Yangi O‘zbekistonning sudlarni adolat qo‘rg‘oniga aylantirishga qaratilgan shiddatli islohotlariga bir nazar

5-may kuni poytaxtimizda “Turkiy davlatlarda sud-huquq ta’limi va odil sudlov: raqamli transformatsiya hamda ilg‘or tajribalar sari integratsiya” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Tadbir Odil sudlov akademiyasi tomonidan tashkil etildi.

Forumda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya davlatlarining sud-huquq ta’limi muassasalari, prokuratura organlari huzuridagi akademiyalar, shuningdek xalqaro tashkilotlar va ekspertlar qatnashdilar.

Keyingi o‘n yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi, shuningdek, Harakatlar strategiyasi, Taraqqiyot strategiyasi va “O‘zbekiston-2030” strategiyasi negizida mamlakatimizda sud-huquq tizimini huquqiy davlatni shakllantirishning muhim tarkibiy qismi sifatida chuqur isloh etish va erkinlashtirish bo‘yicha yangi konsepsiya izchillik bilan hayotga tatbiq etilmoqda. Shu qisqa davrda sud-huquq islohotlari sohasidagi islohotlarini amalga oshirishga qaratilgan 25 ta hujjat – Prezident farmon va qarorlari qabul qilingani ulkan ahamiyatga ega..

Jumladan, davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi lavozimida imzolagan ilk hujjati aynan sud-huquq tizimi islohotlariga qaratilgandi. Bu o‘rinda Prezidentimiz tomonidan 2016-yil 21-oktyabrda qabul qilingan “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon haqida so‘z bormoqda.

Farmonga muvofiq, “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlandi.

Davlatimiz rahbari 2017-yil 13-iyunda mamlakatimiz sudyalari bilan uchrashuvda ularning oldiga «Sudlarni adolat qo‘rg‘oniga aylantiraylik», degan talabni qo‘ydi.  Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzalarida buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy hazratlari: «Zulm qilma, insofli bo‘l, xalq uchun adl qasri, ya’ni adolat qo‘rg‘oni bunyod et», deb yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib ketganiga yana bir bor e’tibor qaratildi.

Chindan ham, bu misralar Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan: «Sudyaning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida – poklik bo‘lishi kerak», degan g‘oya bilan nihoyatda uyg‘un va hamohang.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-noyabrda qabul qilingan “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni dalillar maqbulligi masalasini aniqlashtirishda muhim qadam bo‘ldi. Endilikda agar dalillar qonunga xilof usullar orqali yoki jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquqlarini cheklash yo‘li bilan yoxud  Jinoyat-protsessual kodeksning talablari buzilgan holda olingan bo‘lsa, ular dalil sifatida maqbul emas deb topiladi.

O‘zbekiston Prezidentining 2020-yil 24-iyulda qabul qilingan “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni sud instansiyalarining kamayishi va nazoratning to‘liq bekor qilinishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Farmon ijrosi doirasida bir qator muhim natijalarga erishildi.

Birinchi natija: sud himoyasini ta’minlashdagi ortiqcha byurokratik to‘siqlar olib tashlanib, sud qarorlarini qayta ko‘rishning bir-birini takrorlovchi bosqichlari 3 tagacha kamaytirildi.

Ikkinchi natija: sud ishlarini nazorat tartibida ko‘rish instituti to‘liq tugatildi.

Uchinchi natija: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular o‘rinbosarlarining sudning hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari hamda qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqi bekor qilindi.

Prezidentimizning 2020-yil 24-iyuldagi Farmonida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida:

birinchidan, sudlarning faoliyati yuzasidan turli brifing, matbuot anjumani va uchrashuvlar o‘tkazish;

ikkinchidan, jamoatchilik e’tiboriga tushgan ishlar sudlarda ko‘rilishida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokini ta’minlash;

uchinchidan, sud tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, sud faoliyatiga daxldor axborotlar, voqeliklar, turli ma’lumotlarni onlayn rejimda joylashtirish;

to‘rtinchidan, telegram-bot kanallar ochib, unda aholiga sud faoliyati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan tushuntirishlar berish orqali aholining sudlarga murojaat qilish imkoniyatlari kengaytirildi.

Prezidentimiz tomonidan 2023-yil 21-dekabrda “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi. Ushbu qaror asosida 2024-yil 1-fevral oyida oilaviy nizolarni ko‘rish bo‘yicha ixtisoslashtirgan “Oila sudyalari” tashkil etildi.

Prezidentimizning 2025-yil 21-avgustdagi “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan sud tizimi uchun yuqori malakali huquqshunos kadrlar tayyorlash tizimini xalqaro standartlar asosida yanada takomillashtirish, ta’lim, ilm-fan va amaliyot uzviyligini ta’minlash orqali professional sudyalar korpusini shakllantirishga oid ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Farmon asosida, ayniqsa, Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud, Adliya vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi negizida O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasini tashkil etish haqidagi taklifi ma’qullangani alohida diqqatga sazovor.

Prezidentimiz tashabbusi bilan sud sohasini raqamlashtirish asosida “Raqamli sud” konsepsiyasi ishlab chiqildi. U fuqarolar va tadbirkorlarga “kontaktsiz sud” orqali adolatli va qulay xizmat ko‘rsatishni ko‘zlaydi.

Shuningdek, sudlarning ish yuklamasini kamaytirish maqsadida mayda qarzdorliklar, kommunal to‘lovlar kabi nizosiz ishlar notariuslar vakolatiga o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu sudlar e’tiborini murakkab nizolarni hal etishga qaratishga imkon beradi. Ma’muriy va iqtisodiy ishlarda eksterritorial sudlov tizimi joriy etilib, fuqarolarga istagan hudud sudiga murojaat qilish imkoni yaratilmoqda.

Muxtasar aytganda, o‘zaro tajriba almashish, dolzarb masalalarni muhokama qilish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi samarali muloqot maydoniga aylangan ushbu forumda Yangi O‘zbekiston sud-huquq tizimida qisqa davrda erishilgan shu kabi qamrovdor yutuqlar ta’kidlandi va e’tirof etildi.

O‘z navbatida, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining hozirgi bosqichi kadrlar tayyorlashga sifat jihatidan yangi yondashuvni talab etayotganiga e’tibor qaratildi. Shu nuqtayi nazardan, milliy sud-huquq tizimi uchun raqamli transformatsiya, ortib borayotgan professional standartlar va kengayib borayotgan xalqaro hamkorlik sharoitida samarali faoliyat yurita oladigan kadrlarni tayyorlash muhim ahamiyatga egaligi alohida qayd etildi.

 

Akmal SAIDOV,

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi direktori, akademik

Powered by GSpeech