Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Tinchlik –  taraqqiyot va farovonlik sharti

26 sentyabr – Yadro qurolini

butunlay yo‘q qilish xalqaro kuni

 

Tinchlik va xavfsizlik — har qanday jamiyat taraqqiyoti va farovonligining eng muhim shartlaridandir. Biroq bu maqsadlarga erishish yo‘lida insoniyat oldida hamon jiddiy sinovlar turibdi.

Yadro quroli insoniyat yaratgan eng halokatli qurol turi bo‘lib, uning mavjudligi butun sayyoramiz xavfsizligiga doimiy tahdid solmoqda. Aynan shu tahdidning global miqyosini anglagan xalqaro hamjamiyat uni bartaraf etish yo‘lida qat’iy qadamlar qo‘yishga kirishdi.

Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasining 2013 yil 5 dekabrdagi rezolyutsiyasi bilan  26 sentyabr – Yadro qurolini butunlay yo‘q qilish xalqaro kuni sifatida e’lon qilindi. Shundan buyon xalqaro hamjamiyat har yili ayni sanani keng nishonlab kelmoqda. Shu orqali xalqaro hamjamiyat yadro qurolining insoniyat va atrof-muhitga solayotgan xavfini jamoatchilikka yetkazishni, yadroviy qurolsizlanish masalasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishni hamda dunyoni yadro qurolidan xoli qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni kuchaytirishni maqsad qilgan.

BMT yadro qurolsizlanishini xalqaro xavfsizlik sohasidagi eng ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab keladi. Tashkilotning 1946 yildagi ilk rezolyutsiyasidayoq atom energiyasini nazorat qilish va ommaviy qirg‘in qurollarini yo‘q qilish masalalari kun tartibiga kiritilgandi. Keyingi o‘n yilliklarda ushbu masala xalqaro xavfsizlik va tinchlikni ta’minlash bo‘yicha ko‘p tomonlama diplomatiyaning muhim yo‘nalishiga aylandi.

Yadro qurollarining qo‘llanilishi qisqa vaqt ichida juda katta miqyosdagi insoniy talafotlarga, infratuzilmaning vayron bo‘lishiga va uzoq muddatli ekologik oqibatlarga olib kelishi mumkin. Buning yaqqol misoli sifatida 1945 yilda Xirosima va Nagasaki shaharlariga tashlangan ikkita atom bombasini keltirish mumkin — oqibatda taxminan 213 ming kishi halok bo‘ldi.

Bugungi kunga kelib esa, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda hamon taxminan 12 ming 187 dona yadro quroli saqlanib qolmoqda. Bu tashvishli raqam insoniyat xavfsizligi oldida turgan xavfning hali ham naqadar dolzarbligidan bong urmoqda.

Yadro qurollaridan foydalanish nafaqat bevosita zararlangan hududdagi insonlarning hayoti va sog‘ligiga, balki kelajak avlodlarning farovonligiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Radiatsion ta’sir, atrof-muhitning ifloslanishi va uzoq muddatli ekologik oqibatlar bunday qurollarning xavfini faqat harbiy masala bilan cheklab bo‘lmasligini ko‘rsatadi.

Shu sababli yadroviy qurolsizlanish masalasi tinchlik va xalqaro xavfsizlik bilan bir qatorda inson huquqlarini himoya qilish, inson hayoti va sog‘ligini asrash hamda barqaror rivojlanishni ta’minlash bilan ham chambarchas bog‘liq.

Bu boradagi xavflarning global miqyosi va uzoq muddatli oqibatlarini inobatga olib, xalqaro hamjamiyat yillar davomida yadro qurolsizlanishi sohasida izchil huquqiy asos yaratishga harakat qilib kelmoqda. Bunda nafaqat yadro qurolini taqiqlovchi va cheklovchi shartnomalar, balki ularning bajarilishini kafolatlovchi nazorat mexanizmlari ham muhim o‘rin tutadi.

Ushbu huquqiy asosning poydevorini esa yadro qurollarini tarqatmaslik siyosati tashkil etadi. Mazkur siyosatning amaliy ifodasi sifatida Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi xalqaro shartnoma (NPT) xalqaro xavfsizlik tizimining asosiy huquqiy mexanizmlaridan biri hisoblanadi.

Shartnomaning muhim jihatlaridan biri shundaki, yadroviy texnologiyalardan tinch maqsadlarda foydalanish huquqi bilan yadro qurollarining tarqalishining oldini olish vazifasi o‘zaro uyg‘unlashtiriladi. O‘zbekiston Respublikasi NPTga 1992 yilda qo‘shilgan bo‘lib, o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarni izchil bajarib kelmoqda.

NPT bilan bir qatorda, xalqaro huquqda yadro qurolsizlanishini ta’minlashga qaratilgan muhim hujjatlardan yana biri — Yadro qurolini taqiqlash to‘g‘risidagi xalqaro shartnoma (TPNW) hisoblanadi. Mazkur xalqaro shartnoma 2017 yil 7 iyulda qabul qilingan va 2021 yil 22 yanvarda kuchga kirgan.

Binobarin, TPNW 20-yildan ortiq vaqt ichida yadro qurolsizlanishi sohasida ishlab chiqilgan birinchi ko‘p tomonlama, yuridik majburiy xalqaro shartnomadir. Shartnoma yadro qurolini ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish, egallash, saqlash, joylashtirish, topshirish, qo‘llash yoki qo‘llash bilan tahdid qilish kabi harakatlarni taqiqlaydi. Shu jihatdan, shartnoma  yadro qurolidan holi dunyoni shakllantirishga qaratilgan xalqaro huquqiy mexanizmlarni yanada rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi.

Biroq huquqiy taqiqning o‘zi yetarli emas — uning amalda izchil bajarilishini nazorat qiluvchi mustaqil xalqaro mexanizm ham zarur hisoblanadi. Aynan shu vazifani Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE, inglizcha: IAEA) bajaradi. MAGATE 1957 yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning faoliyati atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanishni rivojlantirish, yadroviy xavfsizlikni mustahkamlash va yadroviy qurollarning tarqalishining oldini olishga qaratilgan.

Agentlikning kafolatlar tizimi davlatlarning xalqaro majburiyatlariga muvofiqligini texnik jihatdan tekshirishga, xususan yadroviy material va texnologiyalarning tinch maqsadlardan harbiy maqsadlarga yo‘naltirilmasligini nazorat qilishga xizmat qiladi. Bu jarayon yadro energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish va yadro qurollari tarqalishining oldini olish o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekiston 1994 yildan buyon MAGATE a’zosi bo‘lib, shu davr mobaynida agentlik bilan 40 dan ortiq qo‘shma loyiha amalga oshirilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev va MAGATE Bosh direktori Rafayel Grossi o‘rtasida 2024 yil 4 dekabrda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. 

Natijada tinch atom sohasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma «yo‘l xaritasi» qabul qilindi. Ushbu kelishuvlarning davomi sifatida, 2025 yilda O‘zbekiston yadroviy xavfsizlik sohasidagi bir qator xalqaro konvensiyalarga rasman qo‘shildi.

Ushbu xalqaro huquqiy mexanizmlarning amaliy natijasiga misol sifatida Markaziy Osiyo davlatlarining tajribasini keltirish mumkin. Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud yaratish g‘oyasi birinchi marta 1993 yil sentyabrda O‘zbekiston tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 48-sessiyasida ilgari surilgan. Shu tariqa 13-yildan so‘ng, 2006 yil 8 sentyabrda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston Semipalatinskda imzolagan tegishli shartnoma kuchga kirib, mintaqani yadro qurolidan holi hududga aylantirdi.

Ushbu shartnomaning o‘ziga xos jihatlaridan biri shundaki, Markaziy Osiyo — Shimoliy yarim sharda to‘liq joylashgan va bevosita yadro qurollariga ega ikki davlat, Rossiya hamda Xitoy bilan chegaradosh yagona yadrosiz hududdir. BMT ushbu jarayonni xalqaro yadroviy qurolsizlanish va yadro qurollari tarqalishining oldini olish borasidagi muhim qadam sifatida qayd etadi.

Markaziy Osiyoning yadrosiz hudud sifatida shakllanishi mintaqaviy xavfsizlik, o‘zaro ishonch va yadroviy tahdidlarning oldini olishga qaratilgan ko‘p tomonlama hamkorlikning amaliy namunasidir. Ayniqsa, mintaqada o‘tmishda yadroviy sinovlarning og‘ir oqibatlari kuzatilgani mazkur masalaning mintaqa uchun naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi.

Ya’ni, mintaqamizning aynan yadroviy sinovlar va qurol joylashtirilgan hududdan global yadro qurolsizlanishi sa’y-harakatlarida faol ishtirok etuvchi mintaqaga aylanishi shartnomaning ramziy ahamiyatini yanada oshiradi. Yadroviy sinovlarning ekologik va inson salomatligiga uzoq muddatli ta’siri xalqaro hamjamiyatning yadro qurollarini cheklash va ularni butunlay yo‘q qilish borasidagi sa’y-harakatlari naqadar zarurligini yana bir bor namoyon etadi.

Shu bilan birga, yadro texnologiyalari faqat harbiy soha bilan bog‘liq emasligini ta’kidlash joizki. Ular energetika, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, sanoat va ilm-fanda keng qo‘llaniladi. MAGATE ma’lumotlariga ko‘ra, yadroviy texnologiyalar elektr energiyasi ishlab chiqarishdan tashqari, kasalliklarni tashxislash va davolash, oziq-ovqat va tibbiy buyumlarni sterilizatsiya qilish hamda boshqa ko‘plab tinch maqsadlarda qo‘llaniladi.

Shu sababli xalqaro hamjamiyat oldida turgan muhim vazifalardan biri – yadroviy texnologiyalarning tinch va foydali qo‘llanilish imkoniyatlarini saqlab qolgan holda, ularning harbiy maqsadlarda qo‘llanilishi va yadro qurollarining tarqalishining oldini olishdir.

BMT Bosh kotibi  Antoniu Guterrish tegishli xalqaro sana  munosabati bilan yo‘llagan chaqirig‘ida xalqaro hamjamiyatni «shoshilinch va jasorat bilan harakat qilish hamda hozirgi va kelajak avlodlar uchun xavfsizroq, tinchroq dunyo qurish»ga da’vat etdi.  Binobarin, mavjud xalqaro-huquqiy va institutsional mexanizmlar o‘z-o‘zidan yakuniy natijani kafolatlamaydi — ularning samaradorligi xalqaro hamjamiyatning izchil siyosiy irodasi va amaliy harakatlariga bog‘liq.

Bugungi murakkab xalqaro sharoitda yadroviy qurolsizlanish va yadroviy xavfsizlikni ta’minlash masalalari xalqaro hamjamiyat oldidagi ustuvor vazifalardan bo‘lib qolmoqda. Bu borada quyidagi yo‘nalishlarga:

  • yadroviy qurollar tarqalishining oldini olish bo‘yicha xalqaro mexanizmlarni mustahkamlash;

  • yadroviy qurolsizlanish bo‘yicha ko‘p tomonlama muloqot va muzokaralarni rivojlantirish;

  • yadroviy qurolsizlanish va yadro xavfsizligi sohasidagi xalqaro huquqiy majburiyatlarni izchil bajarish;

  • yadro materiallari va texnologiyalarining tinch maqsadlarda qo‘llanilishini ta’minlash;

  • yadroviy xavfsizlik va radiatsion xavfsizlikni kuchaytirish;

  • yosh avlod va keng jamoatchilik o‘rtasida yadroviy qurollarning oqibatlari hamda tinchlik madaniyati haqida xabardorlikni oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratish muhim.

Xulosa qilib aytganda, 26 sentyabr  – Yadro qurolini butunlay yo‘q qilish xalqaro kuni insoniyatga umumiy xavfsizlikning muhim haqiqatini muntazam eslatib turadi. Zero, yadro qurollarining mavjudligi nafaqat davlatlar o‘rtasidagi strategik munosabatlar, balki inson hayoti, atrof-muhit va kelajak avlodlar xavfsizligi bilan ham bevosita bog‘liq.

Yadroviy qurolsizlanish uzoq va murakkab jarayon bo‘lsa-da, yadro qurolini taqiqlash va yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi xalqaro shartnomalar kabi xalqaro-huquqiy mexanizmlar hamda MAGATE kabi institutsional vositalar bu yo‘lda muhim tayanch nuqtalari bo‘lib xizmat qiladi. Markaziy Osiyoning yadrosiz hudud sifatidagi tajribasi esa mintaqaviy darajada bunday sa’y-harakatlarning amalda qanday natija berishi mumkinligini yaqqol ko‘rsatadi.

Shu ma’noda, 26 sentyabr nafaqat muayyan sanani nishonlash, balki yadroviy xavfsizlik va tinchlik yo‘lidagi xalqaro huquqiy majburiyatlarni izchil bajarish zarurligini yana bir bor anglash kuni sifatida ham g‘oyat ahamiyatlidir.

 

Suhrob Bozorov,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining

Inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarni implementatsiya qilish bo‘limi  bosh mutaxassisi

Nashr sanasi 26.09.2026 Ko'rishlar 18
Ulashish