11-sentyabr kuni Sankt-Peterburg davlat universitetining Toshkent shahridagi filialida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy markazi direktori, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, Rossiya Fanlar akademiyasining xorijiy a’zosi, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi Akmal Saidov bilan uchrashuv bo‘ldi.
Qiziqarli muloqot asnosida oliy yuridik ta’limni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. O‘quv jarayonini takomillashtirish va jamiyatning zamonaviy talablariga javob beradigan malakali mutaxassislar tayyorlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Talabalar tayyorlash sifatini oshirish, yoshlarning yuksak huquqiy madaniyatini shakllantirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish nechog‘lik muhimligi alohida ta’kidlandi. Tomonlar ta’lim va ilmiy muassasalarning akademik hamkorligi hamda o‘zaro aloqalariga alohida urg‘u berdilar.
Shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, akademik almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish, O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi ta’lim hamda ilmiy aloqalarni mustahkamlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.
A. Saidov Sankt-Peterburg davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali faoliyati, uning ta’lim yo‘nalishlari va asosiy vazifalari bilan yaqindan tanishdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. Shu maqsadda qo‘shma ta’limiy va ilmiy tashabbuslarni rivojlantirish, shuningdek, talabalar va o‘qituvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan Anglashuv va hamkorlik memorandumini tayyorlash hamda imzolashga kelishib olindi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
