Konstitutsiyaviy islohotlar ¡g‘oyasining tug‘ilishi, amalga oshirilishi va natijalari

O‘zbekiston konstitutsiyasi” darslik-xrestomatiyasida mustaqilligimiz tarixining uzviy qismi bo‘lgan konstitutsiyaviy islohotlar g‘oyasining tug‘ilishi, rivojlanishi, amalga oshirilishi va natijalari haqida atroflicha so‘z boradi. Yangi tahrirdagi konstitutsiyamizning ishlab chiqilishi, keng muhokamalardan o‘tkazilishi hamda qabul qilinishi jarayoni haqida arxiv, ilmiy materiallar va ommaviy axborot vositalari ma’lumotlari asosida yozilgan mazkur asar muallifning 2017-yili nashrdan chiqqan “O‘zbekiston konstitutsiyasi tarixi” kitobining mantiqiy davomidir.

Birinchi kitobda 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan Bosh qonunimizning yaratilish tarixi, bu muhim huquqiy hujjatning mazmun-mohiyati chuqur talqin etilgan, tahlillar asosida e’tiborli jihatlari ochib berilgan.

Tahlillarga ko‘ra, xalqaro ekspertlar O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi mamlakatimizning barqaror taraqqiyotini ta’minlashda mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishini yakdillik bilan e’tirof etmoqda.

Shuningdek, unda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan vazifalar, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, so‘nggi yetti yilda qabul qilingan 3 ta kompleks taraqqiyot strategiyamiz hamda qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda ham o‘z aksini topdi.

Shu ma’noda, kitobda so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi va rahbarligida ishlab chiqilgan hamda tasdiqlangan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish asosida konstitutsiyaviy islohot g‘oyasining tug‘ilishi, rivojlanishi, amalga oshirilishi va natijalari haqida atroflicha so‘z yuritiladi.

Darslik kirish, birinchi qism — yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi: yaratilishi, mazmuni, maqsadlari, ikkinchi qism — xrestomatiya va yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi: metodologik g‘oyalar, rasmiy hujjatlar, tahliliy materiallardan shakllantirilgani ham e’tiborga loyiq.

Kitobning kirish qismida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining fundamental asarlari — “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” hamda “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” asarlarining nashr etilishi, O‘zbekistonning bugungi qiyofasi, mamlakatimizning jahon taraqqiyotida tutgan o‘rni va mavqei, muhim xalqaro ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi faol ishtiroki, dolzarb masalalar bo‘yicha ilgari surayotgan ko‘plab tashabbuslarining mazmun-mohiyati ochib berilgan.

Shuningdek, bugun dunyoda 500 dan ortiq amaldagi konstitutsiya mavjudligi, shundan 200 ga yaqini mustaqil davlatlar, 300 dan ortig‘i federatsiyalar subyektlariga tegishli ekani bayon qilingan.

Muallifning eng muhim siyosiy, huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy, ma’naviy masalalarni o‘ziga qamrab olgan bu qadar yirik hajmdagi analitik materiallar va ma’lumotlarni qisqa vaqtda to‘plagani, umumlashtirgani, har birini yurakdan o‘tkazib chuqur tahlil qilgani, sodda va oddiy tildan foydalangan holda o‘quvchilarga yetkazgani ham diqqatga sazovor, Zero, bu sa’y-harakatlar juda katta g‘ayrat-shijoat, bilim va tajriba, keng miqyosdagi tafakkur va intellektual salohiyatni talab etadi.

Kitob bilan batafsil tanishar ekanmiz, oldimizga qo‘ygan yuksak vazifalar, ya’ni zamonaviy rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish, iqtisodiyotimizning barqaror o‘sishini ta’minlash, aholining hayot darajasi va sifatini oshirish, O‘zbekistonning jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashiga qaratilgan uzoq va davomli maqsadlarga erishish, ularni amalga oshirish yo‘llari bugungi va ertangi kun nuqtayi nazaridan teran tahlil qilingan. Yaqin kelajakdagi ustuvor, dasturiy yo‘nalishlar aniq va ravshan bayon etilgan.

Asarda O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi loyihasiga faol munosabat bildirgan dunyo ekspertlaridan 143 nafarining fikri keltirilgan.

Ushbu fikr-mulohazalar O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohot davom etgan ikki yarim yilda milliy, xorijiy va xalqaro ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib borildi.

Kitobda Konstitutsiya muttasil harakatdagi muhim siyosiy-huquqiy hujjat ekani, ya’ni u hayot jo‘shqinligi va o‘zgarishlarni o‘zida yaqqol aks ettirgani, hozir konstitutsiyaviy vatanparvarlikni shakllantirish ustuvor vazifaga aylangani ishonchli manbalar asosida o‘quvchilar e’tiboriga havola qilingan.

Shuningdek, darslik-xrestomatiya chop etilishida Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqimiz bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘lini teran tahlil qilib, yaqin va olis kelajakda oldimizda turgan vazifalarni ham strategik, ham taktik jihatdan atroflicha asoslab berilgan “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” kitobi dasturulamal bo‘lganini aytish zarur. Chunki ushbu kitobda Konstitutsiyani o‘rganishni maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan boshlab, barcha darajadagi ta’lim muassasalarida davom ettirish, aholining turli qatlamlari va ayniqsa, davlat xizmatchilarini ushbu jarayonga to‘liq jalb etish lozimligi ta’kidlangan.

Bu borada davlat xizmatiga ishga qabul qilishda Konstitutsiya asoslari bo‘yicha imtihon o‘tkazish tizimini tatbiq etish yaxshi samara berishi shubhasiz. Konstitutsiya va qonunlar ustunligini ta’minlashda davlat organlari va mansabdor shaxslarning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish ham muhim ahamiyatga ega.

Kitobning ikkinchi qismida esa yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning ishlab chiqilishi, qabul qilinishi va amaliyotga tatbiq etilishi bilan bog‘liq metodologik g‘oyalar, rasmiy hujjatlar, tahliliy materiallar o‘z aksini topgan. Xususan, birinchidan, Prezidentimizning Konstitutsiya to‘g‘risidagi fikrlari, ikkinchidan, konstitutsiyaviy islohotlarga taalluqli materiallar, uchinchidan, konstitutsiyaviy islohotlarning ommaviy axborot vositalarida yoritilishiga oid infografika, chizma va jadvallar taqdim etilgan.

Kitob bilan batafsil tanishar ekanmiz, biz o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak vazifalar, ya’ni zamonaviy rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish, iqtisodiyotimiz barqaror o‘sishini ta’minlash, aholining hayot darajasi va sifatini oshirish O‘zbekistonning jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashiga qaratilgan uzoq va davomli maqsadlarimiz, ularni amalga oshirish yo‘llari bugungi va ertangi kun nuqtayi nazaridan teran tahlil qilingani hamda yaqin kelajakdagi ustuvor, dasturiy yo‘nalishlar aniq va ravshan belgilab berilganiga guvoh bo‘lamiz.

Muallif tomonidan bayon qilingan, yaqin tariximiz haqidagi bevosita o‘zi guvoh bo‘lgan, Konstitutsiyaviy komissiya tarkibidagi faoliyati davomida yuragidan o‘tkazgan hayajonli voqealar, aniq faktlarga asoslangan haqqoniy fikrlar kitobning qimmatini yanada oshiradi. Bu kitob bilan tanishgan har bir inson muallifning O‘zbekiston taqdiri va kelajagining eng muhim masalalarini mukammal o‘rganganini, muammolarning yechimiga donishmandlik va jasorat bilan yondashganini ko‘rishi mumkin.

Kitobdan o‘rin olgan barcha fikr-mulohazalarni o‘zaro uzviy bog‘lab turadigan asosiy jihat muallifning fidoyiligi, vatanimiz mustaqilligiga to‘liq ishonch, xalq farovonligi, yorug‘ kelajagi uchun har qanday sinovlarga tayyor turishi, ulug‘ maqsadlarga erishishni o‘z hayotining mazmuni deb bilishidir.

Murodjon TURG‘UNOV,

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq

instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor

«Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2025-yil 11-fevral kungi 29 (1355)-soni

Powered by GSpeech