Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-avgustdagi 447-son qaroriga muvofiq, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni Vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy tiklanish markazlariga joylashtirish tartibi takomillashtirilmoqda.
Qaror bilan ushbu davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. Unga ko‘ra, shaxslarni markazlarga joylashtirishda ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xavfsizligi va shaxsiy ma’lumotlarini muhofaza qilish, shuningdek, ijtimoiy xizmatlarni kompleks tashkil etishga ustuvor ahamiyat beriladi.
Shu bilan birga, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni aniqlash, markazga joylashtirish va keyinchalik ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish jarayoni axborot tizimlari orqali muvofiqlashtiriladi.
Xususan, shaxsni identifikatsiya qilish zamonaviy texnologiyalar, jumladan, Face-ID, barmoq izlari yoki fuqaroning biometrik pasporti yoki ID-kartasi orqali amalga oshiriladi. Shaxsga oid ma’lumotlar «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimidagi ma’lumotlar bilan solishtiriladi.
Markazga joylashtirilgan shaxsning ijtimoiy holati ham o‘rganiladi. Bunda uning ijtimoiy himoya choralari bilan ta’minlanganligi, xulq-atvori, moddiy va oilaviy holati, qarindoshlari hamda boshqa shahar va hududlardagi aloqalari aniqlanadi.
Zarur hollarda shaxsni oilasi, qarindoshlari yoki boshqa yaqinlari bilan qayta bog‘lash choralari ko‘riladi.
Qarorda nogironligi bo‘lgan shaxslar, yosh bolali ayollar, yolg‘iz keksalar, qarovsiz qolgan bolalar va boshqa ehtiyojmand toifalarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha ham choralar belgilangan.
Bundan tashqari, shaxslarning keyingi ijtimoiy moslashuvini ta’minlash uchun individual ijtimoiy xizmatlar rejasi ishlab chiqiladi. Unda ijtimoiy muhofaza choralari, qarindoshlar va do‘stlar bilan aloqani tiklash kabi yo‘nalishlardagi tadbirlar nazarda tutiladi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-oktyabrdan markazlar faoliyatiga oid belgilangan tartiblar amalga kiritiladi. 2027-yil 1-iyulga qadar esa barcha markazlarni sanitariya va qurilish normalari hamda qoidalariga muvofiq holatga keltirish belgilangan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
