Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

MUSTAQILLIK: YANGI O‘ZBEKISTON KONSTITUTSIYASI VA INSON HUQUQLARI

“Bizning milliy mustaqilligimiz mard va matonatli xalqimizning qat’iy irodasi, istiqlol yo‘lida kurashgan fidoyi ajdodlarimiz orzu-umidlarining ro‘yobi bo‘lib, Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan ezgu ishlarimizning mustahkam asosi, kelajak avlodlarimiz uchun bezavol yetkazishimiz shart bo‘lgan buyuk va muqaddas qadriyatdir”.

Bu fikrlar O‘zbekiston Prezidentining 2026-yil 1-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35-yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori muqaddimasida ta’kidlangan. Qaror bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan  bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan g‘oyaviy-badiiy konsepsiya va dastur tasdiqlandi hamda shu negizda yurtimiz bo‘ylab eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz tadbirlari o‘tkazilmoqda.

 

Konstitutsiya va O‘zbekistonning yagona xalqi

 

Istiqlol bayramining ushbu bosh shiori o‘z ma’no-mazmuniga ko‘ra  2023-yil 30-aprelda yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizning tub mohiyatiga batamom uyg‘undir.

“Yagona xalq” – o‘zbek xalqi, O‘zbekiston xalqi. Istiqlol arafasidayoq ishlab chiqishga kirishilgan va 1992-yil 8-dekabrda mustaqil xalqimiz va suveren davlatimiz qabul qilgan Konstitutsiyamizda qayd etilganidek, “O‘zbekiston xalqini millatidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi”.

O‘z navbatida, 2023-yil 30-aprelda referendumda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz “O‘zbekistonning yagona xalqi” degan yanada haqqoniy tushuncha bilan boyitildi. Ta’bir joiz bo‘lsa, “yagona xalq” tushunchasining mazmun-mohiyatini Vatanimizda doimiy asosda yashab kelayotgan fuqarolar va barcha zamindosh insonlar tashkil etishiga oid real voqelik Asosiy Qonunimizning boshqa moddalarida izchil rivojlantirilgani har qanday tahsinga loyiqdir.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 23-moddasiga ko‘ra: “O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlaydi. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekistondan tashqariga majburiy chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emas. Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish to‘g‘risida xalqaro huquq normalariga muvofiq g‘amxo‘rlik qiladi”.

Shunday g‘amxo‘rlikka bitta amaliy misol. Gap shundaki, Yangi O‘zbekistonda paxtachilikda bozor iqtisodiyoti tamoyillari joriy etilib, soha o‘z egasining tasarrufiga berildi. Natijada o‘qituvchi maktabga, shifokor shifoxonaga qaytdi, tadbirkorlar paxta «o‘lponi»dan ozod bo‘ldi, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga chek qo‘yildi.

Bugungi O‘zbekiston – kechagi O‘zbekiston emas, bugungi xalqimiz ham kechagi, ya’ni paxta dalasidan boshqa tashvishi bo‘lmagan xalq emas. Bugun Yangi O‘zbekistonning davri, yagona O‘zbekiston xalqining yangicha zamoni keldi.

Keyingi o‘n yilda Yangi O‘zbekistonni barpo etishda Prezidentimiz tashabbusi, ya’ni “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan insonparvar g‘oyaga tayanilmoqda. Bunday g‘oyatda demokratik yondashuv ham aynan xalqimiz manfaatlariga xizmat qilmoqda.

 

Mustaqillik: mahalla – jamiyatning yuzi

 

Mamlakatimizdagi barcha o‘zgarishlar, avvalo, mahallada o‘z ifodasini topadi. Binobarin, Yangi O‘zbekistonda shunday tizim yaratildiki, ilgari jiddiy deb hisoblagan ko‘plab masalalarga yechim endilikda aynan mahallaning o‘zida topilyapti.

Shu ma’noda, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatimizda 2026-yil – “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilingani bejiz emas. Zero, davlatimiz rahbari ishonch bilan qayd etganidek, mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat bo‘ladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi.

Joriy yil davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot tarmoqlari, ta’lim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport, ekologiya tizimini – barcha-barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili sifatida ko‘zga tashlanmoqda. Bu hayotiy haqiqatning tasdig‘i uchun ayrim misollarni keltiramiz.

Yangilangan Konstitutsiyamizga asosan davlat zimmasiga yuklatilgan ijtimoiy majburiyatlarni bajarish hamda yurtimizda ijtimoiy davlat barpo etish borasida ham ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 1 million nafardan ziyod fuqaro kambag‘allikdan chiqarildi, kambag‘allik darajasi 6,6 foizga tushirildi.

O‘zbekistonda aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi sezilarli darajada oshdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil yakunlari bo‘yicha bu ko‘rsatkich 75,4 yoshni tashkil etgan. Istiqlolning ilk davri — 1991-yilda esa mamlakatda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 66,4 yosh bo‘lgan. Demak, o‘tgan 35-yilda xalqimizning o‘rtacha umr ko‘rish darajasi naq to‘qqiz yilga uzayibdi.

Yana bir muhim raqam: Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga qaraganda, 2026-yil 1-aprel holatiga O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 38 million 382 ming 685 nafarni tashkil etgan. Joriy yil iyun oyi oxirida e’lon qilingan ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra esa, yurtimiz aholisi soni 39 million nafardan oshgan.

Ya’ni, mamlakatimizda aholi soni 1989-yildagi ro‘yxatga olish natijalariga nisbatan 2 barobar ortgan. Bu raqam Istiqlol yillarida xalqimiz nufusi ikki karra ko‘payganidan dalolat beradi.

Yangi O‘zbekistonda turizm sohasi jadal rivojlanib, tarixiy rekordlarni yangilamoqda va yurtimizga bir oyning o‘zidagina bir million nafar sayyoh kelishi odatiy holga aylanmoqda. Mamlakatimizga kelgan xorijiy sayyohlar soni, 2025-yilda qariyb 12 millionga yetgani va joriy yilning birinchi yarmida 6,5 million nafardan ortiqni tashkil etgani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

Shu ma’noda, O‘zbekistonda 35-yillik mustaqillik davrida qo‘lga kiritilgan eng asosiy yutuqlar avvalo milliy davlatchilik asoslarini qurish, iqtisodiy suverenitet, infratuzilma mustaqilligi va global dunyoga integratsiyalashuv bilan bog‘liqligi bejiz emas. Bunda avvalo davlatchilik va suverenitetni shakllantirish, rivojlantirish hamda mustahkamlash yo‘nalishlarida bir qator muhim tarixiy natijalarga erishildi.

Bu haqda fikr yuritganda, O‘zbekiston mustaqillik yillarida turli sohalarda erishgan bemisl yutuqlarning aksariyati oxirgi 10-yilga to‘g‘ri kelishini alohida e’tirof etish kerakki, bu ham farz, ham qarz hisoblanadi. Yangi O‘zbekistondagi eng asosiy yutuqlar iqtisodiy erkinlik, xalqaro ochiqlik, davlat xizmatlarining raqamlashishi va ijtimoiy sohadagi tub burilishlar bilan chambarchas  bog‘liq.

 

Yangi O‘zbekiston – jahon siyosatining faol va tashabbuskor subyekti

 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada har bir insonning o‘z huquqlarini himoya qilish uchun milliy va xalqaro institutlarga murojaat qilish huquqi kafolatlandi. Konstitutsiyaviy shikoyat instituti konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanib, fuqarolar Konstitutsiyaviy sudga bevosita murojaat qilish huquqiga ega bo‘ldi. Jahon mamlakatlari orasida birinchilardan bo‘lib inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning maqomi konstitutsiyaviy darajada ta’minlandi.

Yanada muhimi, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston jahon siyosatining obyekti emas, balki tom ma’noda faol va tashabbuskor subyektiga aylandi. Zero, XX asr boshidan toki yaqin davrlargacha O‘zbekiston jahon siyosati obyekti bo‘lgan va unga nisbatan goh “yaqin xorij”, goh “xomashyo bazasi”, goh esa “postsovet hududi” kabi bepisand “yorliq”lar qo‘llanib kelingani sir emas.

Keyingi o‘n yilda mamlakatimiz jahon siyosatida boshqalarning ortidan ergashadigan tashabbussiz obyekt holatidan dadil chiqib oldi. Yanada e’tiborlisi, dunyoda keskin geosiyosiy o‘zgarishlar yuz berayotgan bugungi murakkab sharoitda Yangi O‘zbekiston xalqaro hamjamiyatga iqlimni muhofaza qilish, “yashil” iqtisodiyotni joriy etish, fuqarosizlikka barham berish, inson huquqlarini ta’minlash kabi turli sohalarda yangi g‘oya hamda tashabbuslarni taqdim etayotgan jahon siyosatining faol aktori hisoblanadi.

E’tibor bering: Mamlakatimiz BMTning fuqarosizlikni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalarini bajarish borasida tarixiy yutuqqa erishdi. Gap shundaki, 1991-yildan 2016-yilgacha bor-yo‘g‘i 482 kishi O‘zbekiston fuqaroligini olgan bo‘lsa, 2017-yildan 2026-yilgacha 85 mingdan ortiq kishi O‘zbekiston fuqaroligiga ega bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich mamlakatimizdagi insonparvar siyosat jamiyatning hamma qatlamlarini qamrab olishga va inson qadr-qimmatini tom ma’noda hurmat qilishga qaratilganini baralla namoyon etadi.

BMT Bosh Assambleyasi tomonidan O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 15 ta rezolyutsiya qabul qilindi. Bu haqda so‘z borganda, BMT Bosh Assambleyasi 2026-yil iyul oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan "Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida"gi rezolyutsiyani qabul qilganini ta’kidlash lozim.

Mazkur hujjatga dunyoning barcha mintaqalarini ifodalovchi BMTga a’zo 61 davlat hammuallif bo‘ldi. Bu O‘zbekistonning ijtimoiy rivojlanish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va parlament diplomatiyasini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotganini tasdiqlaydi.

Bu hujjat O‘zbekistonning parlament roliga oid birinchi tashabbusi emas. Bundan avval, 2022-yil 14-dekabrda ham BMT Bosh Assambleyasi tomonidan O‘zbekiston tashabbusi bilan «Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida»gi maxsus rezolyutsiya qabul qilingan.

Davlatimiz rahbari mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha ham qator tashabbuslarni ilgari surdi. Markaziy Osiyo davlatlari bugungi kunda dolzarb bo‘lgan mintaqaviy masalalarni ochiq va samimiy muhokama qila boshladi. Natijada xalqaro siyosiy lug‘atda mintaqaviy taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiluvchi o‘ziga xos modelni aks ettiradigan “Markaziy Osiyo ruhi”, “Yangi Markaziy Osiyo” atamalari shakllandi.

Yangi O‘zbekiston global masalalar muhokama qilinadigan xalqaro muloqot maydoni sifatida o‘zini yaqqol namoyon etayotgani alohida tahsinga sazovor. BMTning teng huquqli va to‘laqonli a’zosi sifatida O‘zbekiston tenglik, hamkorlik, ko‘ptomonlamalik va xalqaro siyosiy tizimni himoya qilish prinsiplariga so‘zsiz amal qilishini namoyish etmoqda.

So‘nggi vaqtlarda xalqaro nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, yangi global qurolli to‘qnashuvlarning oldini olish, mamlakatlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, global muloqot, global harakatlar va butun dunyoda inson huquqlarini himoya qilish kabi g‘oyalarni faol ilgari surmoqda. 

 

Yangi O‘zbekiston: inson qadri – ulug‘, inson huquqlari – daxlsiz

 

Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” degan insonparvar g‘oya davlat siyosatining bosh mezoni sifatida qaror topdi. Endi har bir qonun, qaror va dastur avvalo inson manfaatiga xizmat qilishi, uning huquq va erkinliklarini ta’minlashi, munosib hayot sharoitini yaratishi lozim.

O‘z navbatida, inson huquqlari – zamonaviy sivilizatsiya taraqqiyoti darajasini ko‘rsatib turuvchi mezondir. Afsuski, dunyoda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-iqtisodiy inqirozlar, geosiyosiy o‘zgarishlar va qurolli mojarolar inson huquqlari masalalariga o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Hech kimning unutishga haqqi yo‘q – qonun talablari va inson huquqlari – biz uchun oliy qadriyat”. Yangi O‘zbekistonni barpo etish bilan bog‘liq yangicha islohotlar sharoitida “inson, uning huquqlari, erkinliklari, ayniqsa, qadri – eng muhim qadriyat” degan tamoyil e’tirof etilmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi asosida ishlab chiqilgan “Inson huquqlari – 2030” strategiyasi loyihasi keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlangani bejiz emas. Bu – Yangi O‘zbekiston tarixida inson huquqlari bo‘yicha ikkinchi Milliy strategiya hisoblanadi.

“Inson huquqlari – 2030” strategiyasi loyihasi 12 ta bobdan iborat. Unda:

  • Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarining joriy holat tavsifi;

  • Strategiyaning maqsad va vazifalari;

  • Inson huquqlari strategiyasini amalga oshirishning asosiy prinsiplari;

  • Inson huquqlari strategiyasini amalga oshirish mexanizmlari bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi;

  • Strategiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar;

  • Strategiyani amalga oshirishni monitoring qilish va hisobot berish tartibi;

  • Strategiyani amalga oshirishning moliyaviy va resurs ta’minoti;

  • Strategiyani amalga oshirish samaradorligini baholash mexanizmi kabi masalalar o‘z ifodasini topgan.

Muhimi, “Inson huquqlari – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 4  ta ustuvor yo‘nalishdan iborat “natija” ko‘rsatkichlari va “bevosita faoliyat natijasi” ko‘rsatkichlarini o‘z ichiga olgan. Bu o‘rinda:

birinchidan, inson huquqlari sohasida milliy qonunchilikni takomillashtirish;

ikkinchidan, aholining ehtiyojmand toifalari huquqlarini himoya qilish hamda inklyuziv va ijtimoiy adolatli jamiyatni shakllantirish;

uchinchidan, inson huquqlari madaniyatini yuksaltirish va inson huquqlari sohasidagi ta’lim tizimini rivojlantirish;

to‘rtinchidan, O‘zbekistonning inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va xalqaro majburiyatlar ijrosini ta’minlashdan iborat ustuvor yo‘nalishlar haqida so‘z bormoqda.

Shunday qilib, «Inson huquqlari — 2030» strategiyasi tasdiqlangach, unda belgilangan ustuvor yo‘nalishlar ijrosining to‘liq hamda o‘z vaqtida ta’minlanishi, shubhasiz, Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

 

Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessans – strategik vazifalarimiz

 

So‘nggi yillarda mamlakatimiz, mintaqamiz, butun sayyoramiz miqyosida tinchlikni saqlash, o‘zaro ishonchni mustahkamlash, ma’naviyat va ma’rifatni rivojlantirish, ekologiyani muhofaza qilish, shuningdek, ilg‘or innovatsiyalar, zamonaviy texnologiyalar va “yashil iqtisodiyot”ni chuqur tatbiq etish orqali barqaror taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida tom ma’noda bemisl samaralarga erishilmoqda. Ushbu natijalarning barchasi mukarram zot – inson qadrini ulug‘lashga qaratilgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.

Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, mamlakatimiz 2028-yilda ilk ilmiy sun’iy yo‘ldoshini fazoga uchirishni rejalashtirmoqda. Mazkur loyihaning Mirzo Ulug‘bek nomi bilan atalishi va u nafaqat kosmik texnologiyalarni rivojlantirish, balki milliy-ilmiy maktabni shakllantirish va yosh mutaxassislarni tayyorlashga ham xizmat qilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekistonimizning birinchi milliy kosmonavtini qisqa muddatli kosmik parvozga tayyorlash ishlari ham boshlanib ketdi.

Vatanimiz, xalqimiz, millatimiz namoyandalari yuksaklarga parvoz qilish haqida, fazo va koinot, yulduzlar va sayyoralar kashfi xususida anchadan buyon o‘ylamay va intilmay, ta’bir joiz bo‘lsa, orzu ham qilmay qo‘ygandi, nazarimda. Bu o‘rinda, avvalo, shoh va olim bobokalonimiz Mirzo Ulug‘bek hazratlari zamonasi nazarda tutilmoqda.

Istiqlolning 35-yilligi katta bayram qilinayotgan joriy yilda Sohibqiron Amir Temur, Mir Alisher Navoiy bobolarimizning qutlug‘ tavallud ayyomlari ham keng nishonlangani zamirida o‘ziga xos ramziy ma’no mujassam. Zero, ulug‘ alloma ajdodimiz Abu Rayhon Beruniyning: “Vaqt pillapoyasi cheksizdir, bir-birining o‘rnini egallab boradigan avlodlar zinadan zinagacha ko‘tariladilar, xolos. Jamlangan tajribani har bir avlod o‘zidan keyin kelayotgan, o‘zidan keyin uni taraqqiy ettiradigan va boyitadigan navbatdagi avlodga yetkazib beradi”, degan purhikmat fikrlari bor.

Bu  bebaho fikrlarni izchil rivojlantirish asnosida Birinchi va Ikkinchi Sharq Uyg‘onish davri – ana shu ikki Renessans tom ma’noda insoniyat taraqqiyotining oltin pillapoyalari sifatida tarix sahifalariga muhrlangan.

Sharqning butun insoniyat tarixidagi nodir ijtimoiy hodisa bo‘lgan har ikki Renessansi buyuk ajdodlarimizning ilm-ma’rifat va kuchli e’tiqod, diniy bag‘rikenglik va insonparvarlik borasidagi ezgu g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan edi. Bu g‘oyalar O‘zbekiston mustaqilligi yillarida alohida, yanada teran ma’no-mazmun kasb etib bormoqda. 

Mamlakatimizda Uchinchi Renessansni XX asrda ma’rifatparvar jadidlar amalga oshirishlari mumkin edi. Nega deganda, bu fidoyi va jonkuyar zotlar butun umrini milliy uyg‘onish g‘oyasiga bag‘ishlab, o‘lkani jaholat va qoloqlikdan olib chiqish, millatimizni g‘aflat botqog‘idan qutqarish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etganlar.

Shukrki, Prezidentimiz rahnamoligida Yangi O‘zbekistonda  Uyg‘onish davri, ya’ni Uchinchi Renessans poydevorini yaratish asosiy maqsad etib belgilandi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Biz Uchinchi Renessans masalasini strategik vazifa sifatida oldimizga qo‘yib, uni milliy g‘oya darajasiga ko‘tarmoqdamiz”.

 

Akmal SAIDOV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik

“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2026-yil 15-avgust kungi 165(1764)-soni

Nashr sanasi 17.08.2026 Ko'rishlar 227
Ulashish