Yuridik fanlarni rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengashlar qo‘shma yig‘ilishi

12-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq institutida O‘zbekiston Respublikasida yuridik fanlarni rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzuridagi Ilmiy-muvofiqlashtiruvchi kengashning qo‘shma yig‘ilishi bo‘ldi.

Unda har ikki Kengash a’zolari, Milliy markaz hamda Davlat va huquq instituti ilmiy xodimlari, yuridik va turdosh oliy o‘quv yurtlari, vazirlik-idoralar, mamlakatimizning akademik hamjamiyati va tahlil markazlari vakillari, sohaning yetakchi olimlari, yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Yig‘ilishga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov moderatorlik qildi.

Akademik A.Saidov “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi va yuridik fanlar oldida turgan dolzarb vazifalar haqida atroflicha to‘xtaldi.

Jumladan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy islohotlarga oid huquqiy ishlanmalar samarasini oshirish borasidagi ishlarni tashkil etish, kun tartibidagi masalalar yuzasidan soha mutaxassislarining ilmiy xulosalarga asoslangan fikr-mulohazalarini tinglash, ayni yo‘nalishdagi xalqaro tajriba va amaliyotni o‘rganish, tahlil etish, ularni amalga oshirishning nazariy va amaliy jihatlarini o‘zaro uyg‘unlashtirish, shuningdek, ilm-fan rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan taniqli huqushunos olimlarni xotirlash bilan bog‘liq bir qator takliflar ilgari surildi.

O‘z navbatida, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Mirzatillo Tillaboyev ”O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha uzoq muddatli milliy strategiyani ishlab chiqish istiqbollari haqida so‘z yuritdi.

Shundan so‘ng, yig‘ilishi kun tartibiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida yuridik fanlarni rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tarkibini tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqildi. Ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori Murodjon Turg‘unov so‘zga chiqdi.

Yuridik fanlarni rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengashning 2025-yildagi ish rejasi ham muhokama qilindi va tasdiqlandi.

Yig‘ilish yakunida akademik A.Saidov muallifligidagi “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi” darslik-xrestomatiyasining taqdimoti o‘tkazildi.

Taqdimotda so‘z olgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisining o‘rinbosari Asqar G‘afurov, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i O‘tkirbek Ochilov va boshqalar yangi darslikning dolzarb ahamiyati va mazmun-mohiyati haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech