Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Milliy gvardiyaga oid qonun: fuqarolar bilan munosabatlarda ochiqlik va qonuniylik ta’minlanadi

Oliy Majlis Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun ma’qullandi.

Qonun bilan Milliy gvardiya organlarining asosiy vazifalari qayta tizimlashtirilmoqda. Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlash hamda qo‘riqlash faoliyati bilan bog‘liq vazifalar birlashtirilib, ommaviy tartibsizliklarga chek qo‘yish bo‘yicha yangi vazifa belgilanmoqda.

Shuningdek, davlat obyektlari, o‘ta muhim va toifalangan obyektlar, boshqa obyektlar hamda jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini qo‘riqlashga oid vazifalar amaldagi vakolatlardan kelib chiqib optimallashtiriladi.

Qonunning muhim yangiliklaridan biri Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining fuqarolar bilan muloqot qilish tartibiga taalluqli. Endilikda harbiy xizmatchi fuqaroga murojaat qilganda o‘z lavozimi, harbiy unvoni, familiyasi, ismi va otasining ismini aytishi, murojaat sababi va maqsadini tushuntirishi shart bo‘ladi.

Fuqaro talab qilgan taqdirda harbiy xizmatchi xizmat guvohnomasini ham ko‘rsatishi lozim.

Bundan tashqari, jamoat xavfsizligini ta’minlashda zamonaviy maxsus vositalardan foydalanish bo‘yicha Milliy gvardiyaning huquqlari aniqlashtirilmoqda.

Senatorlarning ta’kidlashicha, o‘zgartishlar Milliy gvardiyaning vazifa va vakolatlarini amaldagi funksiyalarga moslashtirish, huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish hamda fuqarolar bilan munosabatlarda ochiqlik va qonuniylikni ta’minlashga qaratilgan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 11.09.2026 Ko'rishlar 177
Ulashish