Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

YASHASH HUQUQI – INSONNING AJRALMAS HUQUQIDIR

10-sentyabr – Butunjahon o‘z joniga qasd

qilishning oldini olish kuni

 

Har yili dunyoda 727 ming kishi o‘z joniga qasd qiladi. 2021-yilda 15 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lganlar orasida suitsid, ya’ni o‘z joniga qasd qilish o‘limning eng keng tarqalgan uchinchi sababiga aylandi. Bu tashvishli raqamlar kuni kecha BMTning “Yangiliklar sayti”da e’lon qilindi.

Ushbu global muammoga e’tiborni jalb qilish maqsadida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Butunjahon o‘z joniga qasd qilishning oldini olish kunini ta’sis etdi. Bu sana har yili 10-sentyabrda nishonlanadi.

Har bitta o‘z joniga qasd qilish holati butun oilalar va jamoalar hayotiga ta’sir ko‘rsatadigan fojeadir. Suitsidlar sayyoramizning barcha mintaqalarida sodir bo‘ladi. Shu bilan birga, 2021 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, barcha holatlarning qariyb to‘rtdan uch qismi, ya’ni 73 foizi daromadi past va o‘rta darajadagi mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Xavf omillari turlicha: asosan daromadi baland mamlakatlarda ular ko‘pincha depressiya, alkogolga qaramlik va o‘tmishdagi suitsidga urinishlar bilan bog‘liq bo‘ladi. Ayni paytda, ko‘pchilik inqiroz lahzalarida, moliyaviy qiyinchiliklar, munosabatlarning buzilishi, kasallik, mojarolar yoki ofatlar sharoitida vaziyatni yenga olmay, o‘ylamasdan, impulsiv qadam tashlaydi.

Xavf darajasi yuqori bo‘lgan guruhga qochqinlar, muhojirlar, tub aholi vakillari, shuningdek, mahbuslar kabi kamsitishlarga duch keladigan zaif toifalar kiradi.

Aholini himoya qilish va suitsidlarning oldini olish uchun JSST pestitsidlar, o‘qotar qurollar, ayrim dori-darmonlar kabi suitsid vositalaridan foydalanishni cheklashni tavsiya qiladi. OAVda ayni mavzuni mas’uliyat bilan yoritish, o‘smirlarga hissiy va ijtimoiy ko‘nikmalarni o‘rgatish, shuningdek, suitsidga moyil odamlarni o‘z vaqtida aniqlab, ularga zarur yordam ko‘rsatish zarurligiga doimiy e’tibor qaratilmoqda.

Bu chora-tadbirlarni amalga oshirish sog‘liqni saqlash, ta’lim, mehnat va qishloq xo‘jaligi sohalari, biznes, adliya tizimi, siyosiy tuzilmalar va media o‘rtasida joriy ishlarni o‘zaro muvofiqlashtirishni, shuningdek, vaziyat va moliyalashtirishni muntazam monitoring qilib borishni talab etadi.

Afsuski, stigmatizatsiya (shaxs yoki guruhni jamiyatning boshqa a’zolaridan ajratib ko‘rsatishga qaratilgan ijtimoiy kamsitish) va tabu (muayyan ijtimoiy, madaniy yoki diniy sabablarga ko‘ra taqiqlangan, nomaqbul deb hisoblangan yoki gapirishdan qochiladigan xatti-harakatlar, mavzular va odatlar) hali ham jiddiy to‘siqligicha qolmoqda. Shu sababli hayotdan sovigan odamlar yordam so‘rab hech kimga va hech qayerga murojaat qilmaydi.

Bugungi kunda sanoqli mamlakatlargina suitsid profilaktikasini ustuvor vazifalar qatoriga kiritgan. Qolaversa, atigi 38 ta davlat ayni sohada o‘z milliy strategiyasini ishlab chiqqan.

Bundan tashqari, o‘z joniga qasd qilish holatlariga doir sifatli ma’lumotlar yetishmovchiligi saqlanib qolmoqda. JSSTga a’zo 80 ta mamlakatdagina ishonchli demografik ro‘yxatga olish tizimi mavjud.

Suitsid darajasini pasaytirish xalqaro miqyosdagi ustuvor vazifa sifatida e’tirof etilib, BMTning Barqaror rivojlanish bo‘yicha kun tartibiga hamda JSST dasturlariga kiritilgan. JSSTning suitsidning oldini olishga doir 2014-yildagi ma’ruzasi va 2021-yildagi amaliy qo‘llanmasi ushbu sohadagi asosiy hujjatlar bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekistonda o‘z joniga qasd qilish muammosi, global miqyosda bo‘lgani kabi, davlat darajasidagi jiddiy masalalardan biri hisoblanadi. Mamlakatda ushbu salbiy holatning oldini olish, unga moyilligi bor shaxslarni barvaqt aniqlash va ularga kompleks ijtimoiy-psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

JSST va mahalliy statistika ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda suitsid ko‘rsatkichi Markaziy Osiyo mintaqasida o‘rtacha darajada bo‘lib, oxirgi yillarda bu ko‘rsatkichni kamaytirishga erishilmoqda. Bunda davlat tomonidan ko‘rilayotgan muhim huquqiy va tashkiliy choralar alohida ahamiyatga ega.

Statistika bo‘yicha o‘z joniga qasd qilish holatlarining qariyb 57 foizi – erkaklar, 43 foizi – ayollar hissasiga to‘g‘ri keladi. Biroq, suitsidga urinish (ya’ni, tirik qolish) holatlari xotin-qizlar va yoshlar orasida ko‘proq kuzatiladi.

Inson o‘z shirin joniga qasd qilishining asosiy sabab va omillari nimada? Rasmiy va sohaviy o‘rganishlar suitsidga quyidagi omillar eng ko‘p sabab bo‘layotganini ko‘rsatmoqda:

  • Oilaviy nizolar: Suitsid holatlarining qariyb 13,7 foizi oilaviy janjallar va yaqinlar bilan kelishmovchiliklar natijasida sodir bo‘ladi.

  • Ruhiy tushkunlik (depressiya) va kasalliklar: Shaxsning ichki emotsional inqirozlari, surunkali ruhiy kasalliklar.

  • Moddiy-maishiy qiyinchiliklar: Iqtisodiy muammolar yoki ishsizlik (taxminan 2,3 foiz).

  • Narkotik yoki alkogolga qaramlik: Taxminan 1,7 foiz holatlarda ta’sir qiladi.

  • Muxtasar aytganda, suitsid profilaktikasi, ya’ni o‘z joniga qasd qilishning oldini olish masalasi ham global, ham milliy ko‘lamdagi mas’uliyatli vazifa hisoblanadi. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25-moddasida mustahkamlab qo‘yilganidek, “Yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqidir va u qonun bilan muhofaza qilinadi. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir”.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 11.09.2026 Ko'rishlar 164
Ulashish