JURNALNING YANGI SONI INSON HUQUQLARI TO‘G‘RISIDAGI XALQARO PAKTLARNING 60 YILLIGIGA BAG‘ISHLANDI
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi muassisligidagi “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining navbatdagi soni nashrdan chiqdi. Jurnalning ushbu soni Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktlar qabul qilinganining 60-yilligiga bag‘ishlandi.
Inson huquqlari to‘g‘risidagi ikkala xalqaro pakt ham BMT Bosh Assambleyasi tomonidan ayni bir sanada – 1966-yil 16-dekabrda qabul qilingan. Ammo ularning amaliyotga joriy qilinishi uchun qariyb 10-yil vaqt talab etilgan. Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt 1976-yil 23-martdan, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt 1976-yil 3-yanvardan boshlab kuchga kirgan.
Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt muqaddima, 6 qism va 53 moddadan iborat. Unda insonning asosiy huquqlari, jumladan, yashash huquqi, fikr, vijdon va din erkinligi, shaxsiy daxlsizlik hamda saylov huquqlari kabilar mustahkamlangan. Jumladan, ushbu paktning 26-moddasida: “Barcha kishilar qonun oldida tengdirlar va hech bir kamsitishsiz qonun orqali teng himoya qilinish huquqiga egadirlar”, – deya belgilangan.
Hozirda jahonning 175 ta davlati Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga a’zo hisoblanadi.
Ushbu paktning ikkita Fakultativ bayonnomasi mavjud. Birinchisi 1966-yil 16-dekabrda, ikkinchisi esa 1989-yil 15-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan.
Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning birinchi Fakultativ bayonnomasi 14 ta moddadan iborat bo‘lib, unda ushbu hujjatga a’zo mamlakatlar fuqarolari tomonidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga o‘z huquqlari tiklanishini so‘rab, shikoyat yo‘llanishi tartibi belgilangan. Qo‘mita o‘zining yopiq majlislarida alohida shaxslardan va manfaatdor davlatlardan kelgan yozma axborotni ko‘rib, o‘z fikr-mulohazasini ishlab chiqadi hamda uni alohida shaxslarga yoki davlatlarga yuboradi. Bu sohada qilingan ishlar bo‘yicha muxtasar axborot har yili Bosh Assambleyaga Iqtisodiy va ijtimoiy kengash ma’ruzasi orqali yuboriladi. Ushbu Fakultativ bayonnomaga 116 ta davlat qo‘shilgan.
Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning ikkinchi Fakultativ bayonnomasi muqaddima va 11 ta moddadan iborat bo‘lib, unda o‘lim jazosidan voz kechish ko‘zda tutilgan. Ya’ni ushbu hujjatga a’zo bo‘lgan davlatlar o‘z qonunchiligida va amaliyotda o‘lim jazosini qo‘llashdan voz kechishlari shart. Hozirgacha 92 ta davlat ushbu Fakultativ bayonnomaga qo‘shilgan.
A’zo davlatlarning Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga hamda uning Fakultativ bayonnomalariga rioya etishi BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan monitoring qilinadi.
Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt muqaddima, 5 qism va 31 moddadan tashkil topgan. Unda adolatli sharoitda mehnat qilish, kasaba uyushmalari tashkil etish, ijtimoiy sug‘urta, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish, madaniy hayotda ishtirok etish kabi insonning asosiy huquqlari mustahkamlangan. Masalan, paktning 10- moddasida oila davlat va jamiyat muhofazasida bo‘lishi zarurligi, ayniqsa, yosh oilalarga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatish kerakligi, nikoh nikohlanuvchilarning erkin roziligi asosida tuzilishi shartligi belgilangan. Bugungi kunda 173 ta davlat Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga a’zo bo‘lgan.
2008-yil 10-dekabrda BMTning Bosh Assambleyasi tomonidan Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga doir Fakultativ bayonnoma qabul qilingan. Unda mazkur paktda belgilangan inson huquqlarining buzilishiga oid shikoyat va takliflarni ko‘rib chiqish mexanizmlari belgilangan. Ushbu Fakultativ bayonnomaga 31 ta davlat qo‘shilgan.
A’zo davlatlarning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga hamda uning Fakultativ bayonnomasiga rioya etishi BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan monitoring qilinadi.
O‘zbekiston Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt, uning birinchi Fakultativ bayonnomasi hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga 1995-yil 31-avgustda qo‘shilgan. Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning ikkinchi Fakultativ bayonnomasiga esa 2008-yil 10-dekabrda a’zo bo‘lgan.
Ushbu xalqaro-huquqiy hujjatlarda belgilangan inson huquqlariga oid normalar mamlakatimiz Konstitutsiyasi hamda milliy qonun hujjatlarida o‘z ifodasini topgan.
Inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro paktlarning qabul qilinishi, xalqaro huquq rivojiga ko‘rsatgan ta’siri hamda bugungi globallashuv davridagi ahamiyati “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali sahifalaridan o‘rin olgan bir qator maqolalarda, jumladan, yuridik fanlar doktori, professor Mirzatillo Tillabayevning ingliz tilidagi “Inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro paktlarning 60-yilligi: me’yoriy bo‘linishdan institutsional birlashuvgacha” (“Sixty Years of the International Covenants on Human Rights: from Normative Division to Institutional Convergence”) nomli maqolasida yoritilgan.
Maqolada “sovuq urush” davrida fuqarolik va siyosiy huquqlarning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlardan ajralib chiqishiga olib kelgan siyosiy hamda mafkuraviy omillar tadqiq etilgan. Unda monitoringning ikki alohida mexanizmi shakllanishi tahlil qilingan hamda iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarning huquqiy tabiati, sud tartibida himoya qilinishi va amalga oshirilishi yuzasidan uzoq yillardan buyon davom etib kelayotgan bahs-munozaralar ko‘rib chiqilgan. Barcha inson huquqlarining universal, bo‘linmas va o‘zaro bog‘liq ekanligi tamoyiliga alohida e’tibor qaratilib, ushbu tamoyil 1968-yildagi Tehron proklamatsiyasi hamda 1993-yildagi Vena deklaratsiyasi va Harakatlar dasturida yana bir bor tasdiqlangani ta’kidlangan. Tadqiqotda, shuningdek, BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasining institutsional evolyutsiyasi, jumladan ularning hisobot taqdim etish tartib-taomillari, individual shikoyatlar mexanizmlari, umumiy izohlari va talqin etuvchi funksiyalari tahlil qilingan. Muallif so‘nggi oltmish yil davomida erishilgan sezilarli yutuqlarga qaramay, shartnomaviy monitoring mexanizmlarining tarqoqligi inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni izchil amalga oshirishda hanuzgacha qiyinchiliklar tug‘dirayotganini ta’kidlagan.
Shuningdek, jurnalning ushbu sonida “Jamiyat va huquq”, “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 30-yilligi”, “Xalqaro huquq va O‘zbekiston tajribasi” ruknlarida dolzarb mavzulardagi maqolalar taqdim etilgan. Jumladan, akademik Akmal Saidovning “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi” nomli maqolasida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi va mazmun-mohiyati batafsil tahlil qilingan. Maqolada ta’kidlanganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizdagi moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshdi. Ya’ni, Konstitutsiyamiz matni qariyb 65 foizga ortdi va xalqimiz takliflari asosida yangilandi.
Muallif yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi 7 turdagi nazariy va amaliy, ilmiy va huquqiy ekspertizadan o‘tkazilganini qayd etgan. Ayniqsa, ilmiy muassasa va ta’lim tashkilotlari yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi yuzasidan takliflar kiritish borasida alohida peshqadamlik ko‘rsatishgan. O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohot jarayonida Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning tegishli tuzilmalari, ayniqsa, faol hamkorlik qilgani e’tirof etilgan.
So‘nggi uch yilda Yangi O‘zbekiston erishgan muvaffaqiyatlar sarhisob qilinib, jamiyat hayotining turli sohalarida davom etayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijalarini mustahkamlashda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz beqiyos ahamiyat kasb etishi to‘g‘risida xulosa chiqarilgan.
Shuningdek, F. Yusupova, J. Ramatov, R. Umarova, P. Ziyo, B. Rasulov, A. Saidov, R. Atovulloyev, Ye. Tileuov, N. Faxriddinovaning o‘zbek tilidagi, Sh. Sadullayeva, S. Egamberdiyev, Sh. Suleymanxodjayeva, M. Xudayberdiyeva, M. Safixanli, S. Mamadiyev, F. Yuldashovning ingliz tilidagi, N. Yusupov, R. Sayekeyeva, E. Rustamov, X. Kabulov, I. Xudaynazarova, T. Ametov, F. Hamdamovaning rus tilidagi ilmiy maqolalari inson huquqlari sohasining dolzarb masalalariga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli.
Ma’lumot uchun: “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali Oliy attestatsiya komissiyasining siyosiy fanlar, huquqshunoslik, falsafa, tarix, islomshunoslik va sotsiologiya fanlari bo‘yicha dissertatsiya asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharririning o‘rinbosari
Ўзбекча
English
Русский