Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Milliy markazda Tailand Inson huquqlari bo‘yicha milliy komissiyasi a’zosi bilan uchrashuv bo‘ldi

Yaqin kunlarda bo‘lib o‘tadigan Inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand forumida ishtirok etish uchun xorijiy va xalqaro delegatsiyalarning mamlakatimizga tashriflari davom etmoqda.

26-sentyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatillo Tillaboyev Samarqand forumi xorijiy mehmonlaridan biri – Tailand Inson huquqlari bo‘yicha Milliy komissiyasi a’zosi, professor Suchart Setthamalinee bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Tailand Inson huquqlari bo‘yicha milliy komissiyasi ofisi xodimi Fasuan Duangpratip, shuningdek, Milliy markazning Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Iqbolbek Abdumajidov hamda Tahlil va tadqiqotlar bo‘limi yetakchi mutaxassisi Dilnoza Rahmatjonova ham ishtirok etdi.

M.Tillaboyev mehmonlarni qutlar ekan, Tailand Inson huquqlari bo‘yicha milliy komissiyasi Janubi-Sharqiy Osiyodagi nufuzli huquqni muhofaza qilish instituti ekanligini va uning amaliy tajribasi O‘zbekiston tomonida katta qiziqish uyg‘otishini qayd etdi.

Muloqot asnosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida fikr yuritildi. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib inson huquqlarini himoya qiluvchi milliy institutlar tizimini shakllantirgani ta’kidlandi.

Bundan tashqari, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi va inson huquqlari sohasidagi 2030-yilgacha bo‘lgan strategiya haqida alohida so‘z bordi. Strategiya negizida «inson – jamiyat – davlat» tamoyili yotadi. U milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, shuningdek, aholining barcha toifalari, jumladan, ayollar, bolalar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilishni nazarda tutadi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturiga qo‘shilgani e’tirof etildi.

Tomonlar hamkorlikning bir qator yo‘nalishlarini muhokama qildilar. Jumladan:

– Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Tailand Inson huquqlari bo‘yicha milliy komissiyasi o‘rtasida institutsional hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda Anglashuv memorandumini tuzish;

– o‘zaro tajriba va ilg‘or amaliyotlar bilan almashish, jumladan, inson huquqlarini monitoring qilish va himoya qilish masalalari bo‘yicha ikki tomonlama uchrashuvlar va tanishuv tashriflarini tashkil etish;

– inson huquqlari sohasidagi ta’lim yo‘nalishida hamkorlik qilish, shu jumladan, davlat xizmatchilari, yoshlar, pedagoglar va fuqarolik jamiyati vakillari uchun qo‘shma ma’rifiy tashabbuslarni amalga oshirish masalalari haqida fikr yuritildi.

Uchrashuv yakunida Tailand delegatsiyasi uchun Inson huquqlari uyi bo‘ylab ekskursiya o‘tkazildi. Mehmonlar ushbu ma’rifat maskanining faoliyati va asosiy ish yo‘nalishlari bilan tanishtirildi.

Tomonlar inson huquqlari bo‘yicha ikki milliy institut o‘rtasidagi muloqotni davom ettirish va hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 26.09.2026 Ko'rishlar 39
Ulashish