Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Mustaqillik bayrami arafasida Milliy markaz doktorantlari bilan yig‘ilish o‘tkazildi

28-avgust kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida mamlakatimiz mustaqilligining 35-yilligi munosabati bilan Milliy markaz doktorantlari bilan yig‘ilish tashkil etildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov tadbir ishtirokchilarini O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi bilan tabrikladi. Ushbu eng ulug‘ va eng aziz bayramning har bir yurtdoshimiz, jumladan ilm-fan ahli uchun alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

A. Saidov, shuningdek, Istiqlol yillarida yurtimizda ilm-fan sohasini rivojlantirish, yoshlarning ilmiy salohiyatini yuksaltirishni qo‘llab-quvvatlash va inson huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar to‘g‘risida to‘xtaldi. Milliy markazning ilmiy salohiyatini mustahkamlashda yosh tadqiqotchilarning alohida o‘rni borligi qayd etildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidentining 2027-yil 1-yanvardan kuchga kiradigan «Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmonida nazarda tutilgan o‘zgarishlar yuzasidan tadqiqotchilarga atroflicha ma’lumot berildi. Maqolalar chop etish borasidagi masalalar ham muhokama qilindi.

Tadbir yakunida Milliy markaz doktorantlari oldida turgan bir qator muhim vazifalar belgiladi. Bu o‘rinda, jumladan, ilmiy tadqiqotni amalga oshirish, maqolalar, tezislar yozish mahoratini oshirish bo‘yicha seminar treninglarda ishtirok etish; ixtisoslik hamda chet tili bo‘yicha malakaviy imtihonlarni topshirish; dissertatsiya himoyasini belgilangan muddatdan kechiktirmasdan amalga oshirish masalalari haqida so‘z bormoqda.

Doktorantlarga Milliy markaz huzurida tashkil etilgan Inson huquqlari bo‘yicha axborot-kutubxona markazi — «Inson huquqlari uyi» fondidagi ma’lumotlardan keng foydalanishi yuzasidan ham batafsil amaliy tavsiyalar berildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

 matbuot xizmati

Nashr sanasi 28.08.2026 Ko'rishlar 34
Ulashish