Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Yangi O‘zbekistonda ona va bola huquqlari, oila manfaatlari – davlat himoyasida

Ishlaydigan onalarga farzandi bir yoshga to‘lguniga qadar Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasidan nafaqa to‘lanadi.

3-sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda, jumladan, shu haqda so‘z bordi.

Yig‘ilishda ehtiyojmand oilalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan yangi yondashuvlar belgilab berildi. Bu boradagi zarur topshiriqlarni berar ekan, «Bola parvarishlayotgan ota-onalarni uyida yoki mahallada ishli va daromadli qiladigan tizimni yo‘lga qo‘yamiz» — dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Mehnatga layoqatsiz ehtiyojmand oilalarga «passiv daromad» keltiradigan ijtimoiy paket uchun joriy yilda 300 milliard so‘m ajratilgan. Bunday yordam olgan 11 ming oilaning yarmida daromad sezilarli oshgani qayd etildi.

– Kelasi yildan reyestrga kirgan oila farzandlarining davlat va xususiy bog‘cha badali, o‘quv markazi to‘lovi, yo‘lkirasi hamda oliygohdagi yotoqxona xarajati vaucher orqali qoplab beriladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Vaucher 12 oy muddatga beriladi va ehtiyojmand oila Ijtimoiy reyestrdan chiqarilganidan keyin ham amal qiladi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligiga yil yakuniga qadar ehtiyojmand aholini «ijtimoiy reyestr»ga kiritish tizimini qayta ko‘rib chiqish topshirildi.

Bunda aholi daromadi bilan birga surunkali kasallik, nogironlik, ko‘p bolalilik va oila a’zosining xorijda ishlayotgani kabi omillarni qamrab oladigan ko‘p o‘lchovli baholash tizimiga o‘tiladi.

Yurtimizda kambag‘allik darajasi 3,9 foizga tushdi. Shunday bo‘lsa-da, 3 yoshgacha farzandi bor oilalarda mazkur ko‘rsatkich o‘rtacha 6,5 foizni tashkil etmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 03.09.2026 Ko'rishlar 55
Ulashish