar tinglandi va qizg‘in muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
Xususan, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kafedra boshlig‘i o‘rinbosari Nasiba Turg‘unova “O‘zbekistonda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan islohotlar”, Bojxona instituti katta o‘qituvchisi Maftuna Shermamatova “Gender tenglik muammolarini inobatga olgan holda, savdo munosabatlarini soddalashtirish masalalari”, Transport universiteti dotsenti Mafura Inagamova “Ayollar reproduktiv huquqlarini ta’minlashning xalqaro huquqiy jihatlari”, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi katta o‘qituvchisi Shaxzoda Rashidova “Arab mamlakatlarida ayollarning ilm-fan sohasidagi faoliyati” mavzularida ma’ruza qildi.
Ilmiy-amaliy anjumanning ikkinchi yalpi majlisi “Xotin-qizlarni huquqiy himoya qilish – yosh olimlar nigohida” degan mavzuga bag‘ishlandi. Ushbu sessiya doirasida 9 ta ma’ruza tinglandi.
Bu o‘rinda “AQSHda ayollar huquqlari tarixi: o‘zgarishlar va taraqqiyot yo‘llari”, “O‘zbekiston Respublikasida nogironligi bo‘lgan ayollar huquqlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlari”, “Bolaning ta’lim olish huquqining o‘ziga xos tizim sifatida namoyon bo‘lishi va uning elementlari”, “Jinoyat ishlarini sudga qadar yuritishda ayollar huquqlari va erkinliklarini ta’minlash”, “Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarga barham berish qo‘mitasi (CEDAW)ning xotin-qizlarni himoya qilish va ularning huquqlarini kafolatlashdagi o‘rni”, “Yangi O‘zbekistonda ayollarning oilaviy zo‘ravonlikdan himoyalanish huquqlarining o‘ziga xos xususiyatlari”, “O‘zbekiston Respublikasida xotin-qizlar huquqlarini ta’minlashda prokuratura organlarining o‘rni va ahamiyati”, “Ayollar huquqlarini himoya qilishning xalqaro va milliy mexanizmi” kabi mavzulardagi tahliliy chiqishlar haqida so‘z bormoqda.
Konferensiya yakunida xotin-qizlarning huquqlarini ta’minlash borasida quyidagi yakuniy xulosalar ishlab chiqildi:
birinchidan, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan loyihalarni davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlash. Bu borada davlat organlari va nodavlat tashkilotlarning o‘zaro hamkorlikda ishlashini ta’minlashga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish va ijrosini ta’minlash;
ikkinchidan, islohotlarning davomiyligini ta’minlash maqsadida gender tenglik muammolarini inobatga olgan holda, savdo munosabatlarini soddalashtirish, xususan, savdo-sotiq jarayonlarida xotin-qizlarning iqtisodiy tashabbuslari va faoliyati uchun qo‘shimcha imtiyozlar taqdim etish;
uchinchidan, ayollar reproduktiv huquqlarini ta’minlashda davlat zimmasiga oladigan majburiyatlarni bajarish uchun tegishli tashkiliy-huquqiy, institutsional mexanizmlarni yaratish choralarini ko‘rish. Bu borada har yili alohida-alohida kompleks chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqish va undagi tadbirlarning ijrosini ta’minlab borish;
to‘rtinchidan, O‘zbekistonda ayollarning ilm-fan sohasidagi faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish. Shu maqsadda oliy ta’limning bakalavriat, magistratura hamda tayanch doktoranturaga qabul kvotalarida xotin-qizlarning ulushini oshirishga doir asoslantirilgan xulosalarga kelindi.
Konferensiyada ishtirok etgan ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javoblar oldi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 07.02.2025
- Ko'rishlar: 743
- Chop etish