Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror taraqqiyot yo‘lida global sheriklik

2026-yil 28-29-sentyabr kunlari O‘zbekistonda Inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand forumi bo‘lib o‘tdi. An’anaviy xalqaro tadbir «Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro paktlarning 60-yilligi va Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 40-yilligi: inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror taraqqiyot yo‘lida global sheriklik» mavzusiga bag‘ishlandi.

Ikki kunlik Forum nihoyasida «Samarqand tasavvuri – 2040: inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror taraqqiyot yo‘lidagi global hamkorlik» nomli yakuniy hujjat qabul qilindi.

An’anaviy tarzda har ikki yilda o‘tkazib kelinayotgan ushbu xalqaro Forum qisqa vaqt ichida inson huquqlarining turli sohalariga oid dolzarb masalalarni muhokama qilish va samarali yechimlar topish borasida dunyo miqyosida kam uchraydigan noyob, qulay va o‘ziga xos muloqot maydoniga aylandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, «Yurtimizda ilk bor 2018-yilda o‘tkazilgan Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi jahon amaliyotiga o‘ziga xos «Samarqand ruhi»ni olib kirdi desak, hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu tariqa inson huquqlari sohasidagi eng dolzarb muammolarga bag‘ishlangan Samarqand forumlarini o‘tkazish yaxshi an’ana tusini oldi».

Inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand forumida xalqaro, mintaqaviy, xorijiy va milliy tashkilotlarning 200 dan ortiq vakili yuzma-yuz va onlayn formatlarda ishtirok etdi. Ushbu ishtirokchilar qatorida 10 ta xalqaro tashkilot, 8 ta mintaqaviy tashkilot, xorijiy mamlakatlarning inson huquqlari bo‘yicha 8 ta milliy instituti, inson huquqlari bo‘yicha 30 dan ortiq yetakchi milliy va xorijiy ekspert, tadqiqot markazlari, fuqarolik jamiyati, ommaviy axborot vositalari hamda ishbilarmon doiralar vakillari bor.

Forumning birinchi kuni Toshkentda bo‘lib o‘tdi. Tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov har ikki yilda an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan ushbu Forum qisqa vaqt ichida inson huquqlarining turli sohalariga oid dolzarb masalalarni muhokama qilish va samarali yechimlarni topish uchun jahon miqyosida kamyob, noyob, qulay va o‘ziga xos muloqot maydoniga aylanganini ta’kidladi.

U bugungi kunda insoniyat murakkab va o‘zaro bog‘liq global chaqiriqlarga duch kelayotganini ta’kidladi. Xususan, sun’iy intellekt va yangi raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi inson hayoti uchun ulkan imkoniyatlar bilan bir qatorda yangi huquqiy va axloqiy xavflarni ham keltirib chiqarmoqda.

Shu bois, inson huquqlarini himoya qilishning universal tizimini zamonaviy voqeliklar asosida takomillashtirish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir. Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumi dasturi aynan shunga qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati nomidan Forum ishtirokchilarini yuqori palata raisi Tanzila Narbayeva qutladi.

«1995-yilda O‘zbekiston Inson huquqlari to‘g‘risidagi ikkala xalqaro pakt va Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi paktning Birinchi fakultativ protokoli qoidalarini ratifikatsiya qildi. O‘shanda bu o‘zining mustaqil yangilanish va taraqqiyot yo‘lini endigina boshlagan mamlakatning qarori edi. Bugun, mustaqilligimizning 35-yilligida, biz sizni inson huquqlari nafaqat tashqi majburiyat, balki ichki e’tiqodga aylangan mamlakat sifatida kutib olmoqdamiz», — deb ta’kidladi u.

Senat Raisi, shuningdek, O‘zbekistonda bundan 30-yil avval Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz tashkil etilganini qayd etib, Markaz jamoasini va bugun tarixda birinchi marta BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasida mamlakatimiz nomidan vakillik qilayotgan akademik Akmal Saidovni samimiy tabrikladi.

O‘zbekiston parlamenti yuqori palatasi Raisi parlamentlarning roliga alohida to‘xtalib, xalqaro majburiyat milliy parlament orqali o‘tgandagina inson uchun ro‘yobga chiqishini ta’kidladi. Parlamentda inson huquqlari qonun kuchiga, byudjet resurslariga, nazorat kafolatiga va xalq ovoziga ega bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov o‘z tabrigida ta’kidlaganidek, «O‘zbekistonda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, shuningdek, uning sha’ni va qadr-qimmatini yuksaltirish masalalari Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda markaziy o‘rinni egallab, davlat siyosatining ustuvor maqsadiga aylandi. Davlat rahbarining bevosita tashabbusi bilan inson huquqlarining konstitutsiyaviy kafolatlari yanada mustahkamlandi».

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurkning murojaatida Samarqand forumining davlatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati va ekspertlar hamjamiyati o‘rtasidagi muloqot uchun xalqaro maydon sifatidagi ahamiyati qayd etildi.

O‘zbekistonda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida e’tibor qaratildi: «O‘zbekiston muhim islohotlarni amalga oshirish mumkinligini namoyish etdi. Hozirgi bosqichdagi vazifa — erishilgan natijalarni mustahkamlash, saqlanib qolayotgan kamchiliklarni bartaraf etish va erishilgan taraqqiyot barcha tomonidan his qilinishini ta’minlashdir».

Folker Tyurk O‘zbekiston va forum ishtirokchilarini alohida Inson huquqlari bo‘yicha global alyansda faol ishtirok etishga chaqirdi. Bunda inson huquqlarini amalda ilgari surish maqsadida davlatlar, fuqarolik jamiyati, biznes, yoshlar, akademik hamjamiyat va boshqa manfaatdor tomonlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish zarurligini ta’kidladi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi rahbari o‘z nutqida Samarqand forumi davlatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati va ekspertlar hamjamiyatini birlashtirgan inson huquqlari masalalari bo‘yicha mazmunli muloqot uchun muhim maydonga aylanganini e’tirof etdi. Dunyoning turli mintaqalarida inson huquqlariga nisbatan davom etayotgan bosim sharoitida bunday maydonchalarning alohida ahamiyatini ta’kidlab, Boshqarma rahbari Forumdan muloqotdan amaliy harakatlarga o‘tish uchun foydalanishga chaqirdi.

Mamlakatimizning inson huquqlari sohasidagi sezilarli yutuqlari qayd etildi. Xususan, siyosiy iroda, mustaqil monitoring hamda davlat, ishchilar, ish beruvchilar, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) va fuqarolik jamiyatining hamkorligi natijasida paxtachilik sohasida tizimli majburiy va bolalar mehnatiga barham berilgani ijobiy baholandi. Shuningdek, O‘zbekistonning fuqarosizlikning oldini olish, gender tenglik va xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlash, BMTning xalqaro inson huquqlari mexanizmlari bilan hamkorlikni kengaytirish borasidagi qadamlari alohida qayd etildi.

Xalqaro tavsiyalarni amalga oshirishda milliy institutlar va parlament mexanizmlarining rolini yanada kuchaytirish zarurligiga e’tibor qaratildi.

 Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi Prezidenti Miryana Spolyarich Forum ishtirokchilariga yo‘llagan qutlovida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazga inson huquqlarining dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun xalqaro maydon tashkil etgani uchun minnatdorchilik bildirdi.

 «Bir tamoyil o‘zgarishsiz qolmoqda: insoniylik eng og‘ir davrlarda ham, shu jumladan urush paytida ham bizning javob harakatlarimiz markazida bo‘lishi kerak», — deya ta’kidlandi Miryana Spolyarichning murojaatida. Xalqaro gumanitar me’yorlar quruq qoidalar bo‘lib qolmasligi, balki eng zaif holatdagi odamlarning haqiqiy himoyasini ta’minlashi zarurligi ta’kidlandi. Xalqaro majburiyatlarni samarali amalga oshirish esa siyosiy yetakchilik, kuchli milliy institutlar, xalqaro hamkorlik va izchil amaliy harakatlarni talab etadi.

Inson huquqlari, taraqqiyot va salomatlik huquqi uzviy bog‘liq — bu haqda o‘zining Forum ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus to‘xtaldi.

U Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Nizomi qabul qilinganining 80-yilligiga va unda salomatlik inson huquqi sifatida mustahkamlanganiga alohida e’tibor qaratdi.

JSST Bosh direktori xalqaro majburiyatlardan – markazida inson qadri va tenglik turadigan qonunchilik, davlat siyosati va samarali tizimlar orqali ularni amaliyotga tatbiq etishga o‘tish zarurligini ta’kidladi.

Bunday o‘tish zarurligi haqida o‘zining qutlov so‘zida BMTning O‘zbekistondagi Doimiy koordinatori Sabina Mahl ham aytib o‘tdi.

Nutqda fuqarolik makonini, jamoatchilik ishtirokini mustahkamlash hamda qarorlar qabul qilishda fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari roliga muhim urg‘u berildi. Sabina Maxlning so‘zlariga ko‘ra, inson huquqlari pirovardida mahalliy darajada — xalqaro standartlar tuman kasalxonasi, maktab, sud, ijtimoiy xizmatlar markazi va mahalla ishida o‘z aksini topgandagina ro‘yobga chiqadi.

BMT Doimiy koordinatorining fikricha, «Biz uchun majburiyatlardan amaliyotga o‘tishning haqiqiy ma’nosi shudir: xalqaro standartlardan — milliy qonunlarga; milliy qonunlardan — faoliyat yurituvchi institutlarga; institutlardan — yanada sifatli xizmatlarga; va yanada sifatli xizmatlardan — insonlar hayotidagi daxldor o‘zgarishlarga o‘tishdir».

Sabina Maxl BMT amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat qonunchilik darajasida qabul qilinishi, balki ularning «hududma-hudud, tumanma-tuman va hamjamiyatma-hamjamiyat» izchil hayotga tatbiq etilishi, bunda tegishli jarayonlarda aholining faol ishtirok etishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini ta’kidladi.

SHHT Bosh kotibi Nurlan Yermekbayevning Forum ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida bugungi kunda BMT Nizomining maqsad va tamoyillariga hamda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga sodiqlikni saqlash, xalqlarning o‘z taraqqiyot yo‘lini mustaqil belgilash huquqini hurmat qilish, inson huquqlari sohasida teng huquqli muloqot va tajriba almashishni rivojlantirish ayniqsa muhim ekani ta’kidlandi.

«2026-yil 1 sentyabr kuni Bishkek shahrida SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining 26-majlisi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Prezidenti hurmatli Shavkat Mirziyoyev SHHT mamlakatlarining ulkan insoniy, tabiiy, ishlab chiqarish va intellektual resurslarini, eng avvalo, xalqlarimiz farovonligini oshirishga yo‘naltirish zarurligini ta’kidladi. Ushbu yondashuvni rivojlantirish maqsadida u «SHHT – 2040: umumiy taraqqiyot makoni» konseptual qarashini ishlab chiqishga kirishishni taklif qildi. Odamlar farovonligiga qaratilgan bunday e’tibor joriy Forum mavzusiga hamohangdir», — deya ta’kidladi SHHT Bosh kotibi.

Forumning xalqaro qismida MDH Bosh kotibi Sergey Lebedevning nutqi o‘qib eshittirildi. Unda Samarqand forumi MDH davlatlari o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning amaliy davomi hamda inson huquqlarini himoya qilish, rivojlanish huquqini ro‘yobga chiqarish va zamonaviy xavf-xatarlarga javob berish sohasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish maydoni ekani ta’kidlandi.

«Xalqaro va mintaqaviy tajribani o‘zida mujassam etgan holda, Forum har bir fuqaroning manfaatlarini so‘zsiz ustuvor deb bilib, shaxs huquqlarini himoya qilish, rivojlanish huquqini ro‘yobga chiqarish hamda zamonaviy xavf-xatarlarga samarali javob berish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish uchun nufuzli platforma bo‘lib xizmat qilmoqda», — deb ta’kidladi MDH Bosh kotibi.

Sergey Lebedev Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazini 30-yillik yubileyi bilan tabriklar ekan, Markazning uzoq yillik faoliyati inson huquqlarini milliy darajada himoya qilishning xalqaro tamoyillariga sodiqligidan dalolat berishini qayd etdi: «O‘ttiz yil davomida Markaz inson huquqlarini himoya qilish davlat tizimini takomillashtirish, ilg‘or xalqaro standartlarni joriy etish va kasbiy muloqotni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda».

MDH Bosh kotibi, shuningdek, ishida Hamdo‘stlik davlatlarining inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari vakillari ishtirok etayotgan MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasining rolini alohida qayd etdi.

O‘z navbatida, MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi Yevgeniya Paramonovaning nutqida Komissiya 2023-yil 29-noyabrda o‘z ishini boshlagani va «nisbatan qisqa muddat faoliyat yuritayotganiga qaramay, Komissiya MDH makonida inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha davlat institutlari uchun muhim integratsiya maydoniga aylangani hamda inson huquqlari kabi nozik sohada samarali muloqot o‘rnatish namunasini ko‘rsatayotgani» ta’kidlandi.

Komissiya faoliyati doirasida inson huquqlari sohasidagi huquqiy bazani yaqinlashtirish va uyg‘unlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Xususan, MDH Parlamentlararo Assambleyasi Doimiy komissiyasi bilan hamkorlikda «Inson huquqlari bo‘yicha vakil maqomi to‘g‘risida»gi MDH model qonunining yangi tahriri ishlab chiqildi.

EXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori Maria Telalian o‘z murojaatida inson huquqlarini samarali himoya qilishni ta’minlashda kuchli va mustaqil milliy huquqni himoya qiluvchi muassasalarning ahamiyatini hamda jamiyatning bunday institutlarga bo‘lgan ishonchi muhimligini ta’kidladi.

Uning fikricha, «Ishonchni faqat deklaratsiyalar bilan saqlab qolib bo‘lmaydi. U odamlar ishonishi mumkin bo‘lgan institutlar, huquqlar buzilgan hollardagi hisobdorlik, fuqarolar va davlat organlari o‘rtasidagi muloqot hamda, eng avvalo, inson huquqlari standartlarini odamlarning kundalik hayotida izchil qo‘llash orqali shakllanadi».

Inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro paktlarning 60-yilligini e’tirof etar ekan, Maria Telalian ushbu hujjatlarning qabul qilinishi davlatlar xalqaro hamkorlik — universal standartlarni ishlab chiqish va ularga rioya qilish majburiyatini olish orqali nimalarga erishishi mumkinligiga yaqqol misol bo‘lganini ta’kidladi.

O‘z navbatida, Turkiya Inson huquqlari va tenglik instituti raisi Vasip Shahinning qayd etganidek, milliy inson huquqlarini himoya qilish muassasalari davlat organlari, fuqarolik jamiyati, huquq egalari va xalqaro tashkilotlar o‘rtasida bog‘lovchi vazifani bajarishga qodir. Xususan, Institut BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasiga doir Fakultativ bayonnomaga muvofiq Milliy preventiv mexanizm vazifasini bajaradi, jumladan, ozodlikdan mahrum etilgan yoki himoya ostida bo‘lgan shaxslar saqlanadigan joylarga borish, sharoitlarni monitoring qilish va tegishli tavsiyalar tayyorlashni amalga oshiradi.

«Inson huquqlarini himoya qilishning barqaror tizimi xalqaro majburiyatlar hamda ularni milliy va mahalliy darajada amalga oshirish o‘rtasidagi mustahkam va doimiy aloqani ta’minlashi zarur», — deya ishonch bilan ta’kidladi notiq.

Muntazam milliy monitoring qiynoqlarning oldini olishni doimiy va barqaror amaliyotga aylantirish imkonini beradi. Bu haqda o‘zining videomurojaatida BMT Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha kichik qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Elina Shteynerte ma’lum qildi.

«Qiynoqlarning samarali oldini olish bir martalik choralarni emas, balki vaziyatga xalqaro e’tibor susayganidan keyin ham odamlarni himoya qilishni ta’minlaydigan doimiy milliy monitoringni talab qiladi», — dedi E. Shteynerte.

EXHTning Milliy ozchiliklar ishlari bo‘yicha Oliy komissari Kristof Kamp o‘z nutqida Inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro paktlarning 60-yilligi va Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 40-yilligi doirasida milliy ozchiliklar huquqlarini himoya qilishning ahamiyatini ta’kidladi. U tenglik, inson huquqlarining bo‘linmasligi va inklyuziv rivojlanish o‘rtasidagi bog‘liqlikka alohida e’tibor qaratib, madaniy va til o‘ziga xosligini himoya qilish ta’lim, bandlik, sog‘liqni saqlash hamda ijtimoiy-iqtisodiy hayotda ishtirok etishda teng imkoniyatlarni ta’minlash bilan birga kechishi kerakligini ta’kidladi.

Markaziy Osiyoning tarixan shakllangan tillar, madaniyatlar va hamjamiyatlar xilma-xilligiga ega mintaqa sifatidagi o‘rni, shuningdek, bu boradagi davlatlararo hamkorlikning ahamiyati alohida qayd etildi.

Nutqda ko‘p tilli va ko‘p madaniyatli ta’lim masalasi muhim o‘rin egalladi. Oliy komissar EXHTning Markaziy Osiyo davlatlari bilan ushbu yo‘nalishdagi ko‘p yillik faoliyatini qayd etib, ona tilini davlat tili bilan bir vaqtda o‘rganish imkoniyati turli jamoalar vakillarining ijtimoiy va iqtisodiy hayotda to‘laqonli ishtirok etishiga xizmat qilishini ta’kidladi.

«Tenglik bir xillikni anglatmaydi: jamiyat ozchilikni tashkil etuvchi jamoalarni himoya qilgan va jalb etganda kuchliroq bo‘ladi», — dedi K.Kamp.

Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi o‘z-o‘zidan tarix yaratmoqda. Shunday fikrni XMTning O‘zbekiston bo‘yicha katta koordinatori Yuriy Sterk bildirdi.

«Bu Forumning beshinchi anjumani bo‘lib, u inson huquqlari sohasidagi mintaqaviy va global hamkorlikka katta hissa qo‘shadi, eng muhim muammolarni yoritib beradi va bu sohadagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish hamda inson huquqlari tizimini milliy, mintaqaviy va global miqyosda rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qiladi», — dedi Yu. Sterk.

Uning ta’kidlashicha, Xalqaro mehnat tashkiloti inson huquqlari bilan mutlaqo bevosita bog‘liq: «Bu gumanitar hamkorlik va inson huquqlari sohasidagi bugungi kunga qadar faoliyat yuritib kelayotgan eng avvalgi xalqaro tashkilot. U Birinchi jahon urushi tugagandan so‘ng darhol ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarga e’tibor qaratgan holda tashkil etilgan bo‘lib, munosib mehnatni himoya qilish tizimini yaratmasdan hamda mehnat qilish huquqini amalga oshirish bilan bog‘liq huquqlarni (bu esa huquqlarning butun bir tizimidir) targ‘ib qilmasdan turib, xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash mumkin emasligini anglagan holda tuzilgan».

Rivojlanish huquqi insonni, uning qadr-qimmatini, huquqlarini, tanlash imkoniyatlarini va o‘z kelajagini shakllantirishda ishtirok etish qobiliyatini markaziy o‘ringa qo‘yishi lozim. Buni YUNFPAning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori o‘rinbosari Klaus Bek o‘z nutqida ta’kidladi.

Nutqda demografik barqarorlik konsepsiyasi muhim o‘rin egalladi. U davlatlarning demografik o‘zgarishlarga o‘z vaqtida munosabat bildirish, shu bilan birga inson huquqlarini himoya qilish va aholining turli guruhlari uchun imkoniyatlarni kengaytirish qobiliyatini nazarda tutadi. «Inson qadr-qimmati taraqqiyotning qo‘shimcha natijasi bo‘lmasligi, balki uning maqsadi va mezoni bo‘lib qolishi kerak», — deya ta’kidladi ekspert.

Turkiya Respublikasi Ombudsmani Ertunch Erkan Baltaning fikriga ko‘ra, xalqaro monitoring va hisobot mexanizmlari doirasida ishlab chiqiladigan xulosa va tavsiyalarning yetarli darajada amalga oshirilmasligi eng jiddiy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Shunday ekan, Notiq, shuningdek, aniqlangan muammolar haqida jamoatchilik xabardorligini oshirish zarurligiga e’tiborni qaratdi. Uning fikricha, bu davlatlar va xalqaro tashkilotlarning inson huquqlariga rioya etish masalalariga yanada mas’uliyatli va xolisona yondashishiga xizmat qilishi mumkin.

Dasturga muvofiq, Forumning birinchi kuni Toshkentda 2 ta yalpi majlis va 7 ta parallel sessiya bo‘lib o‘tdi, ularda 100 dan ortiq ma’ruzachi oflayn va onlayn tarzda so‘zga chiqdi. Samarqanddagi ikkinchi kunning asosiy voqeasi Forumning yakuniy hujjati – «Samarqand tasavvuri – 2040: inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror taraqqiyot yo‘lidagi global hamkorlik» nomli yakuniy hujjatni muhokama qilish va qabul qilishga bag‘ishlangan yakuniy yalpi majlis bo‘ldi.

Beshinchi Samarqand forumida bildirilgan fikrlar, qabul qilingan taklif va tavsiyalar, shuningdek, «Samarqand tasavvuri – 2040»ning umumiy maqsad va vazifalari inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Forum ishtirokchilari inson huquqlari sohasidagi «Samarqand ruhi», ya’ni ochiq muloqot, o‘zaro hurmat, birdamlik, tajriba almashish va umumiy yechimlarni birgalikda izlash ruhi bundan buyon ham inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlikka xizmat qilishini ta’kidladilar.

Forum Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, YEXHT, Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi, Xalqaro taraqqiyot va adolat markazi hamda boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etildi.

«Xalq so‘zi» gazetasining-2026-yil 3-oktyabr kungi 206 (9377)-soni

Nashr sanasi 05.10.2026 Ko'rishlar 58
Ulashish