Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand forumi ishtirokchilari Islom sivilizatsiyasi markazini ziyorat qildilar

27-sentyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan bir guruh mehmonlar poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazini ziyorat qildilar. Xorijiy va xalqaro mehmonlarga ushbu  ma’rifiy sayohat davomida  Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi mas’ul xodimlari hamrohlik qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti g‘oyasi va tashabbusi asosida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat o‘tmish haqida hikoya qiladigan, balki tarix, bugun va kelajakni bog‘laydigan, taraqqiyotimizning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradigan aql-tafakkur markazidir.  Ushbu muazzam maskan O‘zbekistonning boy ma’rifiy salohiyati, tarixi, ilmiy-ma’naviy, madaniy merosini o‘zida mujassam etgani bilan diqqatga sazovor.

Samarqand forumi ishtirokchilari Vatanimizning shonli tarixi va Yangi O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘prik bo‘lgan ushbu maskanda boy ma’naviy va ilmiy merosni mamlakatning zamonaviy intilishlari bilan bog‘laydigan jarayonlar bilan tanishdilar. Xususan, Islom sivilizatsiyasi markazining Shon-sharaf zali, Qur’oni Karim zali, Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari bo‘limi bo‘lgan So‘g‘d zali, «Bag‘rikenglik» maydonini tomosha qildilar.

Mehmonlar, shuningdek, Shon-sharaf zalida joylashgan 14 ta ravoqda Markaziy Osiyo xalqlari tarixidagi muhim voqealar tasvirlangani guvohi bo‘ldilar. Markaz zallarida zamonaviy texnologiyalar tarixni jonli muloqotga aylantirganini ko‘rib, hayratlandilar.

Samarqand forumi ishtirokchilariga O‘zbekiston hududidagi islomgacha bo‘lgan davr tarixi, islom sivilizatsiyasining shakllanishi va taraqqiyoti, buyuk allomalar merosi, milliy madaniy boyliklar hamda mamlakatning ilmiy-ma’rifiy salohiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi. O‘z navbatida, mehmonlar bu yerda yaratilgan zamonaviy multimedia, noyob qo‘lyozma va tarixiy eksponatlarni e’tirof etarkan, Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro miqyosdagi ahamiyatini yuqori baholadi. 

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 27.09.2026 Ko'rishlar 18
Ulashish