Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

MUSTAQILLIK VA YANGI O‘ZBEKISTON: INSON HUQUQLARI VA ERKINLIKLARINI TA’MINLASHNING ASOSIY KAFOLATI

Yangilangan Konstitutsiya va inson huquqlari

 

Mustaqillik – bu, avvalo, huquq. Mustaqillik – inson huquq va erkinliklarini ta’minlashning asosiy omilidir. Istiqlol yillari Markaziy Osiyo mintaqasida birinchi bo‘lib inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar tizimi aynan mamlakatimizda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro andozalar va ilg‘or xorijiy tajriba asosida tashkil etildi va so‘nggi 10-yilda ularning faoliyati doimiy ravishda takomillashtirib borilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti “Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bizga inson huquqlari, demokratiya, erkinlik, barqarorlik, tenglik va taraqqiyot tamoyillariga asoslangan huquqiy va adolatli davlat qurish yo‘llarini keng ochib berdi”, deb ta’kidlagani zamirida g‘oyat ulug‘vor haqiqatlar mujassam. Agar dunyo mamlakatlari konstitutsiyalarida insonning 110 dan ortiq huquqi qayd etilgan bo‘lsa, bu huquqlarning 90 tasi endilikda mamlakatimizning Asosiy qonunida mavjud va shu huquqlardan 40 tasi yangi konstitutsiyaviy huquqlardir.

2023-yil 30-aprel kuni bo‘lib o‘tgan referendumda umumxalq ovoz berish yo‘li bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20-moddasiga binoan: “Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi. Insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat  organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi”.

Binobarin, Konstitutsiyamizning 56-moddasida qayd etilganidek, “Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning mavjud shakllari hamda vositalarini to‘ldiradi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga va inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga ko‘maklashadi. Davlat inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratadi.

Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar tizimi tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani), Prezident huzuridagi tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi kiradi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazini tuzishda, bir tomondan, mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini muhofaza qilishning ta’sirchan vositasini barpo etish, ikkinchi tomondan, xalqaro tashkilotlar va huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikni kengaytirish, uchinchi tomondan, davlat muassasalari xodimlari va barcha aholining inson huquqlari bo‘yicha madaniyatini oshirishdek ezgu maqsadlar ko‘zda tutilgan.

 

Yangi O‘zbekiston: inson huquqlari sohasidagi davlat siyosati

 

Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy, huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy modernizatsiya jarayonlarining markazida inson qadri, huquq va erkinliklarini ta’minlash g‘oyasi ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatining samarali amalga oshirilishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi o‘z o‘rni va ahamiyatiga ega. Ayniqsa, keyingi yillarda Milliy markazning bu boradagi muvofiqlashtiruvchilik faoliyati doirasi yanada kengaydi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi ekspertlari ishtirokida ishlab chiqilgan va 2020-yilda tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasibu sohadagi ilk hujjat bo‘lib, mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish mexanizmini takomillashtirish va inson huquqlari madaniyatini shakllantirishda katta ahamiyat kasb etdi. Ushbu dasturiy hujjat bo‘yicha tegishli "Yo‘l xaritasi" ijrosining nazorati bilan bevosita Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi shug‘ullandi.

Milliy strategiyada belgilangan vazifalarni bajarish doirasida bolalar, yoshlar, ayollar, nogironligi bor shaxslar va aholining boshqa zaif qatlamlarining huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi takomillashtirildi. Milliy strategiya doirasida, shuningdek, qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmning qonunchilik asoslari yaratildi, majburiy mehnat va bolalar mehnati bartaraf etildi.

Bularning barchasi islohotlarni tizimlashtirish va xalqaro majburiyatlarni, jumladan Barqaror rivojlanish maqsadlarini, ayniqsa, tinchlik, adolat va samarali institutlarga doir 16-maqsadni amalga oshirish yo‘lida muhim qadamlar bo‘ldi.

Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyani amalga oshirish doirasida O‘zbekiston BMTning ustav va shartnomaviy organlari tavsiyalarini ijro etishning tizimli mexanizmini yaratdi. Natijada davlat organlarining hisobdorligi oshirilib, xalqaro tashkilotlar bilan doimiy muloqot va monitoring tizimi mustahkamlandi, bu esa mamlakatning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini sifatli bajarishiga xizmat qilmoqda.

O‘z navbatida, Prezidentimizning 2026-yil 16-fevraldagi Farmoni bilan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida joriy yilda ishlab chiqiladigan strategik rejalashtirish hujjatlari loyihalari ro‘yxati tasdiqlandi. Ushbu ro‘yxatda “Inson huquqlari – 2030” strategiyasini tasdiqlashga oid normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish nazarda tutildi.

Shu asosda Milliy markaz tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari – 2030” strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi ishlab chiqildi. Farmon loyihasiga ko‘ra, shaxs qadr-qimmati, turmush darajasi va farovonligini oshirishning eng muhim va zaruriy sharti sifatida O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha izchil olib borilayotgan davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy vazifalari va yo‘nalishlari belgilab berilmoqda.

“Inson huquqlari – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 4  ta ustuvor yo‘nalishdan iborat “natija” ko‘rsatkichlari va “bevosita faoliyat natijasi” ko‘rsatkichlarini o‘z ichiga olgan. Bu o‘rinda:

birinchi yo‘nalish – inson huquqlari sohasida milliy qonunchilikni takomillashtirish;

ikkinchi yo‘nalish – aholining ehtiyojmand toifalari huquqlarini himoya qilish hamda inklyuziv va ijtimoiy adolatli jamiyatni shakllantirish;

uchinchi yo‘nalish – inson huquqlari madaniyatini yuksaltirish va inson huquqlari sohasidagi ta’lim tizimini rivojlantirish;

to‘rtinchi yo‘nalish – O‘zbekistonning inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va xalqaro majburiyatlar ijrosini ta’minlashdan iborat ustuvor yo‘nalishlar haqida so‘z bormoqda.

Hozirgi kunda Inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand forumiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Ushbu xalqaro tadbir BMTning 1966-yil 16-dekabrda qabul qilingan ikkita tarixiy hujjati – Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 60-yilligiga, shuningdek, Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilinganligining 40-yilligi hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 30-yilligiga bag‘ishlanishi ko‘zda tutilmoqda.

Forumni o‘tkazish bilan bog‘liq asosiy mas’uliyat Milliy markaz zimmasiga yuklangan. Shuni ham qayd etish joizki, Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi 2018-yildan boshlab an’anaviy tarzda har ikki yilda tashkiliy jihatdan yuqori saviyada o‘tkazib kelinmoqda.

 

Inson huquqlarini himoya qilish: milliy darajadagi hamkorlik

 

Milliy markaz O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning o‘zaro aloqalarini, milliy ma’ruzalar tayyorlashni, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirishni ta’minlovchi muvofiqlashtiruvchi davlat organi hisoblanadi.

Milliy markaz faoliyatida inson huquqlari masalalari bo‘yicha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va ularni maslahat-ekspert jihatdan qo‘llab-quvvatlash katta o‘rin tutadi. Ushbu faoliyatda tashqi ishlar, adliya, ichki ishlar vazirliklari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi kabi davlat tashkilotlari Milliy markazning yetakchi sheriklari hisoblanadi.

Milliy markaz hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari birgalikda insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatida inson huquqlari madaniyatini shakllantirishning dolzarb jihatlariga bag‘ishlangan axborot-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etmoqda. 

Insonning haq-huquqi oliy qadriyatdir. Chunki huquqi yo‘q kishi misoli jonsiz tana, uning na ovozi va na erki bor. Jamiyatda o‘zaro tenglik, adolat va haqiqatni qaror toptirish uchun ham inson huquqlari birinchi galda Konstitutsiyamizda kafolatlab qo‘yilgan.

Inson qadr-qimmatini e’zozlash, adolatni qaror toptirish masalasi keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan vazifaga aylandi. Shu nuqtayi nazardan, bu boradagi ishlarni bevosita nazorat qiladigan, tartibga soladigan, o‘rganadigan va boshqa davlat organlaridan mutlaqo mustaqil bo‘lgan Milliy markaz o‘z ishini yangicha uslubda yo‘lga qo‘ydi.

Milliy markaz o‘zining vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi. Milliy markaz davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ta’lim, ilmiy-tadqiqot muassasalari va boshqa tashkilotlarning faoliyatiga inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarimizni bajarish masalalari bo‘yicha ko‘maklashadi.

Milliy markaz har yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi holati to‘g‘risida axborot taqdim etib kelmoqda. Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘mita va komissiyalarida inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarimizni bajarish bo‘yicha milliy ma’ruzalar loyihalari muhokamalarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.

Inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarish bo‘yicha milliy ma’ruzalar hamda BMTning ustav va shartnomaviy organlarida ko‘rib chiqish yakunlarini parlamentda eshitish amaliyoti joriy etildi. Bugungi kunda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha milliy harakat rejalari – “yo‘l xaritalari” aynan Parlament tomonidan tasdiqlanmoqda.

Keyingi davrda Milliy markazning qonun loyihalarini tayyorlashda ishtirok etish ko‘lami yanada kengaydi. Hatto Milliy markaz faoliyatiga Oliy sud Plenumi qarorlarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish amaliyoti ham kirib keldi.

Tahlillarimizga ko‘ra, Milliy markaz tomonidan 2025-yilda 84 ta normativ-huquqiy hujjat ekspertizadan o‘tkazilgan bo‘lsa, 2026-yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatkich 49 tani tashkil etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaviy sud faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, fuqarolarning konstitutsiyaviy odil sudlovga bo‘lgan huquqlarini kengaytirish hamda tizimni raqamlashtirishga qaratilgan muhim islohotlarni amalga oshirmoqda. Masalan, yangi davrda Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan yangi institutlar belgilandi. Jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz hamda Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani) ushbu huquqqa ega bo‘ldi.

Yoki bo‘lmasa, murojaat qilish tizimining soddalashtirilishi jarayonlarida byurokratiyani kamaytirish talabini olaylik. Bu borada fuqarolar va yuridik shaxslarning Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish tartiblari soddalashtirilgani tahsinga loyiqdir.

Bunday qulaylik jismoniy va yuridik shaxslar uchun alohida ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, Milliy markaz Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqidan faol foydalanmoqda va bir qator tashabbuslar bilan chiqdi.

Milliy markaz qonun hujjatlarini tayyorlash, ekspert jihatdan baholash va takomillashtirishga yo‘naltirilgan mulohazalar va tavsiyalar ishlab chiqish jarayonida ham faol qatnashayotganini aytib o‘tish joiz, deb hisoblayman. 

Eng asosiysi, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga rioya qilish va ularni cheklash masalalari bo‘yicha qonun loyihalari Milliy markaz bilan majburiy ravishda kelishiladi. Bundan tashqari, hozirgi vaqtda inson huquqlarini himoya qilish sohasida davlat organlari, shu jumladan, sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri – inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarishda faol va bevosita ishtirok etish, idoralararo hamkorlik qilish hisoblanadi.

 

Inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlik

 

Yangi O‘zbekiston inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarda faol ishtirok etmoqda, bu borada xorijiy davlatlar bilan hamkorlik qilmoqda. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Yangi O‘zbekiston barcha davlatlar bilan o‘zaro hamjihatlik, ochiq muloqot va yaqin sheriklik tarafdoridir. Biz xalqlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, umumbashariy maqsadlarni ro‘yobga chiqarish yo‘lida o‘z hissamizni qo‘shishga doim tayyormiz”.

So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston jahon siyosatining obyekti emas, balki tom ma’noda faol va tashabbuskor subyektiga aylandi. Zero, XX asr boshidan toki yaqin davrlargacha O‘zbekiston jahon siyosati obyekti bo‘lgan va unga nisbatan goh “yaqin xorij”, goh “xomashyo bazasi”, goh esa “postsovet hududi” kabi bepisand “yorliq”lar qo‘llanib kelingani sir emas.

Keyingi o‘n yilda mamlakatimiz jahon siyosatida boshqalarning ortidan ergashadigan tashabbussiz obyekt holatidan dadil chiqib oldi. Yanada e’tiborlisi, dunyoda keskin geosiyosiy o‘zgarishlar yuz berayotgan bugungi murakkab sharoitda Yangi O‘zbekiston xalqaro hamjamiyatga iqlimni muhofaza qilish, “yashil” iqtisodiyotni joriy etish, fuqarosizlikka barham berish, inson huquqlarini ta’minlash kabi turli sohalarda yangi g‘oya hamda loyihalarni taqdim etayotgan jahon siyosatining faol aktori hisoblanadi.

E’tibor bering: Mamlakatimiz BMTning fuqarosizlikni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalarini bajarish borasida tarixiy yutuqqa erishdi. Gap shundaki, 1991-yildan 2016-yilgacha bor-yo‘g‘i 482 kishi O‘zbekiston fuqaroligini olgan bo‘lsa, 2017-yildan 2026-yilgacha 85 mingdan ortiq kishi O‘zbekiston fuqaroligiga ega bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich mamlakatimizdagi insonparvar siyosat jamiyatning hamma qatlamlarini qamrab olishga va inson qadr-qimmatini tom ma’noda hurmat qilishga qaratilganini baralla namoyon etadi.

Inson huquqlari bo‘yicha kengash va uning maxsus tartib-taomillari bilan faol hamkorlik davom etmoqda. O‘zbekiston BMTning turli organlari tavsiyalari asosida yettita milliy harakat rejasini ishlab chiqdi va amalga oshirmoqda.

 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti va O‘zbekiston: inson huquqlari sohasida hamkorlik

 

Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar samaralari tufayli mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi tobora yuksalmoqda. Bu yutuqlarimizga munosib hissa qo‘shgan muhim omillardan ayrimlariga muxtasar to‘xtalishni lozim topdim.

Birinchidan, O‘zbekiston milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor 2020-yil 13-oktyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida bo‘lib o‘tgan saylovlarda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga uch yil muddatga – 2021-2023-yillarga saylandi. Mamlakatimiz BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zosi sifatida bu boradagi vazifalarini muvaffaqiyat bilan bajardi.

Ikkinchidan, 2024-yil 7-iyun kuni Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro mehnat konferensiyasining 112-sessiyasida O‘zbekiston ilk marotaba Yevropa hududidan eng ko‘p ovoz to‘pladi va Xalqaro mehnat tashkiloti Ma’muriy kengashi a’zoligiga saylandi. Bu yutuq O‘zbekistonning global mehnat siyosatida, Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarda, mehnat munosabatlari tizimini takomillashtirish yuzasidan yangi taklif va g‘oyalarning ishlab chiqilishida bevosita ishtirok etishiga qulay imkoniyat yaratdi.

Uchinchidan, 2024-yil iyun oyida 2025-2027-yillar uchun BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi a’zoligiga o‘tkazilgan saylovda O‘zbekiston 185 mamlakat tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, EKOSOSga saylandi. Mamlakatimiz o‘z tarixida ilk bor ushbu tuzilmaga a’zo bo‘ldi. Binobarin, BMT doirasida barqaror rivojlanishning barcha uch yo‘nalishi – iqtisodiy va ijtimoiy sohalar, shuningdek, atrof-muhitni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarda EKOSOS muhim o‘rin tutadi.

To‘rtinchidan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining 2025-yil 3-martda ochilgan 143-sessiyasi ishida ilk bor O‘zbekiston vakili – BMTning ushbu nufuzli organi tarkibiga 2025-2028-yillar davriga saylangan akademik A. Saidov ishtirok etgani jamiyatimiz va davlatimiz uchun ushbu sessiyaning alohida ahamiyatini ko‘rsatdi. Bugungi kunda O‘zbekiston vakili Qo‘mita ishida faol qatnashmoqda.

Beshinchidan, mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturi va Milliy ta’lim dasturini amalga oshirish doirasida inson huquqlari madaniyatini shakllantirish, ta’lim jarayonining barcha bosqichlarida inson huquqlari bo‘yicha o‘quv kurslarini joriy etish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

Bugungi kunda BMTning Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturi butun dunyo miqyosida izchil amalga oshirib kelinmoqda. Ushbu xalqaro tashabbusning navbatdagi — beshinchi bosqichini O‘zbekistonda samarali joriy etish, shuningdek inson huquqlari sohasidagi ta’limni yanada rivojlantirish va aholining, xususan, yosh avlodning bu boradagi huquqiy ongini shakllantirish maqsadida maqsadida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan 2026-yil 3-martda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilindi.

Milliy markaz tomonidan shu asosda joriy yilning o‘tgan davrida “Inson huquqlari sohasida xalqaro standartlar va milliy qonunchilik” mavzusida mamlakat miqyosida – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida 14 ta seminar-trening tashkil etildi. Ushbu mashg‘ulotlarda joylardagi ichki ishlar organlari huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘inlari profilaktika inspektorlari – jami 5 ming 255 nafar tinglovchi ishtirok etdi.

Shuningdek, Toshkent shahri, Toshkent, Buxoro va Xorazm viloyatlarida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish” mavzusida o‘quv kurslari o‘tkazildi. Bu mashg‘ulotlarda 4 ta hududdan jami 268 nafar sud, prokuratura va ichki ishlar tizimi xodimi qatnashdi.

Mamlakatimizda inson huquqlari sohasida ta’lim, axborot tarqatish, huquqiy madaniyatni oshirishda va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda Milliy markazning Inson huquqlari bo‘yicha axborot-kutubxona markazi — Inson huquqlari uyi” Markaziy Osiyoda yagona va muhim platforma vazifasini bajarmoqda.

Yangi O‘zbekiston global masalalar muhokama qilinadigan xalqaro muloqot maydoni sifatida o‘zini yaqqol namoyon etayotgani alohida tahsinga sazovor. BMTning teng huquqli va to‘laqonli a’zosi sifatida O‘zbekiston tenglik, hamkorlik, ko‘ptomonlamalik va xalqaro siyosiy tizimni himoya qilish prinsiplariga so‘zsiz amal qilishini namoyish etmoqda. So‘nggi vaqtlarda xalqaro nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, yangi global qurolli to‘qnashuvlarning oldini olish, mamlakatlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, global muloqot, global harakatlar va butun dunyoda inson huquqlarini himoya qilish kabi g‘oyalarni faol ilgari surmoqda. 

BMT Bosh Assambleyasi tomonidan O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 15 ta rezolyutsiya qabul qilindi. Bu haqda so‘z borganda, Bosh Assambleya 2026-yil iyulida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan "Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida"gi rezolyutsiyani qabul qilganini ta’kidlash lozim.

Mazkur hujjatga dunyoning barcha mintaqalarini ifodalovchi BMTga a’zo 61 davlat hammuallif bo‘ldi. Bu O‘zbekistonning ijtimoiy rivojlanish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va parlament diplomatiyasini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotganini tasdiqlaydi.

Bu hujjat O‘zbekistonning parlament roliga oid birinchi tashabbusi emas. Bundan avval, 2022-yil 14-dekabrda ham BMT Bosh Assambleyasi tomonidan O‘zbekiston tashabbusi bilan «Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida»gi maxsus rezolyutsiya qabul qilingan.

Mamlakatimiz, mintaqamiz, butun sayyoramiz miqyosida tinchlikni saqlash, o‘zaro ishonchni mustahkamlash, ma’naviyat va ma’rifatni rivojlantirish, ekologiyani muhofaza qilish, shuningdek, ilg‘or innovatsiyalar, zamonaviy texnologiyalar va “yashil iqtisodiyot”ni chuqur tatbiq etish orqali barqaror taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida tom ma’noda bemisl samaralarga erishilmoqda. Ushbu natijalarning barchasi mukarram zot – inson qadrini ulug‘lashga qaratilgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.

 

Inson huquqlarining birinchi galdagi himoyachisi – aynan insonning o‘zi!

 

Milliy markaz huzurida Jamoatchilik kengashi ish olib bormoqda. Bu boradagi faoliyatni ta’minlashda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-avgustda qabul qilingan “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni katta ahamiyat kasb etdi.

Nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalari ham o‘z samaralarini bermoqda. Bu o‘rinda Milliy markaz birinchi navbatda bolalar, yoshlar, xotin-qizlar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy zaif guruhlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muvofiqlashtiruvchi va maslahat berish-ekspert tadbirlarini amalga oshirayotganini qayd etish maqsadga muvofiqdir.

Milliy markazning inson huquq va erkinliklari sohasidagi axborot-ma’rifiy faoliyati haqida to‘xtalganda, avvalo, keyingi yillarda mamlakatimizda inson huquqlari sohasida uzluksiz ta’lim va ma’rifiy ishlar tizimi shakllantirilganini ta’kidlash ayni muddaodir. Bugungi kunda yurtimizda huquq himoyasi mavzuida yigirmadan ziyod ixtisoslashtirilgan jurnal va gazetalar chop etilmoqda. Barcha maktab, kollej va litseylarda, oliy ta’lim muassasalarida inson huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslari o‘rganilmoqda.

Xususan, Milliy markaz muassisligi va hammuassisligida «Demokratlashtirish va inson huquqlari» hamda «Ijtimoiy fikr. Inson huquqlari» jurnallari muntazam nashr etilmoqda. Markaz tomonidan inson huquqlari bo‘yicha kitoblar, ilmiy-ommaviy risolalar, xalqaro hujjatlar to‘plamlari, xalqaro konferensiyalar materiallarini chop etish yo‘lga qo‘yilgan.

Mamlakatimizda 2020-yildan boshlab 10-dekabr – Xalqaro inson huquqlari kunida «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko‘krak nishoni fuqarolik jamiyati institutlari va davlat organlarining faol vakillarini inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xizmatlari uchun rag‘batlantirish maqsadida topshirilmoqda. O‘tgan davrda ushbu mukofot bilan 88 nafar hamyurtimiz va xorijiy hamda xalqaro hamkorlarimiz, shuningdek, inson huquqlari sohasidagi faol tashkilotlar taqdirlandi.

Mustaqillik yillarida Vatanimizda inson huquq va erkinliklari, insonning qonuniy manfaatlari davlat manfaatlaridan ustunligi mustahkamlandi. Yurtdoshlarimiz uchun munosib hayot sharoiti yaratish davlat va jamiyatning bosh maqsadiga aylandi. El-yurtimizda ijtimoiy adolat tamoyillari tobora ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekistonda 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha qamrovdor sa’y-harakatlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Bu yo‘ldagi barcha intilishlarimiz BMTning har bir inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan “Hech kimni unutmaslik va ortda qoldirmaslik” asosiy tamoyiliga muvofiqdir.

E’tiborli jihati shundaki, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga mos ravishda, qonun ustuvorligini ta’minlash va inson huquqlari hamda erkinliklarini ishonchli himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh qilish, advokatura institutining mavqeini keskin oshirish, malakali huquqiy yordam ko‘rsatish tizimini rivojlantirish va adliya tizimini takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangan. Mazkur Strategiya doirasida inson huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar qabul qilindi.

Bularning barchasi bejiz emas. Zotan, agar biz aholining huquqiy madaniyati va huquqiy ongini yuksaltirishga erishsak, bugun yechishimiz lozim bo‘lgan qator muammolar o‘z-o‘zidan bartaraf etilishi va hatto yuzaga kelmasligi yo‘lida katta ishni bajargan bo‘lamiz. Zero, inson huquqlarining birinchi galdagi himoyachisi aynan insonning o‘zidir!

Shunday qilib, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “yaxshi yashash uchun eng avvalo yaxshi mehnat qilish, huquq va erkinlik bilan birga, javobgarlik va mas’uliyatni ham chuqur his etishimiz zarur. Bunga erishish esa, faqat va faqat o‘zimizga bog‘liq”.

 

Akmal Saidov,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi direktori, akademik

«Ishonch» gazetasining 2026-yil 15-avgust kungi 100 (5320)-soni

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining kutubxonasi

Nashr sanasi 17.08.2026 Ko'rishlar 213
Ulashish