Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

INSON HUQUQLARI BO‘YICHA YANGI O‘ZBEKISTON SIYOSATI BUTUN JAHON E’TIROFIDA

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 30-yilligiga

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev keyingi o‘n yilda mamlakatimizda inson qadri va inson huquqlari ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan izchil tashabbuslarni ilgari surdi. Davlatimiz rahbari, jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining mustaqilligini oshirish, vakolatlarini kengaytirish va davlat siyosatidagi munosib o‘rnini ta’minlash, shuningdek, xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratmoqda.

Joriy yil 31-oktyabrda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashkil topganiga roppa-rosa 30-yil to‘ladi. Milliy markaz direktori akademik Akmal SAIDOV bilan suhbatimiz ayni shu mavzuga bag‘ishlandi.

–             Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, himoya qilish va ilgari surish borasida davlat siyosatining yagona tizimini shakllantirishga ko‘maklashuvchi milliy institut sifatida O‘zbekiston Prezidentining 1996-yil 31-oktyabrdagi Farmoni asosida tashkil topgan, – dedi A. Saidov. – Milliy markaz BMT Inson huquqlari bo‘yicha Ikkinchi Butunjahon konferensiyasi (Vena, 1993-yil) tavsiyalariga hamda Parij tamoyillariga muvofiq tashkil etilgan.

O‘z navbatida, 1997-yil 5-mart kuni Milliy markazning tantanali ochilishi bo‘ldi. Shu kundan boshlab u milliy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik, demokratlashtirish hamda inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.

O‘tgan davr mobaynida Milliy markaz o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishlari doirasida inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishga izchil ko‘maklashib kelmoqda. Bunda, xususan, O‘zbekistonning xalqaro shartnomalar bo‘yicha davriy ma’ruzalarini tayyorlash, inson huquqlariga rioya etilishi ustidan milliy monitoring olib borish, qonunchilikni takomillashtirishda ishtirok etish, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, ilmiy-ma’rifiy va nashriyot faoliyatini yuritish masalalari alohida ahamiyatga ega.

–             Milliy markazning 30-yillik faoliyati solnomasiga muxtasar nazar solish mumkinmi?

 

– Istiqlol yillarida Milliy markaz mamlakatning inson huquqlari va erkinliklari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarini bajarish borasidagi strategik yo‘nalishlarni belgilovchi yagona davlat institutiga aylandi. Binobarin, bunday vazifa boshqa hech qanday davlat organiga yuklanmagan edi.

Milliy markazning boshqa milliy institutlardan farqi shundaki, uning faoliyati nafaqat mamlakat ichidagi, balki O‘zbekistondan tashqaridagi aloqalarni ham qamrab oladi: u Hukumatga xalqaro majburiyatlarni bajarishda ko‘maklashadi, xalqaro institutlar bilan hamkorlikni mustahkamlaydi va rivojlantiradi, xalqaro hamjamiyatni mamlakatdagi inson huquqlari holati haqida xabardor qiladi.

Eng muhimi, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 7-fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan 2017–2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi va «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» davlat dasturi Milliy markaz faoliyatida yangi bosqichni boshlab berdi.

O‘ttiz yildan ortiq davr mobaynida — 1996-yildan 2026-yilgacha — Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi mamlakatning inson huquqlari sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirishga ko‘maklashuvchi yetakchi milliy institut sifatida shakllandi va mustahkamlandi. Ushbu davr mobaynida Milliy markaz faoliyatining bir qator muhim natijalarini ajratib ko‘rsatish mumkin.

Birinchi muhim natija – institutsional mustahkamlanish. Milliy markaz 2008, 2013 va 2018-yillardagi davlat qarorlari orqali moddiy-texnik, kadrlar va resurs salohiyati jihatidan izchil mustahkamlanib bordi, 2023-yilda esa uning maqomi jahonda ilk bor konstitutsiyaviy darajada mustahkamlandi.

Xususan, bu boradagi eng muhim qonunchilik yangiliklaridan biri Prezidentimiz 2018-yil 10-dekabrda qabul qilgan «Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qaror bo‘ldi. Bu qaror Milliy markazning huquqiy asosini mustahkamlashga hamda xalqaro majburiyatlarni bajarishdagi rolini yanada kuchaytirishga xizmat qildi.

O‘z navbatida, Prezidentimizning 2020-yil 22-iyundagi Farmoni bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi va Milliy strategiyani amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi», shuningdek, BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini ko‘rib chiqish yuzasidan davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlik tartibi to‘g‘risidagi Nizom ham tasdiqlandi.

Ikkinchi muhim natija – xalqaro majburiyatlar ijrosi. Milliy markaz BMTning asosiy inson huquqlari shartnomalari bo‘yicha o‘nlab davriy ma’ruzalarni tayyorlashda, shuningdek Nogironlar huquqlari, ayollar va bolalar huquqlari konvensiyalari, Iqtisodiy-ijtimoiy-madaniy huquqlar pakti kabi yo‘nalishlarda milliy harakatlar rejalarining ijrosini monitoring qilishda faol ishtirok etdi.

Binobarin, Milliy markaz inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga muvofiq BMTning ustav va shartnomaviy organlariga milliy ma’ruzalarni tayyorlash va taqdim etish bo‘yicha asosiy ijrochi hisoblanadi. Bugungi kunga qadar 52 ta ma’ruza taqdim etilgan.

Uchinchi muhim natija – qonunchilikni takomillashtirish. Milliy markaz 1996–2025-yillar mobaynida 300 dan ortiq qonun loyihasining inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarga muvofiqligini ekspertiza qildi. Qonunchilikni xalqaro shartnomalar bilan takomillashtirish bo‘yicha 400 ga yaqin taklif berib, 60 ta qonun hujjatining qabul qilinishida tashabbus ko‘rsatdi. Davlat organlarining so‘rovlari bo‘yicha 1 mingdan ortiq tahliliy material va ma’lumotnomalar tayyorladi.

Milliy markaz tomonidan ham bevosita normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqildi. Jumladan, 2023–2024-yillarda Ombudsman, Bolalar ombudsmani, zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimi va Tadbirkorlik kodeksi kabi muhim qonunlar qabul qilinishida ishtirok etdi.

To‘rtinchi muhim natija – xalqaro mavqening yuksalishi. O‘zbekiston o‘z tarixida birinchi marta 2024–2025-yillarda BMTning EKOSOS, Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi va XMT Ma’muriy kengashi kabi nufuzli tuzilmalarga saylandi. Bularning barchasi, shubhasiz, Milliy markaz va mamlakatning inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlik natijalarining amaliy ko‘rsatkichi bo‘ldi.

Xususan, 2021-yilda O‘zbekiston tarixida birinchi marta BMT Inson huquqlari kengashi a’zoligiga saylandi, Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu Kengashning 46-sessiyasida ayollar rolini oshirish, yoshlar huquqlari konvensiyasi, qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm kabi bir qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Xalqaro maydonda O‘zbekiston BMT Inson huquqlari kengashi a’zosi sifatida faol ishtirok etdi. Buni 2023-yil 13–15-mart kunlari BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk mamlakatimizga rasmiy tashrif buyurib, bolalar va majburiy mehnatga barham berish borasidagi yutuqlarni yuqori baholagani ham yaqqol tasdiqlaydi.

O‘z navbatida, 2024-yilga kelib xalqaro maydonda mamlakatimiz nufuzi keskin oshdi: iyunda tarixda birinchi marta BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (EKOSOS) a’zoligiga 185 davlat ovozi bilan saylandi; 7-iyunda Jenevada Xalqaro mehnat konferensiyasining 112-sessiyasida O‘zbekiston Yevropa hududidan eng ko‘p ovoz to‘plab, XMT Ma’muriy kengashi a’zoligiga; 29-mayda esa Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi paktning 40-sessiyasida O‘zbekiston vakili birinchi marta BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zoligiga saylandi.

Beshinchi muhim natija – aholi huquqiy madaniyatining yuksalishi. O‘tgan davrda Milliy markaz «Inson huquqlari uyi», «Demokratlashtirish va inson huquqlari» hamda «Ijtimoiy fikr. Inson huquqlari» jurnallari, shuningdek, davlat organlari xodimlari uchun muntazam malaka oshirish dasturlari orqali jamiyatda inson huquqlari madaniyatini qaror toptirish ishiga munosib hissa qo‘shdi.

Bu borada 3 ta muhim raqamga e’tiboringizni qaratish bilan kifoyalanaman: 1996-yildan – 2026-yilning birinchi yarmigacha, ya’ni qariyb 30-yil ichida Milliy markaz tomonidan:

  • 4 mingdan ortiq xalqaro darajadagi va respublika miqyosidagi konferensiya, seminar, davra suhbati, monitoring tashrifi, o‘quv kursi va turli uchrashuvlar  o‘tkazilgan;

  • 40 dan ortiq tashkilot va muassasalar bilan hamkorlik memorandumlari imzolanib, ularda belgilangan dolzarb vazifalar izchillik bilan bajarilgan;

  • Jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 37 ming 700 ta murojaat ko‘rib chiqilgan.

 

–             Yangi O‘zbekiston sharoitida Milliy markaz qay darajada yangilandi, qanday tashabbuslar tufayli  nechog‘lik natijalarga erishildi?

 

–             Yangi O‘zbekiston islohotlari davrida Milliy markazning yangilanishi, dastavval, uning institutsional maqomi va mustaqilligi yanada oshirilishi misolida yaqqol namoyon bo‘ldi. Gap shundaki, Prezidentimizning 2018-yil 10-dekabrdagi  qaroriga muvofiq, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazning maqomi tubdan yuksaldi.

Qarorda Milliy markaz o‘z vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlaridan, shuningdek, mansabdor shaxslardan mustaqil ravishda amalga oshirishi qat’iy belgilab qo‘yildi. Davlatimiz rahbari Milliy markaz direktorining maqomini vazir darajasiga tenglashtirdi va uni bevosita Prezident tomonidan tayinlanishi tartibini joriy etdi.

Bugungi kunda Milliy markaz har yili mamlakatdagi inson huquqlari va xalqaro majburiyatlarning bajarilishi holati to‘g‘risida bevosita O‘zbekiston Prezidentiga va Oliy Majlis palatalariga axborot taqdim etib bormoqda.

Prezidentimiz o‘z chiqishlarida O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishda Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazning muvofiqlashtiruvchilik rolini doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlab keladi. Aynan Millat Sardorining tashabbusi va tegishli Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya doirasida Milliy markaz zimmasiga qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish va monitoring tizimini takomillashtirish kabi strategik vazifalar yuklatilgan bo‘lib, ular muvaffaqiyat bilan bajarildi.

Birgina misol: davlat rahbarining tashabbusi bilan Milliy markaz tarkibida yangi tuzilma — Inson huquqlari bo‘yicha axborot-kutubxona markazi — «Inson huquqlari uyi» tashkil etildi. Ushbu markaz oldiga inson huquqlari sohasidagi amalga oshirilayotgan islohotlar xronologiyasini yuritish hamda tizimlashgan ilmiy-huquqiy manbalarni fuqarolar va tadqiqotchilar uchun keng ochib berish vazifasi qo‘yilgan.

E’tibor bering: Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumining kelib chiqish tarixi uning tashabbuskori ham shaxsan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ekanligini yaqqol tasdiqlab turibdi. Ayni shu muhim tashabbus asosida Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi eng dolzarb muammolarga bag‘ishlangan Samarqand forumlarini o‘tkazish izchil, xayrli va samarador an’anaga aylangani har qancha tahsinga sazovor.

Joriy yilda Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumi o‘tkazildi. An’anaviy tarzda har ikki yilda o‘tkazib kelinayotgan ushbu xalqaro anjuman qisqa vaqt ichida inson huquqlarining turli sohalariga taalluqli dolzarb masalalarni muhokama etish va samarador yechimlar topish borasida dunyo miqyosida kam uchraydigan noyob, qulay va o‘ziga xos muloqot maydoniga aylandi.

 

– Beshinchi Samarqand forumining yubiley majlisida ham Milliy markazning faoliyati haqida so‘z yuritildi, shunday emasmi?

 

– Forumning yubiley majlisi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 30-yilligiga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar «Xalqaro majburiyatlardan – samarali amalga oshirish sari: inson huquqlari sohasida milliy implementatsiya mexanizmlarining roli» mavzusi doirasida batafsil fikr yuritdilar.

Xususan, YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori Maria Telalian o‘z murojaatida inson huquqlarini samarali himoya qilish hamda xalqaro majburiyatlarni amaliyotga tatbiq etishda kuchli va mustaqil milliy inson huquqlari institutlarining o‘rni muhimligini ta’kidladi. Bunda jamiyatning davlat va inson huquqlari institutlariga bo‘lgan ishonchiga alohida e’tibor qaratdi.

YEXHT vakili, shuningdek, mustaqil milliy inson huquqlari institutlari inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar bilan ularning milliy darajadagi ijrosi o‘rtasida, shuningdek, fuqarolar bilan davlat institutlari o‘rtasida bog‘lovchi bo‘g‘in vazifasini o‘tay olishini qayd etdi.

Milliy inson huquqlari institutlari global alyansi raisi, Marokash Inson huquqlari milliy kengashi prezidenti Amina Buayach xalqaro majburiyatlarni amalga oshirishda inson huquqlari bo‘yicha milliy muassasalarning muhim rolini hamda ularning mustaqilligi, fuqarolik jamiyati va huquq egalarining ishtiroki zarurligini ta’kidladi. U Inson huquqlari bo‘yicha milliy muassasalar samaradorligini, avvalo, insonlar hayotidagi real o‘zgarishlar bo‘yicha baholashni taklif etdi.

Turkiya Inson huquqlari va tenglik instituti prezidenti Vasip Shahin mavjud xalqaro standartlarni samarali amalga oshirish va ularni milliy hamda mahalliy darajada inson huquqlarining haqiqiy kafolatlariga aylantirish zarurligini ta’kidladi. Kamsitishga qarshi kurashish, qiynoqlarning oldini olish va ozodlikdan mahrum etish joylari monitoringini olib borishda inson huquqlari bo‘yicha milliy muassasalarning roliga alohida e’tibor qaratdi.

Rossiya Federatsiyasida Inson huquqlari bo‘yicha vakil Yana Lantratova inson huquqlarini himoya qilish milliy tizimi tajribasini taqdim etar ekan, inson huquqlarining universal xususiyatini xalqlar tarixi va an’analarini hisobga olgan holda uyg‘unlashtirish zarurligini ta’kidladi. Bolali oilalar, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni himoya qilish, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha milliy muassasalar o‘rtasida tajriba almashish muhimligini qayd etdi.

O‘z navbatida, «UPR Info» xalqaro nohukumat tashkiloti Ijroiya kengashi raisi Janni Magazzeni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining xalqaro mexanizmlar tavsiyalarini bajarishga doir integratsiyalashgan yondashuvni rivojlantirishga qo‘shgan hissasini e’tirof etdi.

Shunday qilib, Beshinchi Samarqand forumi ishtirokchilari qayd etganlaridek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi o‘tgan o‘ttiz yil mobaynida inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni ilgari surish, O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlari bajarilishini ta’minlash, BMTning inson huquqlari bo‘yicha tizimlari bilan hamkorlikni mustahkamlash hamda inson huquqlari sohasidagi ta’lim, tadqiqot va institutsional rivojlanish masalalarida yetakchi o‘rin tutib kelmoqda.

Milliy markazning ushbu yubiley sanasi misolida, Forum ishtirokchilari fikricha, milliy institutlar hamda Ijro etish, hisobot berish va monitoring bo‘yicha milliy mexanizmlarning xalqaro majburiyatlarni amaliyotga samarali tatbiq etishdagi o‘rni va rolini baholash uchun keng imkoniyat tug‘ildi.

 

– Konstitutsiyaviy islohotlar va Milliy markaz faoliyati mavzusiga ham to‘xtalsangiz.

 

– Prezidentimizning 2022-yil 28-yanvardagi Farmoni bilan «2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi» qabul qilinishi asnosida mamlakatimizda Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha umumxalq muhokamasi boshlandi. Milliy markaz loyihaning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa xalqaro shartnomalarga muvofiqligi yuzasidan rasmiy xulosa taqdim etdi, shuningdek BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, YUNISEF, YUNESKO va EXHTning takliflarini muvofiqlashtirdi.

O‘zbekiston konstitutsiyaviy taraqqiyotida 2023-yil 30-aprel burilish nuqtasi bo‘ldi, binobarin, ayni shu sanada o‘tkazilgan umumxalq referendumida yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilindi. Konstitutsiya 65 foiz yangilanib, inson huquqlariga oid normalar soni uch baravar ko‘paydi va 50 dan ortiq moddani tashkil etdi.

Ayollar, bolalar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilishga hamda ijtimoiy adolat tamoyillariga konstitutsiyaviy maqom berildi. Konstitutsiyamizda Miranda qoidalari, «Habeas corpus» va pro bono (bepul yuridik yordam) institutlari o‘z aksini topdi.

 Asosiy qonunda «o‘lim jazosi taqiqlanadi» degan norma belgilanib, u Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning Ikkinchi fakultativ protokoliga to‘liq muvofiqlashtirilgani ulkan ahamiyatga molik voqea bo‘ldi. Shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar to‘g‘risida alohida modda kiritildi, natijada O‘zbekiston dunyoda birinchilardan bo‘lib bu institutlarning maqomini konstitutsiyaviy darajada mustahkamladi.

Ayni vaqtda «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi ijrosi doirasida Milliy markaz tomonidan «Inson huquqlari — 2030» strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi va loyiha o‘rnatilgan tartibda muhokamalardan o‘tkazilmoqda. Bu hujjat inson huquqlarini ta’minlash, himoya qilish va ilgari surish sohasidagi ustuvor maqsad va vazifalarni o‘rta hamda uzoq muddatli istiqbolda belgilab beruvchi strategik asos vazifasini o‘taydi.

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martdagi «O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida respublika miqyosida profilaktika inspektorlari uchun seminar-treninglar o‘tkazildi. Ushbu treninglar joriy yilning o‘tgan davrida barcha viloyatlarda «Inson huquqlari: xalqaro standartlar va milliy qonunchilik» o‘quv moduli asosida tashkil etilib, jami 5200 nafardan ortiq tinglovchini qamrab oldi.

Muxtasar aytganda, keyingi o‘n yilda Yangi O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi siyosati butun jahonda e’tirof etilayotgani bejiz emas. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Hech kimning unutishga haqqi yo‘q – qonun talablari va inson huquqlari – biz uchun oliy qadriyat ”.

 

O‘z muxbirimiz suhbatlashdi

“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2026-yil 17-oktyabr kungi 215 (1814)-soni

Nashr sanasi 19.10.2026 Ko'rishlar 56
Ulashish